Tutun bilan ovora boʻlib, asosiy olov xabarlar chetda qolmasin — Sherzod Shermatov

    AKT vaziri Sherzod Shermatov oʻzining telegram sahifasida muhokamalarga sabab boʻlgan “IT-Parkdagi sodir boʻlgan yongʻin” mavzusi yuzasidan munosabat bildirdi.

    "IT Park kompleksida quruvchilarimiz oxiriga yetkazayotgan binoning tepasida ozgina penopleks tutatib yuborishgan ekan, juda koʻp odamlar va OAVlar shuni muhokama qilishdi. Lekin asosiy Olov xabarlarimiz haqida hali koʻpchilikka yetkazib berishga qiynalyapmiz.

    Bu yil jahonda iqtisodiy oʻsishdagi qiyinchiliklar kuzatilayotgan vaqtda, aynan bizning IT Park rezidentlari yil boshidan shu kungacha deyarli 2 barobarga ortdi.

    Eng asosiysi, eksporter korxonalar soni deyarli 3 barobar ortdi, xorijiy korxonalar ishtirokidagi rezidentlar soni esa 6 barobarga ortdi! Yaʼni yil boshida davlatimiz rahbari tomonidan Oʻzbekistonni IT xabga aylantirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalarining amaliy natijalarini bu yil yakunlanmasdanoq koʻrishga imkon boʻlayapti va kelgusi yillar uchun yaxshi poydevor yaratilmoqda.

    Bu degani, yoshlarimiz, internetdagi vaqtlarini koʻproq chet tili va axborot texnologiyalarini oʻrganishga sarflaganlari maʼqulroq, bekorga birovni gʻiybat qilgandan koʻra. Shunda ular ushbu eksporter korxonalarda yuqori maoshli ishlarga qabul qilinishlari mumkin boʻladi.

    Hatto chet elliklar avvalgi “Tashkent - gorod xlebnыy” degan gapni, “Tashkent - gorod aytishniy” degan maqolalar yozib Oʻzbekistonni IT xabga aylanayotganini muhokama qilishmoqda. https://bit.ly/3Xt51Tx

    Zora, shu bugungi tutun haqidagi xabarlar orqali yoshlarimiz oʻzi nima ekan bu IT Park, qanday qilsam men ham yuqori daromadli ish topar ekanman, deb oʻzlariga savol berib, sohamizga qiziqsalar va oʻz ustilarida ishlashni boshlasalar hamda koʻproq xalqaro tan olinadigan IT sertifikatlarni olsalar: https://it-istedod.uz/uz