Tadbirni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berar ekan, bugun yoshlarning adabiyotga muhabbatini oshirishda zarur boʻlgan maʼnaviy va moddiy omillar xususida soʻz yuritdi. Shuningdek, taqdimot marosimida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻrozboy Abdurahmonov, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Ibrohim Gʻofurov, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir Eshqobil Shukur, filologiya fanlari doktori Nurboy Jabborov soʻzga chiqib, mualliflarni yangi kitoblar bilan tabriklab, oʻz fikrlarini bayon etdi.

“Ogʻabiy” – doʻstlik tuhfasi

Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Kengisboy Karimovning tarixiy mavzudagi ushbu roman-dilogiyasi ikki kitobdan iborat boʻlib, birinchi kitob “Koʻch”, ikkinchi kitob “Ota yurt”. Birinchi kitob – “Koʻch”ni oʻtgan yillar davomida qoraqalpoq tilidan oʻzbek tiliga oʻgirib, 2013-yil Nukusdagi “Bilim” nashriyotida chop etilgan. 2020-yilda esa Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan asar yaxlit kitob holida nashr qilindi.

Rustam Musurmon, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, tarjimon:

– Shu paytgacha Orolboʻyida yashayotgan matonatli xalqning yana bir jasur yoʻlboshchisi Ogʻabiy haqida shu paytgacha biron asar bitilmagan edi. Asarda XIX asr qoraqalpoq xalqi hayotidan lavhalar badiiy tasvirlangan. Bosh qahramon – Erejeb Qulchi biy oʻgʻli Ogʻabiy tarixiy shaxs boʻlib, oʻz xalqining erkin va ozod hayoti uchun goho qoʻshnilar bilan diplomatik munosabatlar olib borgan, goho jangu jadallarda ot surgan. Uning nomi qoraqalpoq xalqi yuragida bahodir va donishmand yoʻlboshchi sifatida abadiy qolgan. “Koʻch” – bizning turkiy tilimiz xazinasida mazmuni olmosdek jilolanib turadigan koʻp maʼnoli soʻzlardan biri. U ot va feʼl soʻz turkumlarining turli maʼnolarini ifodalaydi. Koʻch tarixda el-yurti va mol-holi uchun cheksiz va bepoyon dashtlarda qulay va xavfsiz manzilu makon izlab, bola-chaqasiyu ahli ayoli, navkarlariyu choʻponlari, oʻtovlariyu qora uylari, tuyalariyu tulporlari, qoʻy-qoʻzilari, sodiq va vafodor itlari bilan goh yozlovdan qishlovga, goh qishlovdan yozlovga chuvab koʻchib yurgan koʻchmanchi halq hayotida juda teran ahamiyatga ega nom va harakatdir.

Koʻch degani yoʻlga chiqish, safarga otlanish deganidir. U baʼzan karvon degan soʻzga ham uyqash. Lekin koʻch karvondan koʻra katta. Karvon – maʼlum bir yoʻlovchilar yoki savdogarlar toifasining bir yurtdan boshqa yurtga yoʻl olgan yuk ortilgan tuyalar, otlar, aravalar safi boʻlsa, koʻch – bir elning butun borligʻi, mol-dunyosi, aholisidir. “Kambagʻal boʻlsang, koʻchib koʻr” deganlaridek, koʻch va koʻchishning juda koʻp sinovlari va mashaqqatlari mavjud. Olis yoʻlda koʻchni turli balo qazolardan, ofatu tahdidlardan omon-eson olib oʻtish, koʻzlangan manzilga toʻrt koʻz tugal yetkazish uchun xalqqa dono, uzoqni koʻradigan, qiyinchiliklar va xavf-xatardan qoʻrqmaydigan botir va kurashchan yoʻlboshchi kerak...

 

Inson ruhoniyati jilvalari

Hassos shoirimiz Hamid Olimjon:

Odamlardan tinglab hikoya,

Oʻsar edi shoirda gʻoya”, – deb yozganda mutlaqo haq edi.

Taniqli adib Xayriddin Sultonning “Odamlardan tinglab hikoya” kitobi oʻttiz bitta yangi hikoyadan iborat. Kitob Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adabiyot” nashriyotida yangi “Nasr gulshani” ruknida ilk kitob sifatida 5000 nusxada chop etildi. Toʻplamga kiritilgan hayotnomalarni muallif toʻqib chiqargan emas, u faqat odamlardan eshitgan va bor holida qogʻozga tushirgan, xolos. Har bir qahramon taqdirida shundoq yonimizda yashayotgan turli insonlarning tarixi va qismati, baxtiyu baxtsizligi, quvonch va qaygʻusi oʻzining badiiy ifodasini topgan.

Kitobdagi hikoyalar monolog tarzida yozilgan, yaʼni ularning har biri faqat bir kishining aytganidan iborat. Masalan, “Omad” hikoyasini mashhur ulamo Anvar qori Tursunov, “Otamning aytganini qilishim kerak”ni shoir Orif Odilxonov, “Har ish boʻlsa – Xudodan” hikoyasini maʼnaviyat fidoyisi Zokirjon Mashrabov, “Odam boʻlgan odam”ni harbiy vrach Zikrilla Egamberdiyev singari real shaxslar soʻzlab bergan, deb naql qilinadi.

“Monolog”, “Birinchi million”, “Otabekning janozasi”, “Ikki karra qahramon”, “Millatchining jazosi”, “Bir umrning uch fasli” hikoyalaridagi quyma, yombi xarakterli badiiy siymolar ham qaysi bir jihatlari bilan hayotda oʻzingiz koʻrgan, uchratgan, suhbatidan bahramand boʻlgan insonlarni yodingizga soladi.

Ibrohim Gʻafurov, adabiyotshunos olim:

– Men kitobda jamlangan 31 hikoyani 31 soatda oʻqib tugatdim. Asarda inson ruhoniyatiga urgʻu berilgan, mustaqillikdan avvalgi va keyingi davrni oʻquvchi koʻz oldida tasmaday oʻtqazadi. Yozuvchi 31 hikoyasida ham qahramonlarga soʻz beradi. Shu jihat bilan ham asar oʻziga xos. Toʻplamdagi birinchi asar – “Omad” hikoyasi “Bismillohir rahmonir rahim”, degan tabarruk kalom bilan boshlanadi va u goʻyoki butun kitobning mazmun-mundarijasini belgilab beradi. Oʻttiz bitta hikoyada bir-birini takrorlamaydigan, bir-biriga oʻxshamaydigan yorqin xarakterlar, qahramonlarning ichki dunyosi, qalb tugʻyonlari ularning bevosita oʻz tili, oʻz nutqi orqali ochib beriladi. Bu esa yozuvchining bir qarashda juda oddiy, sodda boʻlib tuyuladigan, ammo aslida nihoyatda murakkab bir ijodiy uslubni tanlab ish koʻrganidan dalolat beradi. Yozuvchi kuzatuvchi, kuzatgan narsalarni ifodalashga intiladi. Yozuvchi Hariddin Sultonov sinchkov kuzatuvchi va nozik ifodalovchi ijodkor sifatida yaxshi asarlar yaratgan.

 

Yer sayyorasidan “Sheʼr sayyorasi”gacha

Shoir qanotiga oʻt ketgan qushdir,

Unga don koʻrsatmang, bering osmonni.

To yonib boʻlguncha yorishsin olam,

Toki kuydirmasin kuygan jahonni.

Shoir Shodmonqul Salomning “Sheʼr sayyorasi” kitobi ushbu toʻrtlik bilan boshlanar ekan, oʻqirmanni shunday yeru samo oraligʻidagi sirlarga chorlaydi, oʻziga oshno etadi, deb oʻylaymiz.

Eshqobil Shukur, shoir:

– Yer sharidagi milliardlab yurakning ayrimlarigagina sheʼr mehmon boʻladi. Birinchi tabiat hodisasida taqdir bizni tosh yomgʻiridan asrasa, ikkinchisida ham, shubhasiz, Xudoning mehribonligi bor. Shoirning yangi kitobiga 200 ortiq saralangan sheʼri kiritilgan. Shodmonqul Salom satrlari quyma, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Qofiya qidirgan shoir shoir emas. “Sheʼr sayyorasi” toʻplamidagi har bir sheʼr bir nafasda yozilgan. Tuygʻular tasviri, ohang jaranggi hammasi tirik va samimiy. Ruh yangi boʻlsa shakl ham yangi boʻladi, ruh yangilandimi shoir ham yangilanadi. Kitob muallifi satrlari bilan oʻquvchiga ana shunday yangi nafasni baxsh etadi.

Yulduz Oʻrmonova,

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori