Jizzaxda “Uch-quloch” koni oʻz faoliyatini boshladi

    2023-yil 12-aprel kuni “Uch-Quloch polimetall konini kompleks oʻzlashtirish” investitsiyaviy loyihasining amalga oshirilishiga start berildi.

    Uning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar bu kabi yirik loyihalar yurtimizning polimetall rudalarini qazib olish va konchilik salohiyatidan unumli foydalanish, xomashyo va tayyor mahsulot ishlab chiqarib, eksport qilish quvvatlarini oshirishga qaratilganligini ta’kidlashdi.

    Mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Turkiyaning “Esan Eczacibaşi” kompaniyasi o‘rtasida 3 tomonlama shartnoma tuzilgan bo‘lib, qo‘shma korxona tashkil etiladi. Konda razvedka ishlarini olib borish, rudani qazib olish va qayta ishlash amalga oshiriladi.

    Kondan yiliga ochiq usulda 500 ming tonna polimetall ruda qazib olinadi.

    Shuningdek, loyiha doirasida yiliga 500 ming tonna rudani qayta ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy boyitish fabrikasi quriladi.

    Boyitish fabrikasida yiliga 5,4 ming tonna rux konsentrati hamda 18,4 ming tonna qo‘rg‘oshin konsentrati olinadi.

    Loyiha bo‘yicha mavjud maydalangan rudalar ombori bilan maydalash-ortish uzeli to‘liq ta’mirlanadi. Tashqi muhandislik kommunikasiyalari barpo etiladi. Avtomobil va temiryo‘llarda rekonstruksiya ishlari olib boriladi.

    Ma’lumot uchun: hozirgi kunda jahon bozorida 1 tonna qo‘rg‘oshinning narxi 2 128 dollar, ruxning tonnasi esa - 2 810,50 dollarni tashkil etadi.