Tashqi bozordagi kuchli raqobat, logistikadagi qiyinchiliklarga qaramasdan, bu yil eksportni 30 milliard dollardan oshirish zarurligi qayd etildi.
Oʻzimizda xom ashyosi boʻlgan toʻqimachilik, elektrotexnika kabi “drayver” tarmoqlarda bor imkoniyat toʻliq ishga solinmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Kreativ yondashuvlardan foydalanib, bu tarmoqlar eksportini 2-3 karra oshirish imkoniyati borligi taʼkidlandi.
Shu bois, bu ikkita drayver tarmoqni rivojlantirish, eksportga ishlayotgan korxonalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash katta qaror loyihasi tayyorlandi.
Xususan, eksportchilarning aylanma mablagʻ bilan taʼminlash uchun alohida Faktoring tashkiloti ochilib, unga 100 million dollar ajratiladi. Korxonalarning xalqaro sertifikat talablariga moslashish xarajatlarining 20 ming dollargacha qismi qoplab beriladi.
Rivojlanish va tadqiqot markazlari uchun olib kelinadigan laboratoriya jihozlari bojxona bojlaridan ozod qilinadi. Xalqaro marketpleyslar orqali mahalliy mahsulotlarni ilgari surish uchun 2 million dollar yoʻnaltiriladi.
Mutasaddilarga har bir tarmoqning tashqi bozorlardagi imkoniyatini tahlil qilib, uch yillik eksport strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.