Uchkoʻprik tumanida yiliga 500 ming juft poyabzal ishlab chiqaradigan qoʻshma korxona ish boshladi

    Sanoat 27 Sentabr 2021 964

    Uchkoʻprik tumanida “Bars expo trade” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi qoʻshma korxona oʻz faoliyatini boshladi.

    “Qoʻqon” EIZ hududida tashkil etilgan ushbu korxonaning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimining oʻrinbosari – viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Iqboljon Ergashev, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisining oʻrinbosari Adhamjon Moʻydinov, tuman hokimligi va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Ramziy tasma qirqilib, mehmonlar yiliga 500 ming juft poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan korxonadagi shart-sharoitlar va ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar.

    Qayd etilishicha, yangi korxona qurilishi va jihozlanishiga 1 million 200 ming dollar mablagʻ sarflangan. Bu yerda asosan maxsus ishchi poyabzallari, erkaklar va bolalar oyoq kiyimlari ishlab chiqarilib, mahsulotlar toʻliq xorijga eksport qilinadi.

    Rossiyaning ilgʻor texnologiyalari bilan jihozlangan korxonada 15 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan. Korxona ishga tushirilishi natijasida 95 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

    Korxona rahbari Bobur Tolipovning taʼkidlashicha, hozirda rossiyalik hamkorlar bilan 5 million dollarlik mahsulot yetkazib berish yuzasidan eksport shartnomasi tuzilgan.