“Tamaddun” nashriyotida adabiyotshunos olimlar Muslihiddin Muhiddinovning “Koʻngil hayratlari”, Olimjon Davlatovning “Maʼnolar xazinasi”, Zuhriddin Isomiddinovning “Shavqi Navo”, Akrom Malikning “Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonining nasriy bayoniga sharhlar” kitoblari shular jumlasidandir. Shuningdek, “Fan va texnologiyalar” nashriyot-matbaa uyi tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madraimovning “Alisher Navoiy badiiy asarlarining XV–XVI asrlardagi qoʻlyozmalari” deb nomlangan kitobini ham qimmatli manbaa sifatida taqdim qildi.
Yosh tadqiqotchilar yangi davrga qadam qoʻyishmoqda
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtkaziladigan yangi kitoblar taqdimotiga shoshilar ekanmiz, moʻjazgina davrada yoshlar koʻpchilik ekanidan xursand boʻldik. Demak, bugungi avlod oʻzligimizning teran ildizlariga, mumtoz adabiyotimizning bebaho tilsimotlariga qaytmoqda. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi masʼul xodimi Muhiddin Omon tadbirni ochar ekan, shunday dedi:
– Alisher Navoiy tavalludining 580-yillik toʻyiga yurtimiz nashriyotlarida 30 dan ortiq nomdagi kitoblar nashr etildi. Bu asarlar qirgʻiz, qozoq, ingliz va nemis tillariga ham tarjima qilinib, koʻp nusxalarda oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi. Alisher Navoiy shunday zakiy zotki, uning ijodini targʻib etish noshirlar uchun hamisha bosh vazifa, sharafli masʼuliyat boʻlib qolaveradi. Hozirgi kunda navoiyshunoslik yangi bosqichga qadam qoʻydi. Navoiy ijodi mustabid tuzum davrida siyosatga moslashtirib oʻrganildi, yaʼni tasavvufga oid asarlari notoʻgʻri talqin qilindi yoki voz kechildi. Bugun navoiyshunoslikda ilgari mumkin boʻlmagan koʻplab jihatlar oʻrganilmoqda, mavzular xolislik bilan yoritilyapti. Yangi avlod olimlari ilm-fanda nomaʼlum boʻlgan jihatlarni astoydil ochishga harakat qilyapti.
Taʼkidlanishicha, kelgusida buyuk allomalarimiz yashagan davr haqida yozilgan asarlarni ham koʻproq chop etish rejalashtirilgan. Mana, yaqinda taniqli yozuvchi Isajon Sultonning “Navoiy” romani nashr etildi. Sulaymon Haydarning “Kamoliddin Behzod”, Muzaffar Mirzoning Husayn Boyqaro va Navoiy munosabatlari toʻgʻrisidagi “Sham va shamshir” nomli kitoblari dunyo yuzini koʻrdi. Shuningdek, Xurram Rahimov tarjimasidagi “Qaro koʻzim” toʻplami nemis tilida, Begoyim Xolbekova tarjimasidagi Alisher Navoiy asarlari ingliz tilida, “Tanlangan asarlar” qozoq tilida, “Farhod va Shirin” dostonidan namunalar qirgʻiz tilida chop etildi.
Tafakkur olamiga ochqich boʻlguvchi moʻjizalar bor
Navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori Najmiddin Komilov “Jon va jonon mojarosi” nomli maqolasida shunday deydi: “Alisher Navoiyning lirik asarlari jamlangan “Xazoyin ul-maoniy” devonida ikki mingdan ortiq gʻazal bor. Sharq adabiyotida biror shoirga bunchalik koʻp gʻazal yozish nasib qilmagan. Ammo gap faqat sonda emas. Navoiy gʻazallarining har biri daho ijodkorning benazir sanʼati va teran tafakkuridan guvohlik beradigan badiiy durdona, moʻjizadir. Bu lirik miniatyuralarning yaratilganiga besh yarim asrdan oshdi, lekin hamon ruhimiz, shuurimizni hayratga solib, oʻqigan sari yana oʻqigingiz, baytlar qaʼriga joylangan sehrni va sirli maʼnolarni teranroq, toʻlaroq anglab olgingiz keladi”.
Chindan ham mutafakkirning “Maʼnolar olami”ni kashf etganingiz sari hayratingiz oshib boraveradi. Faqat bu olamni anglaydigan qalblar tarbiyasi oson kechadigan jarayon emas.
– “Maʼnolar xazinasi”ni sharhlashda ustozimiz Najmiddin Komilov uslubini qoʻlladik, – deydi adabiyotshunos olim Olimjon Davlatov. – Kitob 10 jilddan iborat boʻlib, unda “Gʻaroyib-us sigʻar” devonidagi 650 ta gʻazal sharhlanadi. Avvalo, har bir bir gʻazalning matni berilgan. Keyin gʻazaldagi tushunilishi qiyin boʻlgan arabiy, forsiy soʻzlar taqdim etilgan. Har bir gʻazalning bayonidan keyin baytma-bayt sharh va iboralar oʻrin olgan. Yaʼni, odamlarning badiiyat olami, taxayyul olamiga kalit boʻladigan, ochqich boʻladigan fikrlar, mulohazalar joylashtirilgan. Mazkur uslub birinchi gʻazaldan tortib oxirgi gʻazalgacha qoʻllaniladi.
Suhbatdoshimizning taʼkidlashicha, birinchi kitob 332 betdan, ikkinchi kitob esa 360 betdan iborat. Kitoblarni Navoiy viloyati hokimiyati moliyalashtirdi va 10 ming nusxada nashr etildi. Kitoblar har bir maktabga bepul tarqatiladi. Yil oxirigacha muxlislar eʼtiboriga yana 10 nomdagi kitob havola etilishi rejalashtirilgan.
Shu oʻrinda, ushbu gʻazallar boshqa tadqiqotchilar tomonidan sharhlanmaganmi, degan savol tugʻilishi mumkin. Olimjon Davlatovning tasdiqlashicha, Alisher Navoiyning 2600 ta gʻazali bor. Shu paytgacha tadqiqotchilar tomonidan 200 taga yaqin gʻazal sharhlangan, xalos. Demak, yana 2400 ta gʻazal oʻz sharhlovchilarini kutib turibdi.
– Bugungi kunda AOKA tizimidagi davlat va xususiy nashriyolarda nafaqat badiiy adabiyotlar va dasrliklar, balki tashabbuslar asosida mumtoz maʼnaviy-ilmiy merosimizni targʻib etuvchi koʻplab ilmiy nashrlar ham dunyo yuzini koʻrmoqda, – deb davom etadi Olimjon Davlatov. – Ilmni, maʼrifatni, maʼnaviyatni qadrlagan millat bir kuni, albatta, yuksak maʼnaviy choʻqqilarni zabt etadi. Prezidentimizning “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori biz, tadqiqotchilarni behad xursand qildi. Qarorda ilmiy-maʼnaviy merosimizni tadqiq etish borasidagi koʻplab muammolarga yechim boʻladigan qator vazifalar belgilangan.
Masʼuliyatsizlik bilan qalam qitirlatgan olim emas...
Akrom Malik Alisher Navoiy ijodiga oid qator maqola, kitob va monografiyalar muallifi. Yosh olimning oʻziga xos qarashlari, mulohazalari va xulosalari navoiyshunoslar va oʻquvchilar oʻrtasida koʻplab bahs- munozaralarga ham sabab boʻlgan. U “Mubohasa. Alisher Navoiy: Ziddiyat va muvofaqat chegarasida” deb nomlangan maqolasida shunday deydi: “...faqiringiz ushbu maqolada turkiy qavmlarning iftixori, nizomi millat va din unvoni sohibi, ismi daxlsiz buyuklar safida sanaladigan shaxs, mutafakkir va faylasuf, Islom shoiri Alisher Navoiy bilan bahsga kirishmoqchiman. Sen kim boʻlibsanki, Alisher Navoiy bilan bahs qilursan, deyishga chogʻlangan oʻquvchilarimiz, shubhasiz, mazkur bitiklarni soʻngiga qadar sabr ila oʻqishlariga toʻgʻri keladi. Bu ularni shoshib qaror chiqarishdek xatodan saqlanishlariga sabab boʻlishi mumkin”.
Ha, Akrom Malik mutafakkir bilan bahsga kirishishdan aslo choʻchimaydigan, bilimi va tafakkuri bilan bemalol dadil soʻz ayta oladigan tadqiqotchi ekani bilan ham hurmatimizni qozongan. Yosh olim oʻz maqolalaridan birida shunday deydi: “Yigirma bir yoshimda Oʻzbekiston Milliy universiteti Oʻzbek filologiyasi fakulteti talabasi boʻldim. Tasavvurimda Alisher Navoiy ulugʻ shaxs edi. Fakultetimizda Alisher Navoiy muxlislari koʻp edi. Botirxon Akramov domla Alisher Navoiy gʻazallarini oʻqib, leksiyalarda yigʻlayverar ekanlar. “Fasohat mulkining sohibqironi” va shu kabi kitoblarida Alisher Navoiyga nisbatan yuksak hurmat bor. Bir katta professor domlamiz Navoiy emas, hazrat Navoiy yoki Alisher Navoiy deb aytinglar, aks holda, bu hurmatsizlikdir degan edi. Shu muhitda besh yil taʼlim oldik, oʻqidik. Feysbukda ham Alisher Navoiy haqida kanda qilmay yozardim. Alishernavoiy.uz degan saytni ochib, yuritardim. Yirik navoiyshunos olimlardan Olimjon Davlatov bir kuni meni chaqirib: “Alisher Navoiy qomusiy lugʻatini tayyorlayapmiz. Sizga vazifa - navoiyshunoslik tadqiqotlari – dissertatsiyalarni oʻqib, har biriga qisqa sharh yozasiz. Biz buni kitobga kiritamiz”, dedi. Keyin ishning shakli bilan tanishtirdi”.
Shundan soʻng yosh tadqiqotchi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasidagi jami 107 ta dissertatsiya bilan tainishib chiqqanligini yozadi. Yoʻl-yoʻlakay Alisher Navoiy haqidagi risolalar, kitoblarni ham mutolaa qilganini taʼkidlaydi. Soʻz yakunida esa afsus bilan shunday tanqidiy mulohaza bildiradi: “Shu tariqa navoiyshunoslik deb nomlangan sohaning umumiy sathi haqida tasavvurga ega boʻldim. Dissertatsiyalarning aksari sayoz va odamlar hayoti uchun foydasiz boʻlsa-da yozilganligi, “olim” nomi ostida masʼuliyatsizlik bilan qalam qitirlatganlarning ancha koʻpligi meni hayron qoldirdi”.
Asl ilmni izlash va uni anglash yoʻlida mashaqqatlardan aslo choʻchimaydigan tadqiqotchining “Hayrat ul-abror” dostonining nasriy bayoniga bagʻishlangan kitobi ham adabiy davralarda turli muhokamaga sabab boʻldi va ayni paytda keng eʼtirof etildi.
– “Hayrat ul-abror” sharhi kitobimni Alisher Navoiyning bir muxlisi sifatida mutolaa qilish jarayonida anglaganlarimni kitobxonlarga yetkazishni istadim, – deydi olim. – Navoiyni anglash, uni tushunishda “Hayrat ul-abror” kalit vazifani oʻtaydi. Ushbu toʻplamning nashr etilishida ustozlarga tayandik, bilmaganlarimizni ulardan oʻrganib, soʻng amalda qoʻlladik. Ustoz Najmiddin Komilovdan ozroq andoza olib, ozroq oʻzgacha usulda sharh, matn, nasriy bayoni va lugʻatini berdik.
Chindan ham ushbu ketma-ketlik oʻquvchini asl matnga yaqinlashtirsa, ajab emas. Tadqiqotchilarning asosiy maqsadi Alisher Navoiyni tushuntirib berish emas, mutafakkir ijodiy merosini oʻquvchilarga yetkazishdan iborat. Ayni kunlarda kitobning ikkinchi va uchinchi jildlari ustida ham ish olib borilmoqda. Umid qilamizki, yaqin kunlarda ular ham adabiyot muxlislarining qoʻllariga yetib boradi.
Moʻtabar qoʻlyozmalar va nafis moʻjaz rasmlar hayrati
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, shu paytgacha chop etilgan va amalga oshirilgan tarix fani hamda madaniyat, oʻzbek kitobi yoki kitobat sanʼati tarixiga oid tadqiqotlarda, Alisher Navoiyning tarixchi va homiyligi tan olinib, yoʻl-yoʻlakay eslatilsa-da, uning asarlari moʻtabar qoʻlyozmalari, naqshu nigori va nafis moʻjaz rasmlar misolida, shoir ijodining Markaziy Osiyo XV–XVI asrlar madaniyati tarixida tutgan oʻrni maxsus oʻrganilmagan. Barcha navoiyshunos, sanʼatshunos va tarixchilar tomonidan Alisher Navoiy buyuk davlat arbobi, mutafakkir, benazir sanʼat, ilm-fan va madaniyat homiysi deb tan olinsa-da, shoirning bu sohadagi ulkan faoliyati, ayniqsa, tarixchi va davlat arbobi sifatidagi xizmatlari hozirgacha tarix fanida toʻla va mukammal oʻz ifodasini topmagan.
– Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki ajam”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” kabi risolalari, badiiy asarlari, xususan, devonlar, dostonlar, “Majolis un-nafois” tazkirasi, “Mahbub ul-qulub” asari, “Munshaot”i va boshqalarda tarix ilmi, madaniyat, kitobat sanʼati va ijodkorlari haqida qimmatli fikrlar, maʼlumotlar mavjud boʻlib, ularni alohida oʻrganish taqozo etiladi, – deydi “Alisher Navoiy badiiy asarlarining XV–XVI asrlardagi qoʻlyozmalari” kitobi muallifi, tarix fanlari doktori Abdumajid Madraimov. – Buyuk shoirning hayoti va ijodi asosan adabiyotshunoslar tomonidan maʼlum darajada keng va yaxshi oʻrganilgan. Ayrim kutubxona va fondlarda shoir asarlari qoʻlyozmasining maxsus fihristi kataloglari ham bor. Ammo shoirning tarixga, madaniyatga, kitobat sanʼatiga munosabati, uning asarlari moʻtabar qoʻlyozmalarining Markaziy Osiyo XV–XVI asrlar tarixi, madaniyati va kitobat sanʼati taraqqiyotida tutgan oʻrni va roli alohida tadqiqot manbai boʻlgan emas.
Kitobni varaqlar ekanmiz, olim oʻz tadqiqotlari orqali Alisher Navoiy asarlari kitobati Markaziy Osiyo deb atalgan huddudda, XV–XVI asrlar davomida asosan Movarounnahr, Xuroson, Ozarbayjon, Eron va Shimoliy Hindistonda jiddiy oʻrganganligiga guvoh boʻlamiz. Tadqiqotchi bu jarayonda yirik sanʼatshunoslar B.Veymarn, S.Tyulyayev, G.Pugachenkova, L.Rempel, O.Qoziyev, H.Sulaymon, O.Akimushkin, M.Ashrafiy va boshqalarning Sharq kitobat sanʼati va rassomligini oʻrganish tajribasidan ham ijodiy foydalangan.
Yaxshi kishilar birla tutar boʻl suhbat...
Barcha daho sanʼatkorlar singari Alisher Navoiy ham oʻzining nomi va yaratgan asarlari osha yashab qolishiga ishongan edi. “Umidim uldurki va hayolimga andoq kelurki, soʻzim martabasi avjdan quyi enmagay va yozgan asarlarimning tantanasi aʼlo darajadan oʻzga yerni yoqtirmagay”, deb yozgan edi ulugʻ shoir. Bu bashoratomuz soʻzlar ijobat boʻldi. Endilikda shoir soʻzlari dunyo boʻylab oʻzining yuksak parvozini davom ettirmoqda.
Yangi kitoblar bilan tanishish asnosida hazrati Navoiyning ushbu misralarini esladik:
Yaxshi kishilar birla tutar boʻl suhbat...
To bergay amon sharirdin ul suhbat.
Ha, ilm chirogʻiga, maʼrifat gulshaniga hamrohliq insonni hamisha ezgu manzillar sari eltadi. Qalbimizni har ne yomonlikdan, gʻubordan xalos etib, yaxshilik sari chorlaydi. Shunday ekan, mutafakkir bobomiz adabiy merosining mazmun-mohiyatini anglatuvchi ilmiy-maʼrifiy asarlar safi yana-da kengayaversin!
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri