Uy-joyga muhtoj xotin-qizlar qanday mezonlarga koʻra aniqlanadi?

    Uy-joyga muhtoj xotin-qizlar bir qator mezonlarga boʻyicha aniqlanadi.

    Uy-joy sharoitini yaxshilash istagida boʻlgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlar oʻzini oʻzi boshqarish organi yoki Komissiyaning ishchi organiga soʻrovnoma-ariza bilan murojaat qiladi.

    Bunda, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi masʼul xodimi va Komissiya ishchi organi uy-joyga muhtoj xotin qizlarga soʻrovnoma-arizani toʻldirishda bevosita koʻmaklashadi.

    Har chorakda chorak birinchi oyining 15-kuniga qadar Komissiya aʼzolari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi masʼul xodimi bilan birgalikda uy-joyga muhtoj xotin-qizlar istiqomat qilayotgan manzil boʻyicha joyiga chiqqan holda xotin-qizlarning yashash sharoitlarini, iqtisodiy va ijtimoiy holatini oʻrganadi.

    Oʻrganish natijalari, shuningdek, soʻrovnoma-arizada koʻrsatilgan hamda elektron axborot almashinuvi orqali vakolatli vazirlik va idoralardan olingan maʼlumotlar asosida quyidagilarni tasdiqlovchi dalolatnoma tuzadi:

    - uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning oila aʼzolari tarkibi;

    - yolgʻiz yoki oila aʼzolari (boshqa shaxslar) bilan istiqomat qilayotganligi;

    - voyaga yetgunga (18 yoshga) qadar ota-onasi yoki ularning biri vafot etganligi (bedarak yoʻqolganligi);

    - nogironligi boʻlgan shaxs, shu jumladan, nogironligi boʻlgan bola parvarishi bilan bandligi;

    - uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning yashash sharoiti, qancha vaqtdan buyon noturar joyda istiqomat qilayotganligi (agar noturar joyda istiqomat qilayotgan boʻlsa);

    - uy-joy maydoni qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiqligi;

    - oʻzida yoki birgalikda yashovchi oila aʼzolarida mulk huquqi asosida turar joy mavjud emasligi (oxirgi bir yil davomida oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan turar joyni sotmaganligi yoki hadya qilmaganligi);

    - uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga ipoteka kreditlari orqali uy-joy olish imkoniyati yaratilgan taqdirda, kredit toʻlovlarini toʻlash imkoniyati mavjudligi yoki kelajakda mavjud boʻlishi;

    - uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning oʻzi yoki oila aʼzolari orasida surunkali kasalliklarning ogʻir turlaridan azob chekuvchi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj boʻlgan shaxslar, birinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning mavjudligi.