Yaqinda mamlakatimizda oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirish uchun oʻtkazilgan test sinovi natijalari eʼlon qilindi. Test natijalariga koʻra, minglab yigit-qizlar talabalik baxtiga musharraf boʻldi. Albatta oʻqishga qirganlarning maʼlum qismi byudjet, aksariyati esa kontrakt toʻlovi asosida tahsil oladi.
Deylik talabalik baxtiga erishganlar orasida ehtiyojmand oilaning farzandi yoki taqdir taqozosi bilan yoshgina farzandi bilan turmushdan ajrab, ota uyiga kelib qolgan yosh ayolning boʻlishi tabiiy. Oʻqishga qabul qilingan ana shu toifadagi xotin-qizlarni endi kontrakt toʻlovini qanday toʻlayman, degan yuk, tashvish bezovta qilishi aniq.
Ana shu kabi, umuman, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning oʻqishi, davlatimiz tomonidan ularning kontrakt toʻlovlarini toʻlashlariga qaratilgan imtiyozlar va bu boradagi boshqa savollar bilan Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Shahnoza SULTONOVAga murojaat qildik.
– Yashash sharoiti ogʻir, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yetim yoki ota-ona qaramogʻidan marhum qizlar va boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarning taʼlim olishi uchun qanday imtiyozlar belgilangan?
– Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi, oiladagi oʻrni va nufuzini koʻtarishga qaratilgan juda katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, yashash sharoiti ogʻir, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar va boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarning oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olishi uchun qator imtiyozlar belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida ehtiyojmand xotin-qizlarning taʼlim olishga boʻlgan qiziqishlarini ragʻbatlantirish va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, bilim olishlari uchun imkoniyatlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi “Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan marhum boʻlgan talaba xotin-qizlarning oliy taʼlim olishini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning oliy taʼlim olishini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlangan.
Mazkur nizomga asosan,
- ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlar (talabgorlar) oliy taʼlim olishini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida bazaviy toʻlov-kontrakt miqdori tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan toʻlab berilishi belgilangan.
- talaba xotin-qizlar (yaʼni talabgorlar) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul parametrlari doirasida davlat oliy taʼlim muassasasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga (taʼlim shaklidan qatʼi nazar) talabalikka tavsiya etilgan boʻlishi lozim.
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab har yili oʻzlarining hududlaridan oʻqishga kirgan 40 nafardan, ikkinchi va undan yuqori bosqichlarda tahsil olayotgan 110 nafar, jami 150 nafar xotin-qizlar uchun mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan bazaviy toʻlov-kontrakt summasini toʻlab beradi.
– Ushbu imtiyozdan kimlar foydalana olmadi?
– Yuqorida qayd etilgan imtiyozdan ikkinchi (yaʼni ikkinchi mutaxassislik) va undan keyingi oliy taʼlim olish uchun tanlovda ishtirok etgan talabgorlar foydalana olmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari yoki ularning filiallari, nodavlat taʼlim xizmatlari faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari hamda oliy harbiy taʼlim muassasalari talabalariga nisbatan ham imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
– Imtiyozdan foydalanish boʻyicha tayyorlangan hujjat amal qilish muddati qancha yoki bir marta tayyorlangan hujjat asosida 4-yil davomida kontrakt pullari toʻlab boriladimi?
– Bir marta tayyorlangan hujjat bir yil amalda boʻladi. Xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ushbu qaror ijrosini taʼminlashda shaffoflik tamoyiliga rioya etgan holda, ariza topshirgan talabalarga, oliygohga oʻqishga kirganligi toʻgʻrisidagi buyruq chiqqandan soʻng bir yillik kontrakt puli 100 foiz toʻlab beriladi. Kelasi yili u ehtiyojmand oila vakili sifatida roʻyxatdan chiqarilishi mumkinligi va boshqa sabablar hisobga olinib, har yili kontraktini toʻlab berilishi boʻyicha qayta hujjat tayyorlanadi.
Tayyorlangan hujjatlarni talabgor oʻzi tahsil olayotgan oliygoh masʼullarga taqdim etishi shart.
– Imtiyozdan foydalanishi mumkin boʻlgan talabgorlar qanday shartlar asosida tanlab olinadi?
– Talaba xotin-qizlar (yaʼni talabgorlar) Davlat test markazi tomonidan oʻtkazilgan test sinovi natijalariga koʻra davlat oliy taʼlim muassasalariga yakuniy test natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab (agarda ular talabalikka qabul qilingan boʻlsa) imtiyozdan foydalanish haqidagi arizani 10 kalendar kun ichida oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasiga taqdim etishi lozim.
Xuddi shunday 2 va undan yuqori kurs talabalari ham arizani 10 kalendar kun ichida oʻzlari tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasasiga taqdim etishadi.
Oʻz navbatida oliy taʼlim muassasasi talabgorlarni roʻyxatini shakllantirgan holda 5 kalendar kun ichida Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligiga yuboradi.
Tayyorlangan hujjatlar, ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va belgilangan oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakt miqdorlari aniq koʻrsatilgan holda yozma ravishda doimiy yashash joyi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuboriladi.
– Nima sababdan talabalarining ballari koʻrsatiladi?
– Agarda talaba xotin-qizlar (yaʼni talabgorlar) ichida mezonlarga toʻgʻri keladigan boʻlib ammo kvotadan oshib ketsa unda, talabaning bilim olishi, uning oliygohdagi biriktirilgan fanlarni qay darajada oʻzlashtira olganligi oʻrganib chiqiladi va ana shular inobatga olinib, ularning eng yaxshi ball toʻplaganlariga toʻlov-kontrakt summasi 100 foiz toʻlab beriladi.
Hokimliklar tomonidan Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning oliy taʼlim olishini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash komissiyasi tuziladi. Shuningdek, tumanlarda tuman hokimi oʻrinbosari oila va xotin-qizlar boʻlim boshliqlari boshchiligida ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Ishchi guruh 5 kalendar ish kunida talabgorlarning doimiy yashash joyi boʻyicha ijtimoiy holatini oʻrganadi, oʻrganish natijalariga koʻra, Ishchi guruh tomonidan har bir talabgorlar boʻyicha dalolatnoma tuzadi va Komissiyaga taqdim qiladi.
Komissiya taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganib, talabgorlarning toʻplagan ballari, hududlardagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarga boʻlgan ehtiyoj hamda talabgorlarning tahsil olayotgan bosqichlarini inobatga olib, bayonnoma rasmiylashtiradi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasiga yuboradi.
Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi 10 kalendar ish kunida tavsiyanomalarni tasdiqlaydi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuboradi.
Komissiya har oʻquv yilida bazaviy toʻlov-kontrakt summalari toʻlab berilishi belgilangan (tavsiyanoma berilgan) xotin-qizlar roʻyxatini hamda shartnomani imzolash boʻyicha xulosalarni tegishli davlat oliy taʼlim muassasalariga yozma ravishda kiritadi va belgilangan tartibda shartnomalarni rasmiylashtiradi.
– Talabgorlar qanday mezonlar asosida tanlab olinadi?
– Komissiya tomonidan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorini toʻlab berish maqsadida talabgorlarni tanlab olish 3 ta mezon asosida amalga oshiriladi.
Bular:
- kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam taʼminlangan oila deganda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali belgilangan tartibda kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oila tushuniladi;
- ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yaʼni yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlar;
- ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yaʼni boquvchisini yoʻqotgan (turmush oʻrtogʻi vafot etgan), voyaga yetmagan farzandlarni yolgʻiz tarbiyalayotgan ehtiyojmand ayollar.
– Talabgorlarga, yaʼni komissiyaning ijobiy tavsiyasini olgan talaba xotin-qizlarga toʻlov kontrakt pullari qancha muddatda va qancha miqdorda toʻlab beriladi?
– Hokimliklar tanlab olingan talabgorlarning oʻqishi uchun zarur mablagʻlarning belgilangan toʻlov-kontrakt miqdorining Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlargacha, 50 foizini — 1-yanvargacha, 75 foizini — 1-aprelgacha va 100 foizini — 1-iyulgacha ular talabalikka tavsiya etilgan davlat oliy taʼlim muassasalariga tegishli bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorida oʻtkazib beradi.
– Oʻtgan 2022/2023 oʻquv yilida qancha xotin-qizga toʻlov-kontrakt puli toʻlab berilgan?
– 2022/2023 oʻquv yili davomida Komissiyaga tavsiya etilgan 223 nafar talabgordan 120 nafari Komissiya xulosasi asosida tanlab olinib,
ularga 935 million 500 ming soʻm miqdorida kontrakt toʻlovlari toʻlab berilgan.
– Bu borada qanday muammolar mavjud? Siz yangi oʻquv yilida talabgor talaba xotin-qizlarga qanday tavsiya va maslahatlar berasiz?
– Baʼzida kontrakt toʻlovlarini toʻlab berilishini xohlagan talabgor xotin-qizlarimiz kech murojaat qilish holatlari boʻladi yoki tartib boʻyicha oliy taʼlim muassasasiga emas hokimlikka murojaat qilishadi. Natijada turli muammolar, noroziliklar yuzaga keladi. Shuning uchun eng avvalo, oliy oʻquv yurtiga kirgan, imtiyoz olish boʻyicha belgilangan mezonlarga mos talabalardan hujjatlarni oʻz vaqtida va bekamu koʻst tayyorlab oʻzlari tahsil olayotgan OTMlariga taqdim etishlarini soʻragan boʻlardim.
Talabgorlar tegishli hujjatlarni qay tartibda tayyorlash boʻyicha maʼlumotlarni oʻzlari tahsil olayotgan oliy oʻquv yurtlari mutasaddilaridan soʻrab, bilib olishlari kerak.
Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar, xususan, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan opa-singillarimiz davlatimiz tomonidan doimiy qoʻllab-quvvatlanadi. Chunki ilm olgan, oliy maʼlumotli ayollarimiz nafaqat farzand tarbiyasi, oila mustahkamligini taʼminlashga oʻzgacha yondashadi, balki jamiyat ravnaqiga ham munosib hissa qoʻshadi. Shunday ekan, Yangi Oʻzbekistonimizda ayollarning jamiyatdagi, oiladagi maqomi, oʻrni va nufuzi yanada yuksaladi.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Suhbatdosh Zulxumor AKBAROVA