Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Uy sharoitida karantinni tashkillashtirish tartibi to'g'risida uslubiy ko'rsatma ham tasdiqlandi.

Shuningdek, koronavirus infektsiyasiga qarshi kurash bo'yicha xalqaro standartlarni inobatga olgan holda koronavirus infektsiyasi engil, o'rtacha og'ir va og'ir o'tayotgan bemorlarni davolash standartlari tasdiqlanishi hamda fuqarolarga tavsiya etiladigan dori vositalarining yagona ro'yxati shakllantirilishi belgilandi.

Shu bilan birga koronavirus infektsiyasiga qarshi kurash samaradorligini oshirish maqsadida:

respublikadagi barcha dorixonalarni zarur dori vositalari bilan ta'minlash hamda dorixonalarda dori vositalarining narxlari barqarorligini ta'minlash; 

koronavirus infektsiyasini davolashga mo'ljallangan shifoxonalarni kislorod bilan ta'minlangan holda shayligini tayyorlash;

koronavirus infektsiyasini yuqtirgan bemorlarni klinik belgilariga asosan test javoblarini kutmasdan tibbiy yordamni tashkil qilish bo'yicha zarur choralar belgilandi.

Mutasaddilarga koronavirus infektsiyasini yuqtirgan bemorlarni shifoxonaga joylashtirishning aniq va shaffof mezonlarini ishlab chiqish hamda bemorlarni shifoxonaga joylashtirishda ushbu mezonlarga qat'iy amal qilish ustidan aniq topshiriqlar berildi. Bunda, qandli diabet, onkologik, yurak qon-tomir, autoimmunlik kassaliklari, metabolik sindromi mavjud hamda 55 va undan yuqori yoshdagi bemorlarni birinchi navbatda shifoxonaga joylashtirilishi belgilandi.

Shu maqsadda koronavirus bilan kasallanganlarni davolanish uchun joylashtirish muassasalarining zaxirasini tayyorlash hamda fuqarolarni to'g'ri taqsimlagan holda joylashtirish maqsadida barcha hududlarda maxsus taqsimlash markazlari faoliyati tashkil etilmoqda.

Sog'liqni saqlash vazirligi  
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi.