Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori Otabek Hasanovning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 20-yanvar sonida chop etilgan ayni sarlavhali maqolasi haqiqatan ­“uygʻotuvchi qoʻngʻiroq”dek boʻlib tuyuldi menga. Darhaqiqat, bugungi kunda “qobiqdan chiqish” va hushyor tortish shunchaki tavsiya emas, balki yashab qolish shartiga aylanib ulgurdi. Maqolani oʻqirkanman, ona sifatida farzandlar kelajagi haqida xavotirim yanada kuchaygan boʻlsa, tadqiqotchi sifatida fikr bildirishga, jamiyatni, ayniqsa, ilm ahlini yagona maqsad ostida hushyorlikka chaqirishga koʻnglimda bir istak paydo ­boʻldi.

“Koʻrinmas urush” va raqamli qaramlik

Maqolada taʼkidlanganidek, urush endi faqat chegaralarda emas, balki smartfon ekranlarida kechmoqda. Masalan, Microsoft kompaniyasi oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, bugungi kunda insonning diqqatini jamlash vaqti (attention span) oʻrtacha 8 soniyani tashkil qilmoqda. Ushbu koʻrsatkich hatto “tilla baliq” xotirasidan ham qisqaroqdir

(9 soniya). Bu shuni anglatadiki, yoshlarimizning ongi chuqur tahlilga emas, balki yuzaki “scrolling”ga moslashib borayotir. Mashhur futurist Elvin Toffler aytganidek, “XXI asrning savodsizlari oʻqish va yozishni bilmaydiganlar emas, balki oʻrganishni, unutganini qayta oʻrganishni bilmaydiganlardir”. Darhaqiqat, agar biz eski qoliplardan chiqib, yangi reallikka moslashmasak, yutqazishimiz muqarrar.

“0,1 foiz” fojiasi va milliy kontent

Muallif keltirgan eng ogʻriqli raqam internetdagi oʻzbek tilidagi kontentning atigi 0,1 foiz ekanidir. Bu maʼnaviy ochlik belgisi. Agar biz farzandimizning likopchasiga “milliy taom” (oʻzbekona kontent) solib bermasak, u albatta, koʻchadan “fast-fud” (gʻarbona yoki boshqa yot gʻoyalar) yeyishga majbur boʻladi.

Jahon iqtisodiy forumi (WEF) hisobotiga koʻra, 2025-yilga kelib, mavjud ­kasblarning 85 millioni sunʼiy intellekt tufayli yoʻqoladi, ammo 97 million yangi turdagi kasb paydo boʻladi. Xoʻsh, biz bolalarimizni oʻsha yoʻqolib borayotgan kasblarga emas, yangi dunyo talablariga (kreativlik, tanqidiy fikrlashga) tayyorlayapmizmi? Muammo ana shunda! Jadid bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy bir asr oldin bunday degan edi: “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol boʻlur”. Nazarimizda, bu soʻzlar bugun kechagidan ham dolzarbroq.

“Proaktiv rejim” va ota-onalar masʼuliyati

Maqoladagi “proaktiv rejim” (oldindan harakat qilish) tushunchasi gʻoyat muhim. Biz koʻpincha bola notoʻgʻri yoʻlga kirib ketgandan keyingina dod solamiz. Vaholanki, immunitetni kasallikdan oldin shakllantirish kerak. AQSH Prezidenti Jon Kennedi ayt­ganidek: “Biz bugunimizni oʻtmish bilan tortishuvga sarflasak, kelajakni boy ­beramiz”. Faqat avval yaxshi edi deb nolib oʻtirmasdan, bugungi “TikTok avlodi” (Zed va Alfa) tilini tushunishimiz, ular bilan oʻsha maydonda muloqot qila olishimiz zarur.

Ilgari Sharqda, xususan, bizning mintaqada tarbiya yopiq va jamoaviy tizim asosida qurilgan edi. Tarbiyada soʻzdan koʻra amal kuchliroq boʻlgan: koʻp gapirilmagan, lekin halol mehnat qilingan, kattaga hurmat koʻrsatilgan. “Qush uyasida koʻrganini qiladi” maqoli shunchaki soʻz emas, balki oʻziga xos tarbiya metodikasi edi. Qolaversa, bola koʻchada nojoʻya ish qilsa, qoʻshni yoki oʻtib ketayotgan yoshi kattalar unga tanbeh berishga haqli boʻlgan. Ota-ona “Bolam qayerda?” deb xavotir olmasdi, chunki bola “koʻz oʻngida” — mahalla ichida yurardi. Devorlar baland, eshiklar mustahkam, tashqi “viruslar” (yot gʻoyalar) kirishi qiyin edi.

Bugungi kunda “proaktiv rejim”ga ­ehtiyoj tugʻilishining sabablari oddiy, biroq ota-onalar hamon oʻsha-oʻsha. Afsuski, uyning “devorlari quladi”. Endilikda “darvozani yopish” foydasiz. Chunki bolalarning qoʻlidagi, hatto ayrim kattalarning ham “yarmi”ga aylangan telefon orqali butun dunyo (yaxshisi ham, yomoni ham) allaqachon yotogʻigacha kirib boʻldi. Jamoaviy nazorat zaiflashganini qoʻshnining farzandingizga bergan salgina tanbehi janjalga sabab boʻlayotganidan ham koʻrish mumkin. Eng xavotirlisi shundaki, “koʻrinmas yov” qoʻrgʻoningizni “ishgʻol qilgan”. Avvallari bola yomon oʻrtoqqa qoʻshilsa, ota buni koʻrardi. Hozir esa u uyda jim oʻtirgan boʻlsa-da, virtual olamda “kiberjinoyatchi” yoki boshqa zararli guruhlar bilan gaplashayotgan boʻlishi mumkin.

Maqolada keltirilgan “feyk xabarlar 6 barobar tez tarqalishi” haqidagi maʼlumot shuni koʻrsatadiki, haqiqat “oyoq kiyimini kiyguncha” yolgʻon dunyoni aylanib chiqmoqda. Demak, bolaga shunchaki “telefonni qoʻy” de­yish yetarli emas, unga axborotni saralashni, yaʼni mediamadaniyatni oʻrgatish zamonaviy ota-onaning birlamchi vazifasidir.

Mamlakatimizda axborot xurujlari va destruktiv kontentga qarshi kurashish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, axborot sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi va noqonuniy kontent tarqalishiga toʻsiq qoʻyuvchi mustahkam huquqiy baza ishlamoqda. Jumladan, qonunchilikka koʻra, veb-sayt egasiga, shu jumladan, blogerga urush, zoʻravonlik, terrorizm, ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qiluvchi axborotlarni tarqatmaslik majburiyati yuklangan. Shuningdek, yosh avlodni internetdagi axloqsiz, shafqatsiz va ruhiy jarohat yetkazuvchi kontentdan himoya qilishning huquqiy mexanizmlari mustahkamlanib, internet tarmogʻida yolgʻon axborot tarqatish (tuhmat, haqorat), kiberfiribgarlik va kons­titutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish uchun javobgarlik kuchaytirildi. Bundan tashqari, institutsional va texnik mexanizmlarga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Shuningdek, taqiqlovchi choralar vaqtinchalik samara berishi inobatga olinib, “Jaholatga qarshi — maʼrifat” tamoyili ilgari surilmoqda. Xususan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida internet madaniyati, milliy qadriyatlar va yot gʻoyalarga nisbatan immunitet shakllantirish boʻyicha targʻibot ishlarini olib bormoqda. 2025-yilda tashkilot tomonidan tayyorlangan 6000 ta kontentning koʻrish qamrovi 329 millionga yetgan. Bundan tashqari, mamlakatimizda Stopterror.uz portali orqali ekstremistik gʻoyalarning asl mohiyati fosh etilib, ularga qarshi ilmiy-maʼrifiy va diniy asoslangan raddiyalar berilayotgan boʻlsa, oyina.uz saytidagi maʼrifiy materiallar destruktiv gʻoyalarga munosib javob boʻlmoqda. Taj­riba koʻrsatadiki, destruktiv kontentga qarshi kurash faqat bloklash bilan emas, balki sifatli milliy kontent yaratish va aholining mediasavodxonligini oshirish orqali samarali boʻlishi tabiiy.

Dunyo hamjamiyatida oʻrnini munosib saqlab kelayotgan, ayni damda ishonchi yanada mustahkamlanayotgan mamlakatimizning bugungi yutuqlari, albatta, uning tinchligi tufaylidir. Global muammolar davrida, dunyoning koʻplab mamlakatlari turli iqtisodiy-siyosiy bosimlar ostida qolgan bir paytda yurtimizning barqaror taraqqiyoti ham aynan shu tinchlikning mevasidir.

Unutmaslik kerakki, tinchlik — sovgʻa emas, u har kuni qayta-qayta qoʻlga kiritiladigan yutuqdir. Buning quroli esa faqat va faqat ilm, maʼrifat va uygʻoq vijdondir. Shunday ekan, ilm ahli, ziyolilar, farzandining va vatani kelajagiga befarq boʻlmagan ota-onalar — barchamiz bolalarimiz va yoshlarimiz ongini yot gʻoyalardan asrashimiz davr talabidir.

 

Shohista QODIR QIZI,

mustaqil tadqiqotchi