Qayd etilishicha, “Boeing” kompaniyasining B787 havo kemalari kompozit qismlaridagi boʻyoqlarni koʻchish muammosi birinchi marta sodir boʻlmayapti.
Ushbu muammo Boeing 787-Dreamliner, yangi avlod havo kemasi, aviatsiya uchun nisbatan yangi materiallardan - taxminan 80 foizi kompozitlardan yaratilganligi bilan bogʻliq.
Ultrabinafsha nurlanishni, shuningdek parvoz paytida havo kemasining egiluvchanligini hisobga olgan holda, qoʻllaniladigan boʻyoq qatlamlari bardosh bera olmaydi va katta boʻlaklar bilan koʻchib ketadi.
Ishlab chiqaruvchi kompaniyaning tahliliga koʻra, bunday boʻyoq koʻchishi kosmetik nuqson boʻlib, parvozning yaroqliligi va havo kemasi parvozlarining xavfsizligiga hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi.
Yuqorida aytib oʻtilganlar bilan bir qatorda, “Uzbekistan Airways” AJ Boeing 787 rusumidagi havo kemalari bilan ham xuddi shunday muammoga duch kelmoqda. Ushbu vaziyatda ham vaqtinchalik yechim Boeing konserni tavsiyasiga binoan maxsus yopishtiriladigan “speed tape” lentasidan foydalanish boʻladi.
Boeing konserni ustki qatlamni boʻyoq bilan qoplashni usuli boʻyicha maxsus amaliyotni ishlab chiqmoqda va dastlabki maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning yaqin oylarida barcha kerakli choralarni tugatadi.
Muzokaralar natijalariga koʻra, ishlab chiqaruvchi kompaniya havo kemalari sirtini boʻyash va ularni ishlab chiqaruvchi bazasiga parvoz qilish boʻyicha barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga olishga tayyor.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, “Uzbekistan Airways” AJ yaqin kelajakda Boeing 787- Dreamliner rusumidagi uchta havo kemasini bosqichma-bosqich qayta boʻyashni rejalashtirgan.
Shuni taʼkidlash kerakki, ushbu muammo Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Boeing 787-Dreamliner havo kemalarida parvozlar xavfsizligi va qulayligiga hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi.