15 x 15 x 5 mm (tangadan kichik) oʻlchamdagi mini-akkumulyator nikel-63 radioaktiv izotopini oʻz ichiga oladi va 50-yil davomida qayta zaryadlanmasdan va hech qanday texnik xizmat koʻrsatilmasdan ishlay oladi.
Ushbu kashfiyot mualliflari bunday akkumulyatorning mutlaqo xavfsiz ekanligini, unda tashqi nurlanish mutlaqo yoʻqligini va batareya ishlash muddatini oʻtab boʻlgandan keyin undagi nikel izotopi atrof-muhitga xavf tugʻdirmaydigan barqaror va radioaktiv boʻlmagan mis izotopiga aylanishini taʼkidladi, deb yozadi ixbt.com.
Ushbu bosqichda Betavolt yadro batareyasining quvvati 100 mikrovattni, kuchlanish esa 3 voltni tashkil etadi. Kompaniya 2025-yilga borib bunday akkumulyator quvvatini 1 Vattgacha oshirishni rejalashtirgan. Betavolt maʼlumotlariga koʻra, mazkur batareyka mobil telefonlar (ular hech qachon quvvatlanmaydi!), robotlar, dronlar, sunʼiy intellektga ega har qanday jihozlar, tibbiy asboblar, masalan, yurak stimulyatori, turli maqsadlardagi sensorlar va hokazolarda qoʻllanilishi mumkin. Kompaniya vakillarining vaʼda berishicha, akkumulyatordan, toʻsatdan kuchli zarba berilganda ham yongʻin chiqmaydi va portlamaydi va uning ish harorati oraligʻi -60 dan 120 darajagacha saqlanib turadi.
Yadro batareyasi hozir sinovdan oʻtkazilyapti va kelajakda seriyali ishlab chiqarish va tijorat mahsulotlarida foydalanish uchun tayyor boʻladi. Toʻgʻri, aniq muddati, shuningdek, narxi hali eʼlon qilinmagan.
Shuni taʼkidlash kerakki, foydalanuvchining bir necha yilda almashtirib turadigan oddiy smartfonlari uchun 50-yillik ish sikli haddan tashqari koʻp. Undan tashqari, toʻliq xavfsizligi kafolatlanganiga qaramay, kimdir choʻntagida “choʻntak yadroviy reaktor” olib yurishga xohlaydimi yoki yoʻqmi, hozircha aniq emas.