Vatan uchun qurbon boʻlgan IIB xodimining muhtoj oilasiga nega yordam koʻrsatilmadi?

    Ijtimoiy hayot 10 Avgust 2020 3352

    2000-yil antiterror tadbirlarida yurt tinchligini taʼminlash yoʻlida qurbon boʻlgan serjant Ikrom Saidahmedovning bevasi Barno opa, II guruh nogironi boʻlgan oʻgʻli Saidolim ayni kunda qiynalib yashayotgan boʻlishiga qaramasdan pandemiya davrida muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “temir daftar”ga kiritilmayapti.

    Gapni boshidan boshlagan yaxshi. Ikrom Saidahmedovning Vatan, xalq oldidagi xizmati, jasorati nimadan iborat edi?

    2000-yil avgust oyining soʻnggi kunlari. Boʻstonliq tumanining eng soʻlim goʻshalaridan biri, osmonga tutashgan makon — Sijjak qishlogʻida tahlikali kayfiyat yuzaga keldi. El orasida “Togʻda terrorchilar yurgan emish”, “Bizning harbiylarni garovga olgan emish”, “Tishidan tirnogʻigacha qurollangan ekan” kabi bir-biridan vahimali mish-mishlar “bolaladi”. Afsuski, bular shunchaki mish-mish boʻlmay, haqiqat edi. Bir guruh jangarilar chegaralarimizni buzib oʻtib, Boʻstonliq tumanining togʻli hududlarida harakatlanayotgandi. Mudofaa, ichki ishlar tizimidagi alp oʻgʻlonlar ularni qidirayotgan, qoʻlga olishga intilayotgan boʻlsa-da, kutilgan natijaga erishilmagan edi. Sijjakning belida belbogʻi bor yigitlari, xususan, Toshkent viloyati IIB YOXBga bevosita boʻysunuvchi 18-yongʻin xavfsizligi qismi xodimlari ham oyoqqa turdi. Vatanimizni yovdan himoya qilamiz, yovga qarshi ayovsiz kurashamiz, deb Toshkent viloyati IIBga murojaat qilishdi. “Antiterror” tadbirida maxsus guruhlar qatori ishtirok etish oʻt oʻchiruvchilar uchun oson boʻlmadi. Sababi, “Jangda “pojarniy”larga nima bor”, deguvchilar ham uchradi. Lekin 18-yongʻin xavfsizlik qismi komandiri Ilhom Zulimov oyoq tirab turib oldi. “Biz — togʻ farzandlarimiz. Bu hududning oʻziga xosliklari, togʻda harakatlanish, eng muhimi, ular yashirinishi mumkin boʻlgan pana joylarni yaxshi bilamiz. Qismdagi har bir yigit va mergan ovchi. Biz, albatta, terrorchilarning izini topamiz va ularni yoʻq qilamiz”, dedi. Koʻzlari yonib turgan yigitlarga ishonch bildirildi: ular ham “Antiterror” tadbiriga jalb etildi. Qismdan bor-yoʻgʻi 6 nafar oʻt oʻchiruvchining amaliyotda qatnashishiga ruxsat berildi. Ishtirokchilar koʻngillilardan tanlab olindi. “Jangda men ham qatnashaman”, deya otilib chiqqanlar ichida Ikrom Saidahmedov ham bor edi.

    — Oʻsha kungi voqealar kino tasmasidek koʻz oldimdan oʻtadi, — deydi katta leytenant Ilhom Zulimov. — Avvaliga terrorchilarning izini qidirdik. Bu vaqtda ikki nafar oʻt oʻchiruvchi men bilan birga, Ikrom Saidahmedov va yana ikki nafar xodimdan iborat kichik guruh shtabda qolgan edi. Qidiruvlarning ikkinchi kuni Toʻrasoy uchastkasida shubhali izlar koʻzga tashlandi. Shunda toʻgʻri yoʻnalishda ketayotganimiz maʼlum boʻldi. Shu kuni soyda oʻtirib tushlik qildik. Bizdan 20 metrcha uzoqda terrorchilar yashirinib yotganini keyin bildik. Archalar orasida puxta yashiringani uchun ularni sezmaganmiz. Sal uzoqlashganimizda orqadan oʻq yomgʻirday yogʻdi. Bir amallab yarador askarlarni panaga olib oʻtdik. Noqulay joylashuv sabab ularga otilgan oʻqlar besamar ketdi. Shunda terrorchilar yashiringan joyga orqa tarafdan borishni, tepalikdan turib nishonga olishni oʻyladim. Reja ish berdi. Orqa tarafdagi tepalikda atrof kaftdek koʻrinib turardi. 15 nafar qurollangan terrorchi qatorlashib yotardi. Ularning 7 nafari shu yerda yoʻq qilindi. Qolgani qochdi. Gʻaraz niyat bilan ona tuprogʻimizga oyoq bosgan malʼunlarda zarracha ham insoniy tuygʻular yoʻq ekan. Garovga olingan ikki nafar ofitserimizni otib tashlashibdi. Tirik qolgan askarlarimiz qutqarildi. Bittasini oʻtlar orasida yashiringan holatda, boshqasini katta daraxtdagi kovakda oyogʻidan osib qoʻyilgan holatda topdik. Shu kuni kechqurun jangarilar otishmani yana davom ettirdi. Ular otgan oʻq va granatalar natijasida Oqbuloq togʻining Karnaysoy va Arpasoy tepaliklarida yongʻin kelib chiqdi. Yongʻinni oʻchirishga IIB YOXB oʻt oʻchirish shtabi boshligʻi, ichki ishlar polkovnigi R.Qosimov sakkiz nafar xodimdan iborat guruh bilan harbiy vertolyotda yetib keldi. Yongʻinni oʻchirish, uning tarqalish yoʻnalishlarini aniqlashda serjant Ikrom Saidahmedov jonbozlik koʻrsatdi. U tobora avj olayotgan yongʻinni bartaraf etish uchun jonini ham ayamay harakatlanardi. Yongʻin yoʻnalishlari kesilib, hammasi reja boʻyicha ketsa, tabiatga, insonlar hayotiga xavf solayotgan tilsiz yov bartaraf etilardi. Afsus, shu lahzalarda shamol yoʻnalishini oʻzgartirdi. Bu tepaliklarni bejiz Arpasoy deyishmaydi. Bu yerda yalangoyoq yursangiz, oyogʻingiz yerga tegmaydi. Arpaning ustida yurganday boʻlasiz. Bahorda unib chiqqan maysalar, kuzga borib qurib-qovjiraydi, keyingi yil yana yangi maysa bosh koʻtarib chiqaveradi, kuzda qovjiragan maysalar yuz yillardan beri yigʻilib qolgan, ular yerga toʻshalgan kigizday zaminni qoplab turibdi. Oʻsha payt kuz mavsumi, maysalar qurib, gugurt chaqsa lovullab yonadigan xashak gʻaramiga aylangan edi. Yoʻnalishi oʻzgargan shamol yongʻinni Arpasoyning “kigizli” tepaligi boʻylab bir soniyada 100 metr tezlikkacha masofada tarqatib yubordi. Safdoshimiz Ikrom Saidahmedov alanga ichida qoldi. Yuqori haroratda avtomati va xurjunidagi oʻq-dorilar portlab ketdi. Uni olov ichidan olib chiqishdi. Biroq serjantning ahvoli juda ogʻir, kuymagan yeri yoʻq edi. Shifokorlar barcha davo choralarini koʻrganiga qaramay, oradan yigirma kunlar oʻtgach, joni uzildi. Hayotining soʻnggi lahzasigacha tanlagan kasbidan, Vatani, xalqi uchun qurbon boʻlayotganidan afsuslanganini sezmadik. Ming azobda yotganiga qaramay, oldiga kirganimda “Terrorchilarning hammasini oʻzingiz otib qoʻyibsiz-ku. Bizga qoldirmabsiz-da”, deya beozor hazil qildi. U oʻlimni mardonavor kutib oldi...

    24-sentyabr kuni Ikrom Saidahmedovni tuproqqa qoʻyishdi. Shu kuni sharros yomgʻir quydi. Jala qirq kungacha tinmadi. Yurt tinchligiga rahna solmoqchi boʻlgan gazandalarga qarshi kurashda qurbon boʻlgan navqiron yigitga osmon ham aza tutdi, goʻyo.

    — Shu yili tinimsiz yoqqan yomgʻir sabab kartoshkalarni kovlab ololmadik, hosil dalada qoldi, — deydi marhum serjantning akasi Jumaniyoz Saidahmedov. — Ukam ochiqkoʻngil, dovyurak, barchaga yordam qoʻlini choʻzadigan, mard va tanti yigit edi. Hech qachon otamdan, bizdan bemaslahat ish qilmas edi. Uning xislatlarini sanab sanogʻiga yetolmaysiz. Bolaligidan harbiy boʻlishni orzu qilardi. Armiyadan qaytgach, harbiylashtirilgan yongʻin xavfsizlik qismiga ishga kirdi. Jismonan sogʻlom va baquvvat edi. Uning bevaqt oʻlimi ota-onamning qaddini bukib qoʻydi. Lekin yurt boshiga yogʻilgan kulfatni aritishga jon kuydirgani, hayotining soʻnggi lahzasigacha Vatanning chin farzandi boʻlgani, el-yurt himoyasiga koʻksini qalqon qilgani, bugun uni barcha yaxshi soʻz bilan tilga olishi kuyuk koʻngilga biroz taskin beradi. Men uning “Antiterror” tadbirlarida qatnashishini 30-avgust kuni bilgan edim. Oʻzim ham Afgʻonistonda urushda qatnashganman. Unga dushmanga beshafqat boʻlishini aytdim. “Sen otmasang, seni otishadi”, dedim. U “Qizim 2-sinfga chiqyapti, oʻquv qurollarini olib berolmadim-da”, deya falokatni oldindan sezganday oʻyga toldi. Shundan soʻng uni shifoxonada tanib boʻlmas ahvolda koʻrdim. U chekkan azoblarni tasavvur qilish qiyin. Shu ahvolda ham oldiga borsak, oʻzi zoʻrgʻa gapiradi, yana “oʻtiring, biroz dam oling, choy iching”, deydi. Unga qon quyish kerak boʻlganda, yuzdan ziyod oʻt oʻchiruvchilar kelib qon topshirdi. Maʼrakalarida ham gʻamimizga sherik va yelkadosh boʻlishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 12-yanvardagi farmoniga koʻra ukam “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

    Ikrom Saidahmedov uch farzandning otasi edi. Oʻshanda katta qizi Nozima 8, Osiyo 5, oʻgʻli Saidolim 2 yoshda edi. Barno kelinoyi bu kunlarni kechagiday eslaydi. Boisi, u uchun soat kapgiri shu vaqtda toʻxtab qolganday, undan keyin hayot davom etsa-da, yashamaganday tuyuladi. “Ana kelib qoladi, mana kelib qoladi”, deb turmush oʻrtogʻining yoʻliga koʻz tikib oʻtirganda, kutilmaganda shifoxonadan xabar keldi. Barno opa vaziyat bu qadar jiddiyligini bilmagan edi. Yosh oilaning hayoti bolday shirin, orzulari qumday serob edi. Hatto qumursqaga ham ozor bermaydigan umr yoʻldoshi rafiqasini juda hurmat qilar, koʻngliga qarar edi. Baxtli kunlarning nihoyasi boʻlishini ular xayoliga ham keltirmagandi.

    31 yoshida mardonavor olamdan oʻtgan vatanparvar, fidoyi, toʻgʻrisoʻz va mehnatkash Ikrom Saidahmedov jasorati ibratdir.

    Tashvish kelsa qoʻsha-qoʻsha

    Fojea serjant Ikrom Saidahmedovning oʻlimi shu bilan tugamadi. Uning oʻgʻli Saidolim nutqida, aqliy rivojlanishida oqsay boshladi. Bunga sabab bola hali kichik paytda otasidan ajralib aza koʻrgani ruhiyatiga salbiy taʼsir qilganimi yoki boshqa sababmi, bunisi ayon emas

    — Xudodan yashirmaganni bandasidan yashirmaydi, — deydi Ikrom Saidahmedovning bevasi Barno opa. — Shifokorlar oʻgʻlimni ruhiy xasta deb topishdi, II guruh nogironligini belgilashdi. Hozir u 23 yoshda. Unga alohida qarov, parvarish kerak. Muloqotda, fikrlarini ifodalashda qiynaladi, harakatlarini toʻliq nazorat qila olmaydi, qarab turmasa koʻchaga chiqib ketadi. Ovqatlantirishga qiynalaman baʼzida. Unga ajratilgan nafaqa xarajatlarimizga yetmaydi. Shuning uchun kam taʼminlangan, muhtoj oila sifatida bizni “temir daftar”ga kiritishini soʻrab mahallaga murojaat qildim. Ammo karantingacha boʻlgan paytda ham, karantin paytida ham moddiy yordam koʻrsatilmadi. Iltimos qildim mahallaga, “Turmush oʻrtogʻim vafot etganiga mana 21 yil boʻlmoqda, biror marta yordam qilmagansizlar, 1 milliondan ajratilayotgan ekan, shuni mengayam bering”, dedim. Ammo “Qanaqasiga kam taʼminlangansan, oʻgʻlingning pensiyasi yetadi”, degan javobni oldim. Nolish yaxshimas, shukr qilishim kerak har bir kunimga, biroq moddiy yordam boshqalarga berilmoqda-ku, oila boshi tirik boʻlgan, ishlash imkoniga ega boʻlgan, oʻziga toʻq oilalar ham yordam pullarini olishmoqda-ku. Oilada nogiron boʻla turib, ishlovchilari ham bor oilalar moddiy koʻmakka ega boʻlishmoqda. Bularni koʻrib bilib turibmiz. Shundan kuyunaman. Rahmatli turmush oʻrtogʻim tirik boʻlganida bunday kunlarga qolmasdik, deyman.

    Mahalla qoʻshnimizga uzatgan qizim, kuyovim biznikida turganini, biz bir oila ekanimizni roʻkach moddiy yordam berishdan bosh tortdi. Kuyovim ishlashi sabab “temir daftar”ga kirita olishmasligini aytishdi. Toʻgʻrisi, menga qarashsin, qiynalib qolyapman bir oʻzim, kasal oʻgʻlim qaray olmayapman deb ularni olib kelganim rost. Biroq roʻzgʻorimiz, oilaviy byudjetimiz alohida, ular oʻzlari, ikki nafar bolasini taʼminlashadi, kuyovimning oyligi katta emas.

    Taqdiri menga oʻxshagan, eri harbiy operatsiyalarda vafot yetgan bir tanish ayol yaqinda telefon qilib, 1 milliondan yordam puli ajratilganini aytdi. Uning oilaviy ahvoli ancha yaxshi, boshqa turmush qilgan. Demak, bu borada aniq mezon yoʻq, yordam pullarini koʻpchilikka berilmoqda, bizga ham berilsa boʻlardi.

    Oʻzim ishlay desam, oʻgʻlim qarovsiz qolmoqda, oʻzi choy damlab icholmasa, ovqat yeya olmasa. Qarindosh-urugʻ imkon qadar qarashadi, qaynakam uyimiz qurilishida oʻzi bosh boʻlgan. Ammo hadeb qarindoshlardan soʻrashga ham xijolat boʻlarkan odam.

    Mahalla nima deydi?

    Biz masalaga aniqlik kiritish uchun Sijjak qishlogʻidagi “Sarbogʻ” MFY raisi oʻrinbosari Nigora Mahkamaga murojaat qildik.

    Nigora Mahkamova Ikrom Saidahmedovning Vatan uchun jon fido qilganini alohida taʼkidlab, qishloqdagi maktabga uning byusti oʻrnatilganini aytdi. Barno Saidahmedova oilasi haqiqatdan “temir daftar”ga kiritilmaganini tasdiqladi, bunga sabab qilib qizi ularnikida turishi, kuyovi oʻrmon xoʻjaligida ishlashini keltirdi.

    Fikrimizcha, Barno Saidahmedova oilasiga kam taʼminlangan oilalarga beriladigan nafaqa, bir martalik yordam puli berilmasligi notoʻgʻri.

    Sababi, “temir daftar”ga ishga va yordamga muhtoj barcha oilalar kiritilishi lozim. Mezonlar aniq belgilanmagan boʻlsa ham, oilada mehnatga layoqatsiz nogironlar va surunkali kasallikka chalingan aʼzolari mavjudligi, yakka-yolgʻiz keksalar, beva va oʻzgalar qaramogʻiga muhtoj kam taʼminlanganlardan iboratligi, 5 va undan koʻp farzandi bor oilalar, koronovirus pandemiyasi sababli qoʻllanilgan karantin choralari natijasida oʻzining ish oʻrni va daromad manbaini yoʻqotgan fuqarolar, jumladan chetdan qaytgan mehnat muhojirlari, oilaning haqiqatan ehtiyojmand, nochor va moddiy koʻmakka muhtojligi inobatga olinmoqda.

    Barno Saidahmedova oilasi oilada mehnatga layoqatsiz nogiron borligi, oʻzining ish oʻrni va daromad manbai yoʻqligi bilan bu parametrga mos keladi.

    Kuyovi ularning xonadonida doimiy roʻyxatda turmaydi. Bu masalaning birinchi jihati.

    Masalaning ikkinchi tomoni oila boshligʻi, boquvchisi boʻlgan Ikrom Saidahmedov yurt tinchligi yoʻlida qurbon boʻlgan, Vatan uchun jon fido qilgan. Bu oilani moddiy, maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash burch, masʼuliyat, majburiyat. Bu oilani sarson-sargardon qilish insoniylikka zid, adolatdan emas.

    Bu masalaga tegishli mutasaddilar eʼtibor qaratishi, sektor rahbarlari muammoni hal etib berishini kutamiz.

    Sanobar JUMANOVA,

    Yangi Oʻzbekiston” muxbiri