Qolaversa, gidroelektr stansiyalar qurilishi nafaqat issiqxona gazlarisiz energiya ishlab chiqarish, balki qishloq xoʻjaligi va aholini obihayot bilan taʼminlash yoʻlida ham muhim boʻlgan suv resurslarini samarali boshqarishga ham yoʻl ochadi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 28-martdagi “Respublika hududlarida mikro gidroelektr stansiyalari tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi muhim ishlarga start berdi. Qarorda 2025-2026-yillarda respublika hududida jami quvvati 164 MVt boʻlgan 2 983 ta mikro GES qurish va yiliga 500 million kVt/soat ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqarish marrasi olingan. Mikro GESlarni ishga tushirish hisobiga 280 ming yurtdoshimizni elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoni paydo boʻladi.

Xoʻsh nima uchun “yashil” energiya, xususan, gidroelektr stansiyalarga katta urgʻu berilmoqda? Keling, buni qazilma boyliklar vositasida olinadigan energiya bilan solishtirib koʻrish orqali oydinlashtiramiz. Maʼlumotlarga koʻra, respublikamizda yil boshidan aprel oyining 13-sanasigacha barcha gidroelektr stansiyalar va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 3 mlrd 707 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Buning natijasida 1 milliard 112,1 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi, atmosferaga 2 million 179 ming 716 tonna karbonat angidrid va 2 ming 179,7 tonna azot oksidi chiqishining oldi olindi. Mazkur hajmdagi elektr energiyasi 4 million 633 ming 750 ta xonadonning 4 oylik yoki 1 million 544,6 mingta xonadonning bir yillik talabini qondiradi. Koʻrinib turibdiki, bu energiya tejamkorlik bilan birga, ekologiya uchun ham foydalidir.

Biroq qayta tiklanuvchi energiya manbalari rivoji muammolarni oʻz-oʻzidan hal qilmaydi. Xususan, GESlar suv resurslari cheklangani va ekologik oqibatlar bilan bogʻliq muammolar olib kelishi mumkin.

Bugungi davrda har bir tarmoq aniqlikka va reallikka tayanadi. Bu elektr energiyasi tizimiga ham taalluqli. Ayniqsa, suv omborlari xavfsizligi elektr energiyasi, qishloq xoʻjaligi, aholi xavfsizligi uchun muhim masala.

Bugungi kunda GESlar, suv omborlari va ulardagi gidrotexnika inshootlari xavfsiz va barqaror ishlashini taʼminlashda zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, nazorat-oʻlchov qurilmalaridan olinayotgan maʼlumotlarni inson omilisiz avtomatik diagnostika va onlayn monitoring qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bois, “Oʻzbekgidroenergo” AJ Oʻzbekistonda ilk marotaba AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Italiya, Slovakiya va Xitoyning nufuzli kompaniyalari ijobiy tajribasini oʻrganib, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida texnik va tashkiliy uzilishlarni bartaraf etish hamda axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish yoʻli bilan gidroenergetikada gidrotexnika inshootlarining xavfsiz ishlashini taʼminlashga qaratilgan axborot tizimlarining yagona majmuasi – Vaziyatlar markazini ishga tushirdi.

– Vaziyatlar markazi AJ boshqaruvidagi suv omborlaridagi suv resurslardan samarali va xavfsiz foydalanish, suv omborlaridagi asosiy koʻrsatkichlarni onlayn boshqarish, diagnostika qilish masalalarini avtomatlashtirish uchun tashkil etildi, – deydi “Oʻzbekgidroenergo AJ yetakchi mutaxassisi Jahongir Ahrorqulov. – Bu markaz suv omborlaridagi suv resurslari, nazorat oʻlchov qurilmalari, hamda gidroelektr stansiyalarda kunlik elektr quvvatlari ishlab chiqarishni raqamlashtirish, avtomatlashtirishga xizmat qiladi.

Markaz joylardagi tizimlarning uzluksiz ishlashini taʼminlab, jamiyat tasarrufidagi jami 6 ta suv ombori hamda 80 tadan ziyod katta va kichik GESni real vaqt rejimida mukammal kuzatish va tahlil qilish imkoniyatini yaratdi.

Shuningdek, chuqur oʻrganishlar asosida AJ tasarrufidagi suv omborlari xavfsiz ishlashini taʼminlab borish maqsadida barcha turdagi nazorat-oʻlchov qurilmalariga zamonaviy datchiklar oʻrnatilib, maʼlumotlarni onlayn tarzda yuqori aniqlikda uzatish, suv omborlari xavfsizlik holatini doimiy monitoring qilish hamda hodisalarni elektron tarzda avtomatik qayd etishga erishildi. Bunda obyektlarga Italiyaning nufuzli “SISGEO” kompaniyasining zamonaviy va yuqori aniqlikdagi jami 1 ming 500 ga yaqin qurilma va jihozi (datchiklar) oʻrnatildi.

Bu orqali olinayotgan axborotlarning ishonchliligi va tezkorligi ortib, suv omborlaridagi gidrotexnika inshootlari uchun ishlab chiqilgan miqdor va sifat tashxis koʻrsatkichlari bilan bogʻliq xavfsizlik mezonlarini inson omilisiz onlayn tarzda nazorat qilish, baholash, ularni operativ tahlil qilish va tegishli chora-tadbirlarni belgilash imkoniyati yaratildi.

Amalga oshirilgan barcha raqamlashtirish va avtomatlashtirish chora-tadbirlari asnosida respublikamizda birinchi marotaba mahalliy mutaxassislarni jalb etgan holda suv omborlari uchun xavfsizlik mezonlari ishlab chiqildi. Bunda suv omborini xavfsiz ishlatish boʻyicha mezoniy koʻrsatkichlar belgilandi. “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvidagi suv omborlarida toʻliq avtomatlashtirilgan tizim yaratildi.

Bundan tashqari, tizimda Germaniyaning Yer tadqiqotlari markazining “Markaziy Osiyoda suv” loyihasi tomonidan hududda suv zaxiralarini aniqlash, uzluksiz kosmik kuzatuvlarga asoslangan suv zaxirasini monitoring qilish “MODSNOW” dasturi joriy etildi. Bu bilan sunʼiy yoʻldoshdan olingan foto va videosuratlar yordamida matematik hisoblarni amalga oshirish orqali qor zaxirasini katta aniqlik bilan hisoblash imkoni yaratildi.

Vaziyatlar markazi faoliyati tizimdagi elektr energiyasi ishlab chiqarish, gidrotexnik inshootlar barqarorligi va xavfsizligini ishonchli taʼminlash, inshootlar umumiy ekspluatatsiyasidagi barcha texnologik va texnogen vaziyatlarni doimiy kuzatib borish, markazlashgan ASKUE tizimi bilan integratsiya qilish, GESlar va suv omborlarida oʻrnatilgan zamonaviy dasturiy texnologiyalar, ilgʻor asbob-uskunalar va nazorat-oʻlchash qurilmalari orqali avtomatik ravishda tizimli monitoringni olib borishga moʻljallangan.

– GESlarning elektr hisoblagichlardagi maʼlumotlarni Vaziyatlar markazi uzatish belgilangan edi. Hozir 550 ta elektr hisoblagich almashtirilib, markaz bilan integratsiya qilinib, shu yerdan kuzatib turish imkoni yaratildi, – deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJ yetakchi mutaxassisi Sherzod Jalilov. – Oldin bu ishlar qoʻlda bajarilardi.

AJning raqamli transformatsiya dasturi doirasida markazdagi maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash, xavfsiz aloqa tizimini joriy etish, turli zararli dasturlardan himoya qilish boʻyicha korporativ tarmoq yaratildi. Jamiyat binosida maʼlumotlarni qayta ishlovchi markaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Tizimdagi barcha GES va suv omborlarida markazlashgan IP telefoniya tizimi foydalanishga topshirildi.

Zamon talabidan kelib chiqib, tizim korxonalarida intellektual videokuzatuv tizimlari oʻrnatildi. Barcha korxonalar mingdan ortiq yangi avlod kamerasi bilan jihozlanib, Vaziyatlar markaziga maʼlumotlar toʻgʻridan toʻgʻri onlayn uzatib borilishi taʼminlandi.

Qolaversa, biror axborot tizimida nosozlik, texnik uzilish yuzaga kelsa, uni markaz orqali tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish mumkin boʻladi. Yaʼni Vaziyatlar markazi tashkil etilishi bilan gidroenergetika sohasidagi barcha axborot tizimlarini yagona majmua orqali nazorat qilish mexanizmi yaratildi.

“Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati erishilgan natijalar bilan kifoyalanmasdan, kelgusida sohani raqamlashtirish borasida koʻplab islohotlarni amalga oshirilishini oʻzi uchun belgilab olgan.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ Suv omborlaridan samarali va xavfsiz foydalanish boshqarmasi boshligʻi Mavlonjon Fozilovning soʻzlariga koʻra, endilikda suv omborlarining xavfsizlik darajasi inson omilisiz belgilab boriladi. Suv sathi, omborga quyilayotgan va chiqayotgan suv miqdorini nazorat qilish mumkin. Shuningdek, hududning qor bilan qoplanganlik darajasi, filtratsiya jarayonlari, seysmologiya, “Oʻzbekkosmos” maʼlumotlari hamda hududdagi faktik ob-havo maʼlumotlari olinadi. Buning uchun jamiyatga qarashli har bir suv omboriga meteorologik stansiyalar oʻrnatilgan. Ulardan olingan maʼlumotlar real vaqt rejimida koʻrinib turadi.


Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri


Maqola “Yangi Oʻzbekiston“ gazetasining 2025-yil 28-may, 107 sonida chop etilgan


Hamkorlik materiali