Tashrifdan maqsad mazkur davlat bilan yangi savdo-iqtisodiy aloqalarni yoʻlga qoʻyishdir.
Uyushma rahbariyati Vyetnamning “Thuong Dinh Pootwear” aksiyadorlik jamiyati Bosh direktori Nguyen Van Xim bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Maʼlumot uchun: Korxona 1957-yilda tashkil topgan. Asosiy faoliyat yoʻnalishi barcha turdagi vulkanizatsiyalangan va kanvas poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarishdir. Ayni vaqtda korxonada 6 ta zamonaviy ishlab chiqarish liniyasi, kompyuterlashtirilgan toʻquv dastgohlari mavjud. jamiyatda 1 000 nafarga yaqin ishchi-xodim faoliyat yuritadi, oyiga 200 ming juft poyabzal ishlab chiqariladi.
Shuningdek, “Thuong Dinh Pootwear” poyabzal sanoati uchun moʻljallangan rezina va yelimlar ishlab chiqaruvchi yirik korxona ham sanaladi. Muzokaralar korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishish bilan davom etdi. Uchrashuvda tomonlar bir vaqtning oʻzida bir nechta yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni koʻrib chiqdi.
Birinchi yoʻnalishda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tayyor charm mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. “Thuong Dinh Pootwear” AJ shuningdek, Oʻzbekistondan charm yetkazib berish boʻyicha distribyutor vazifasini oʻtashni rejalashtiryapti.
Kompaniya Oʻzbekistondagi “Hamkor Nur”, “Nafis Charm” va “Peng Sheng” kabi turli ishlab chiqaruvchilarning charm mahsulotlari namunalarini oʻrganib chiqadi. Xarajatlar va logistika masalalarini tahlil etiladi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala – Oʻzbekistonning poyabzal sanoatida qoʻllaniladigan rezina va lateks yelimlarni yetkazib berish masalasi boʻldi.
“Thuong Dinh Pootwear” aksiyadorlik jamiyati ushbu mahsulotlarni dunyodagi eng yirik yetkazib beruvchilaridan biri boʻlib, ularning mahsulotlari Xitoy orqali olib kelinadi. Uchrashuvda poyabzal ishlab chiqarish tan narxini yanada pasaytirish imkonini beruvchi rezina va yelimni vositachilarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama etildi. Uchinchi yoʻnalish – bu korxonaning poyabzal mahsulotlarini Oʻzbekiston bozorida sotish.
Korxona kauchuk taglikli krossovkalar ishlab chiqaradi. Oyoq kiyimlari “yigʻilgan” toʻliq blokda tayyorlanadi. Taglik yopishtiriladi. Qoʻshimcha ravishda yon tomonlarida maxsus kauchuk tasma bilan qoplanadi. Shundan soʻng, krossovkalar partiyasi maxsus pechga yuboriladi. U yerda 75-80 daqiqa davomida taxminan 100-110 daraja haroratda isitiladi.
Oʻzbekistonda bu ishlab chiqarish yoʻnalishi hali oʻzlashtirilmaganligi bois hamkorlarga nafaqat poyabzallarni import qilish, balki mamlakatimizda qoʻshma ishlab chiqarish loyihasini tashkil etishni nazarda tutuvchi hamkorlik tashabbusi taklif etildi.
Vyetnam kompaniyasi rahbariga Oʻzbekistonning charm-poyabzal tarmogʻidagi sanoat salohiyati, ishbilarmonlik muhiti, investorlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlari, mamlakatimizning 16 hududida charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan maxsus kichik sanoat zonalarining afzalliklari haqida axborot taqdim etildi.
Tomonlar Vyetnam kompaniyasi bilan yangi loyiha va har tomonlama hamkorlikning boshqa jihatlarini, savdo-iqtisodiy aloqalarning kelgusi istiqbollarini 5-7-aprel kunlari boʻlib oʻtadigan “UzCHarmExpo Shoesstar Eurasia 2023” xalqaro koʻrgazmasi doirasidagi biznes tashrif chogʻida batafsil tahlil qilib, yakuniy qarorni ishlab chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi «Oʻzcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.