Bu sulola vakillari salkam besh yuz yil davomida yurt boshqardi, jahon tarixiga munosib shaklu shamoyil berishda, dunyo madaniyatini rivojlantirishda ulkan saʼy-harakatlar koʻrgizib, jumla moʻminni, bashariyatni hayratga soldi. Tarixda bemisl hodisaga aylangan bu olamshumul hayrat hali-hanuz davom etib kelmoqda va intiho bilmayajakdir.

Amir Temur qanday yoʻsinda shunday davlatni barpo qilishga erishdi?

Bu davlat tep-tekis joyda paydo boʻldimi? Uning sarchashmalari qayerdan boshlanadi?...

Bu savollarga javob berish uchun Amir Temurning davlat boshiga kelishi tarixini koʻzdan kechirishimiz lozim boʻladi. Albatta, Sohibqironga buyuk bobolarimiz, avjdodlarimiz tajribalari katta koʻmak bergan. Allomalarimizning purhikmat risolalari, podsholarimizning parvoz va inqirozlari sabablari, sarkardalarning jang rusumlari, davlatlarning qonun-qoidalari, toʻra-tuzuklari — barcha-barchasi Sohibqironning aqlini toʻlishtirgan, tafakkurini boyitgan omillar edi. Ular bilan tanishish, teran oʻqib-oʻrganish havas qilsa arzigulik samaralar berdi.

Davlatni bunyod qilish, tuzish, uni maʼlum toʻra-tuzuk asosida boshqarish borasida Amir Temur qoʻllagan tajribalar diqqatga sazovordir. Bu uning bilimga oʻta chanqoq ekanini, chanqoqlikka ham oʻzi mutolaa qilib, ham ziyoli kishilar suhbatlaridan bahra olib, ham chechan qissaxoni Mavlono Ubayd hikoyalariga quloq berib erishganini koʻrsatadi. Bilim olmoq yaxshi, biroq olingan bilimni oʻz tajriba korxonasidan oʻtkazib, hayotiy xulosalar chiqarish, uni hayotga tatbiq eta bilish, amalda koʻrsatish muhimroqdir. U oʻzining mashhur “Tuzuklar”ida shunday yozadi: “...Saltanat qurish, davlat tutish ishlarini bir necha tuzukka bogʻladim va saltanatni boshqarish haqida qoʻllanma (dastur ul-amal) yozib qoldirdim, toki farzandlarim va avlodimdan boʻlganlarning har biri unga muvofiq ish yuritsin... Toki mendan ularga yetadigan davlat va saltanat zararu tanazzuldan omon boʻlgay...”

Maʼlumki, Sharqda odil podsho, saodatli mamlakat haqidagi orzular qadim-qadimdan yashab keladi. Tabiiyki, bu haqda allomalarimiz turli risolalar, qoʻllanmalar, pand-nasihatlar va maslahatlarga boy kitoblar yozib qoldirgan. Chinakam saltanat sohibi boʻlmoqni istagan, mamlakat masnadida uzoq yillar oʻltirib davron surmoqni xohlagan, millat ravnaqi yoʻlida mashaqqat chekmoqni oʻziga sharaf deb bilgan arboblar bunday kitoblardan unumli foydalangan.

Ana shunday kitoblardan biri buyuk faylasuf bobomiz, Sharqda “muallimi soniy”, yaʼni “ikkinchi mualim” deb sharaflangan Abu Nasr al-Forobiyning “Fozil shahar kishilarining qarashlari” risolasi hisoblanadi. Uni har jihatdan yetuk shahar kishilarining fikrlari, deb izohlash oʻrinlidir. Ushbu risola juda koʻp podsholarimizning sevgan kitoblaridan boʻlganligiga shubha yoʻq. Chunonchi, Samarqanddagi Sarbadorlar davlati hukmdori Abubakr Kalaviyni aytib oʻtamiz.

Buyuk bobokalon Abu Nasr al-Forobiy yer yuzida insonlar jamiyati, uning shakli boʻlgan fozil shahar va fozil shahar boshligʻi toʻgʻrisida yozar ekan, oʻsha boshliq (rais, hokim, umuman rahbar maʼnosida) oʻzida oʻn ikki xislat — fazilatni mujassam etmogʻi kerak, deydi. U “oʻn ikki” raqamiga urgʻu beradi. Soʻng ushbu fazilatlarni birma-bir taʼriflab chiqadi. Shunisi diqqatga sazovorki, ushbu taʼriflarni oʻqiganda, bevosita Amir Temur siymosi koʻz oldingizda namoyon boʻladi. Goʻyo alloma oʻzidan besh yuz yillar keyin dunyoga keladigan avlodi – Sohibqiron fazilatlarini birma-bir sanab oʻtgandek... Toʻgʻrirogʻi, buning sababini Amir Temurning oʻsha risolani oʻqib, risoladagidek fozil rais, odil podsho boʻlishga harakat qilganligidandir, deb bilmoq joiz. Uni odillikka undagan fazilatlarga toʻxtalib oʻtsak.

Buyuk donishmand faylasuf Al-Forobiy “Fozil shahar kishilarining qarashlari” risolasida yozishicha, fozil rais dastavval toʻrt muchasi sogʻ boʻlsin, har ishningki ilgini tutsa, malolsiz ado eta olsin;

– ikkinchidan, tabiatan nozik, farosatli, ziyrak ekanligi tufayli suhbatdosh (raʼiyat)ning soʻzu fikrlarini tez ilgʻab oladigan boʻlsin;

– uchinchidan, koʻrgan-eshitgan narsalarini hamisha xotira koʻzgusida saqlay olsin;

– toʻrtinchidan, idroki pok, zehni oʻtkir, zukko boʻlsin;

–beshinchidan, oʻz fikrini oʻzgaga ravshan tushuntira olsin, lafzi tiniq va ravon boʻlsin;

– oltinchidan, bilimu maʼrifatga mehr qoʻysin, toliqish nima bilmasin, oʻrganish zahmatlaridan zinhor qochmasin;

–yettinchidan, taom, may, ayollar bobida sabr-qanoatli boʻlsin, qimordan qochsun, uning rohat-farogʻatidan irgansin;

–sakkizinchidan, haqiqatni ardoqlasin, uning tarafdorlarini olqishlasin, yolgʻonning betiga qaramasin;

–toʻqqizinchidan, qalbi magʻrur boʻlsin, oʻz obroʻyining qadriga yetsin, nomus-oriyatli ekanligini unutmasin, bilsinkim, uning qalbi tabiatan razil ishlardan yuksakda turadir, illo oliyjanob ishlar uchun yaratilgandir;

–oʻninchidan, dirham, dinor singari turmushning turfa afzalliklaridan nafratlansin, mol-dunyo ketidan quvmasin;

–oʻn birinchidan, adolatni sevsin, nafrat oʻqini zolimlarga qaratsin, oʻz odamlariga ham, oʻzgalarga ham bir xilda boqsin, barchani odillikka chaqirsin, nohaqlik tufayli yetgan ziyonni sobitqadamlik bilan undirib bersin, odil boʻlsin, vale qaysar boʻlmasin, haq oldida oʻzboshimchalik, oʻjarlikka erk bermasin, ammo har turli bedodlik va qabihlik qoshida irodasining shijoatli kuchini ayon qilsin;

va nihoyat oʻn ikkinchidan, biron bir yumushga ilik sunsa (yaʼni biron ishni boshlasa), oʻsha ishni qilmakni zarur topgan boʻlsa, bas, jurʼatli, qatʼiyatli boʻlsin, minbaʼd qoʻrqib-pisib qolmasin, jasurligin ayon etsin, shiddat koʻrgizsin…

Komil insonga qoʻyiladigan ushbu fazilatlar taʼrifini birma-bir Amir Temur hayoti pillapoyalarini kuzatgan holda, muqoyasa qilib koʻrilsa, ajoyib manzaralar namoyon boʻlishi shubhasiz. Ular mujassamini Amir Temur siymosida koʻra olamiz. Sohibqiron uzugida “Kuch adolatdadir” soʻzlari naqsh qilinmish edi. “Zolimlardan mazlumlar haqini oldim”, deydi oʻz “Tuzuklar”ida.

Yaxshisi, Amir Temur shaxsiga ochiqchasiga gʻaraz bilan yondashuvchi arab tarixchisi Ibn Arabshohning quyidagi taʼrifiga diqqat qilaylik: “...(Amir) Temur qanchadan-qancha daho va xufyona fikru zakovatga ega edi... (Amir)Temur tengi yoʻq feʼl-atvorli, chuqur mulohazali kishi boʻlib, uning tafakkur dengizining qaʼri yoʻq… (Amir)Temur baland qadli, uzun boʻyli, tik qomatli, goʻyo qadimiy pahlavonlar avlodlaridan boʻlib, keng peshonali, katta boshli, gʻoyatda kuchli va salobatli, ajoyib boʻlalik, rangi oqu qizil yuzli, lekin dogʻsiz, bugʻdoy rang emas, qoʻl-oyoqlari baquvvat, yelkalari keng, barmoqlari yoʻgʻon, poychalari semiz, qaddi-qomati kamoliga yetgan, sersoqol, oʻng oyoq-qoʻli choʻloq va shol, ikki koʻzi bamisoli ikki shamdek boʻlsa-da, shodligi bilinmas, ovozi yoʻgʻon edi; u oʻlimdan qoʻrqmas, yoshi yetmishga yetgan boʻlsa-da, iztirobsiz, vazmin, badani toʻla va pishiq, huddi zich(qalin) tosh misoli qattiq edi. U hazil-mazax, yolgʻonni yoqtirmas, oʻyin-kulgiyu koʻngilxushlikka maylsiz, garchi soʻzda oʻziga ozor yetadigan biror narsa boʻlsa hamki, sadoqat unga yoqar edi; u boʻlib oʻtgan ishga aziyat chekmas va oʻziga hosil boʻladigan yutuqdan shodlanmas edi... Koʻpincha uning majlisida uyatsiz soʻzlar, qon toʻkish, asir olish, naqbu gʻorat qilish va haram(haqiga) haqorat gaplar boʻlmasdi. U bexato (nishonga urguvchi) fikrli, ajoyib farosatli, mislsiz darajada baxtli, ulugʻvorligi oʻziga muvofiq, qatʼiy azm bilan soʻzlovchi, boshiga kulfat tushganda ham haqgoʻy kishi edi...”

Bu Ibn Arabshoh, zikr etilganidek, gʻarazgoʻy tarixchining taʼrifi ekanligini nazarda tutsak, Amir Temurning komil inson sifatida Abu Nasr al-Forobiy qoʻygan talablarga toʻla javob bera olishini anglaymiz. Rostdan ham, faylasuf keltirgan mukammal inson taʼrifi va Sohibqironni oʻz koʻzi bilan koʻrgan muarrixning tasvirlari bir-biriga bagʻoyat mos keladi.

Garchi biron yerda Amir Temurning ushbu kitobga munosabati haqida eslatilmagan esa-da, Sohibqiron ham yuqoridagi fikrdan mustasno emas, u bu kitob bilan shubhasiz tanish, degan xayolga boradi kishi. Zero, Sohibqiron ham oʻz “Tuzuklar”ida “oʻn ikki” raqamiga koʻp diqqat qiladi, “oʻn ikki toifa”, “oʻn ikki tuzuk”, “oʻn ikki burj”, “oʻn ikki oy”, “oʻn ikki amir” qabilida iboralarni ishlatadi.

“Temur tuzuklari”ni varaqlaganda, Sohibqironning “Fozil shahar kishilarining qarashlari” kitobidan boxabar ekanligini isbotlovchi yana bir holni kuzatish mumkin. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Sohibqiron ham “oʻn ikki” raqamini yaxshi koʻradi. “Men, — deydi u, oʻn ikki narsani oʻzimga shior qilib olib, saltanat martabasiga erishdim…” Hayratlanadigan joyi shundaki, “oʻn ikki narsa”dagi hamda “Saltanatni oʻz erkimda saqlash tuzugim” bobidagi juda koʻp nuqtalar Abu Nasr al-Forobiy orzu qilgan fazilatlar bilan uygʻunlashib ketadi. Masalan, podshoh oʻz soʻziga ega boʻlishi lozim, har narsada adolatpesha boʻlishi kerak, adolatli vazirlar saqlashi darkor va hokazo. “Uchinchidan, hech kimdan oʻch olish payida boʻlmadim… — deydi Sohibqiron. —Toʻrtinchidan, ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni oʻzimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda boʻlishga intildim.”

“Saltanat korxonasining tuzugi”ni tuzar ekan, saltanat kishilarini oʻn ikki toifaga boʻladi va har bir toifaning taʼrifini keltirib, vazifalarini belgilab chiqadi. Sayyidlar, ulamoyu shayxlar, ehtiyotkor arboblar, duogoʻy kishilar, amirlar, sarhanglar, bahodirlar, vazirlar, devon munshiylari, hakimu tabiblar, munajjimu muhandislar, muqaddisu mashoyixlar, oriflar, hunarmandlar, savdogarlaru sayohatchilar va hokazo kishilar ana shu oʻn ikki toifani tashkil qiladi. Amir Temur “Oʻn ikki tabaqa va toifadagi kishilar bilan mamlakatlarni zabt” etganini taʼkidlaydi, agar har qanday podsho ham shu oʻn ikki narsaga ega boʻlmas ekan, saltanatdan bebahra qolishini uqtiradi. Albatta, bunday ishlarni faqat Abu Nasr al-Forobiy aytganidek, oʻn ikki fazilatga ega boʻlgan komil insongina amalga oshira olishi mumkin. Amir Temur ana shunday ulugʻ zot edi.

Yurt boshiga kelishdan avval Amir Temur ajdodlar tajribasini chuqur egallab, saltanatni puxta tuzilgan tuzuk va nizomlar asosida boshqarish sirlarini oʻrgangan edi. Amir Temur davlati tep-tekis yerda paydo boʻlmadi, balki oʻtmishda chuqur iz qoldirgan davlatlarimiz davomchisi sifatida boʻy-bast koʻrgizdi, oʻzbek davlatchiligining yuksak choʻqqisi sifatida namoyon boʻldi. Podsholik ogʻir mehnat ekanligini anglab yetgan Sohibqiron “azmu jazm bilan ish tutib” qudratli davlat barpo etdi. Buni Sohibqiron “Tuzuklar”da, “Saltanat toʻnini kiygach, tinchligu sogʻligim ketdi, oʻz toʻshagimda rohatda uxlash huzur-halovatidan voz kechdim...”, degan samimiy soʻzlar bilan ifodalaydi.

Sohibqiron Amir Temur mulku millat yoʻlida fidoyilik koʻrgizgan chinakam xalq ichidan chiqqan asl qahramondir. U xon avlodi emas, xalqdan oʻsib chiqqan va buyuk davlat tuzgan buyuk arbob. Bunday siymoni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalq esa ulugʻ xalq, deb atalishga loyiqdir.

Muhammad ALI,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, professor.