Maqolada bugungi kunning eng dolzarb mavzusi — dunyoda tinchlik-totuvlikni mustahkamlash, taraqqiyot yoʻlida oʻzaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash masalalari tahlil etilgan. Bu borada Shanxay hamkorlik tashkilotining oʻrni, xususan, ushbu tuzilmaning Samarqandda oʻtadigan navbatdagi sammiti ahamiyati, Oʻzbekiston tashabbuslarining mazmun-mohiyati teran ochib berilgan.

Bugungi axborot globallashuvi sharoitida dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechmoqda. Davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch yemirilib, geosiyosiy oʻyinlar, hatto qurolli qarama-qarshiliklar tobora kengayib borayotir. Oʻzaro ishonchsizlik, hamkorlik aloqalarining cheklangani jahon iqtisodiyotini tushkunlik girdobiga tashladi. Dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini yanada keskinlashtirdi, narx-navo koʻtarilishiga sabab boʻldi. Boz ustiga, iqlim oʻzgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligi ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi insoniyatni xavotirga solib qoʻydi. Xoʻsh, bunday talotoʻplar sharoitida qanday yoʻl tutmoq kerak?

Prezidentimiz maqolada muammodan chiqish yoʻlini koʻrsatib berdi. Faqat konstruktiv muloqot va va oʻzaro manfaatlarni hisobga oladigan koʻp tomonlama hamkorlik muammodan chiqishning yagona yoʻli boʻla oladi. Inqiroz va boʻhronlar davrida mamlakatlar katta yoki kichikligidan qatʼi nazar, oʻzining tor doiradagi manfaatlarini ustun qoʻymasdan, aksincha, asosiy eʼtiborni hamjihatlikka qaratishi lozim. Samarali xalqaro hamkorlik — bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yoʻl hisoblanadi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti mana shunday ulkan imkoniyatlarga ega boʻlgan hamda xalqaro iqtisodiy va siyosiy munosabatlar tizimida tobora muhimroq ahamiyat kasb etib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmadir. U tashkil etilganidan buyon qisqa vaqt mobaynida global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylandi. Tashkilotning jahonda yuz berayotgan voqealarga faol munosabati, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan qatʼiy siyosiy yoʻli dunyo hamjamiyatining qiziqishi va ishonchi ortishiga sabab boʻlmoqda.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, yangi sinovlar va imkoniyatlar vujudga kelayotgan bugungi dunyoda SHHTning transformatsiyasi va yuksalishi uchun nafaqat aʼzolar soni koʻpayishi hisobiga, balki tashkilot rivojining yangi strategik yoʻnalishlarini ilgari surish orqali keng istiqbollar mavjud. Bu oʻrinda gap transport va oʻzaro bogʻliqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim yoʻnalishlar haqida bormoqda.

Maqolani mutolaa qilar ekanmiz, SHHTning joriy yil 15-16-sentyabr kunlari azim Samarqand shahrida boʻladigan navbatdagi sammiti anʼanaviy formatdagidan oʻzgacha oʻtishi tasavvurimizda jonlanadi.

Xususan, bu galgi anjumanda tashilotning sakkiz aʼzosidan tashqari, kuzatuvchi va mehmon sifatida Eron, Belarus, Moʻgʻuliston, Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston va Armaniston Prezidentlari ham ishtirok etishadi. Shu maʼnoda, Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Yevroosiyo mintaqasida joylashgan, ayni paytda nufusi jihatidan jahon aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan mazkur mamlakatlar rahbarlarining bir stol atrofida jamlanishi, aytish mumkin boʻlsa, global xavf-xatarlar kengayib, geosiyosiy poʻrtanalar avjiga chiqqan va har qanday istiqbolni oldindan taxmin etish tobora qiyinlashayotgan hozirgi murakkab dunyoda nihoyatda dolzarbligi bilan barchaning diqqat-eʼtiboridadir.

Sammitda mintaqaviy xavfsizlikni va koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish, tinch-totuv va farovon hayotni taʼminlash borasida samarali yutuqlarga erishilishiga shubha yoʻq. Zero, SHHTning xalqaro tashkilot sifatidagi jozibadorligi va uning faoliyati asosini tashkil etadigan tamoyillar har qanday kishida ana shunday yorugʻ umid va ishonch uygʻotadi.

Binobarin, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot — SHHTning, birinchidan, turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ikkinchidan, ochiqligi, uchinchidan, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, toʻrtinchidan, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, beshinchidan, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yoʻl qoʻymaslik kabi tamoyillarga rioya qilishi tuzilmaning xalqaro maydonda hurmat va qadr topishi, davlatlarning unga talpinishiga sabab boʻlmoqda.

“Shanxay ruhi” tashkilotga aʼzo davlatlarning siyosiy, harbiy va iqtisodiy qudrati har xil oʻlchamda boʻlishiga qaramay, ularning barchasi teng va hamjihatligini bildiradi. Ayniqsa, SHHT doirasida barcha qarorlarning konsensus asosida qabul qilinishi tamoyili ham uni mukammal tuzilma sifatida namoyon etadi.

Oʻzbekiston tashkilot doirasida konkret va amaliy tashabbuslarni ilgari suryapti. Olaylik, Oʻzbekiston rahbarining transport va oʻzaro bogʻliqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim yoʻnalishlardagi tashabbuslari roʻyobga chiqsa, SHHT doirasidagi iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlari bir necha borabar oshadi, tashkilotning imiji va obroʻ-eʼtibori yanada yuksaladi.

SHHT doirasida milliy manfaatlarimizga javob beradigan koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslarimiz mintaqadagi barqarorlik hamda hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlariga toʻliq mos keladi. Chunonchi, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston SHHT doirasida yangi hamkorlik platformalarini ishga tushirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi: Prezident farmoni bilan Toshkentdagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi ochildi, tashkilotga aʼzo davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlari rahbarlarining uchrashuvlari mexanizmi yoʻlga qoʻyildi. Samarqandda “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti barpo etildi. Bu poytaxtimizda muqaddam ochilgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasiga qoʻshimcha tashkilotlar sifatida Oʻzbekistonning ahamiyatini yanada kuchaytirdi.

Tashkilotga raislik Oʻzbekistonga koʻp tomonlama kooperatsiyani yanada mustahkamlash barobarida har bir davlat bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yanada keng qamrovli sheriklik uchun yangi yoʻnalishlarni belgilab olishda yaxshi imkoniyatlar berdi.

“Har birimiz kuchli boʻlsakkina SHHT kuchli boʻladi” shiorini amalda roʻyobga chiqarish yoʻlida tashkilotning yanada kuchli va xalqaro hamkorlar uchun yanada jozibador boʻlishiga erishish uchun jiddiy harakat qilindi.

Prezidentimiz maqolada Afgʻonistonni SHHT makonining ajralmas qismi sifatida taʼkidlagani bejiz emas. Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi ushbu mamlakatdagi barqarorlik mintaqa xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, oʻtkazilajak sammit Afgʻonistondagi murakkab vaziyatni keng muhokama etish uchun juda qulay diplomatik maydondir.

Afgʻoniston bilan oʻzaro munosabatlar, jafokash afgʻon xalqiga har tomonlama yordam va koʻmak berishni kuchaytirish bilan bogʻliq barcha masalalar hamon xalqaro hayotning kun tartibida. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratib, kelgusida Afgʻonistonga ijtimoiy-iqtisodiy yordam koʻrsatishning aniq dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surmoqda. Hozir mamlakatimiz gumanitar inqirozga yoʻl qoʻymaslik uchun bu davlatga zaruriy oziq-ovqat, neft va elektr energiyasini yetkazib berishda davom etmoqda.

Zero, hozirgi murakkab bir paytda bu davlatni yakkalab qoʻyish mavjud vaziyat va taranglikni yanada kuchaytiradi, xolos. Shu sababli, avvalo, qoʻshni davlatlar bunday sharoitda yakdillik va bir-biri bilan muvofiqlashtirilgan harakatlar qilishi ahamiyati keskin oshadi.

Shubhasiz, Afgʻoniston SHHT makonining ajralmas qismidir. Bugun afgʻon xalqi qoʻshni va xayrixoh davlatlar koʻmagiga har qachongidan ham muhtoj. Qolaversa, Oʻzbekiston tashabbuslarining yana bir ahamiyatli jihati bor. Yaʼni asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari oʻrtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini oʻtab kelgan Afgʻoniston endi Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi koʻprik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida oʻzini namoyon etmogʻi lozim. Bunday oʻzaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida transafgʻon koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yoʻli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali ikkita maqsadni roʻyobga chiqara olamiz. Birinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy va transport kommunikatsiyasi “koʻpriklari” oʻrnatiladi, ikkinchidan, mintaqaviy xavfsizlik taʼminlanadi.

Nufuzli xalqaro sammitning Samarqandda oʻtkazilishida ham oʻziga xos ramziy maʼnoda bor. “Yer yuzining sayqali”, deya eʼtirof etiladigan bu qadimiy kent koʻp asrlar mobaynida Yevropadan Xitoygacha boʻlgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bogʻlab, shimol va janubni, sharq va gʻarbni yagona chorrahada tutashtirib kelgan.

Shubhasiz, koʻhna va hamisha navqiron Samarqand Shanxay hamkorlik tashkiloti qudratini va jozibadorligini oshirish bilan tarixga kiradi. Samarqandning shonli tarixiy merosi va oʻziga xos ruhi bunga xizmat qiladi.

Boz ustiga, yangi Oʻzbekistonning faol diplomatiyasida Samarqand mamlakatimizning eng muhim xalqaro tashabbuslarini ilgari surish uchun noyob platforma boʻlmoqda. Soʻnggi yillarda shaharda qator yirik forumlar muvafaqqiyatli oʻtkazildi. Qoʻlga kiritilgan tajriba, oʻzaro hamjihatlik, yaxlitlik va farovon hayotni oʻzida mujassam etgan “Samarqand ruhi” “Shanxay ruhi” bilan uygʻunlashib, uni yanada toʻldiradi. Shu sababli aminmizki, Samarqandda SHHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh boʻlamiz: xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirishda mustahkam poydevor yaratiladi.

Ozodbek Nazarbekov,

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri