Xalqaro konferensiyada Qoʻqon xonligining turkiy xalqlar taraqqiyotidagi oʻrni muhokama qilindi

    Turizm 10 Iyun 2022 4817

    Qoʻqonda boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada Qoʻqon xonligining turkiy xalqlar taraqqiyotidagi oʻrni muhokama qilindi.

    8-9-iyun kunlari Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida joylashgan Qoʻqon universiteti binosida “Qoʻqon xonligining turkiy xalqlar davlatchiligi rivoji va madaniy merosida tutgan oʻrni” mavzusidagi ilmiy amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Vengriya kabi davlatlardan 20 dan ziyod notiq ishtirok etdi. Shu bilan birga, Istanbul universiteti, Anqara universiteti, Xojattepe universiteti, Boku davlat universiteti, Qozogʻistonning Al Farobiy milliy universiteti, Bishkek davlat universiteti, Turkmanistonning Maxtumquli davlat universiteti, Budapesht universiteti, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti vakillari hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, A.Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti va Qoʻqon universitetidan 30 ga yaqin oliy taʼlim muassasasi, xalqaro tashkilotlar va ekspert hamjamiyatlarining 50 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

    Konferensiyani Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.

    “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2021-yil iyun oyida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti yigʻilishida Qoʻqon shahri Turkiy dunyo “Turizm poytaxti” deb eʼlon qilindi. Qoʻqon universitetida oʻtkazilayotgan bugungi xalqaro konferensiyaning maqsadi – Qoʻqon xonligining Turkiy xalqlar davlatchiligi hayotida tutgan oʻrni, mazkur davlat doirasida turli xalqlar madaniyatining uygʻunlashib sermazmun qiyofa kasb etishi tarixini oʻrganishga qaratilgan yangi tadqiqotlar natijalarini chuqur muhokama qilish, ularni xalqaro ilmiy jamoatchilik orasida keng targʻib qilish va shu asnoda Qoʻqon xonligining Turkiy xalqlar davlatchilik tarixini oʻrganilmay qolgan jihatlarini tadqiq etish borasidagi ilmiy izlanishlarga yangidan impuls berishdan iboratdir”, — dedi Aziz Abduhakimov.

    Shundan soʻng Turksoy bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy davlatlar kotibi oʻrinbosari Mirvohid Azimov hamda nufuzli universitetlar rektorlari ham nutq soʻzladi.

    Taʼkidlash joizki, konferensiya doirasida toʻrt yoʻnalishda yalpi sessiya oʻz ishini boshladi. Bular:

    - Qoʻqon xonligining tarixi, davlatchiligi va geosiyosiy ahamiyati;

    - Qoʻqon xonligida ilm fan va madaniyatning rivojlanishi;

    - Oʻrta Osiyoda milliy uygʻonish harakatlari

    - Turkiy dunyoning qalbi Fargʻona vodiysi. Oʻtmish, bugun, kelajak.

    Anjuman toʻrt til – oʻzbek, turk, ingliz va rus tillarida ish olib borildi.

    Konferensiya yakuniga koʻra, tarixni kelgusi avlodga haqqoniy yetkazib berishga oid muhim taklif va mulohazalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.