Sharq mutafakkirlari XV asr Uygʻonish davriga “asri tilloiy” yaʼni “oltin asr” deya taʼrif berganlar. Dunyo rassomlari ijodiga katta ijobiy taʼsir koʻrsatgan daho ijodkor Kamoliddin Behzod esa umuminsoniyat madaniyati tarixida oʻchmas iz qoldirgan “oltin asr” yaʼni nafosat olamining Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, Rafael kabi buyuk sanʼatkorlaridan biri hisoblanadi. Oʻz davrining buyuk rassomi XV asr ikkinchi yarmi Hirot miniatyura maktabi asoschisi sifatida shuhrat qozongan. Behzod ijodidagi hayotiy mavzular va ularning mohirona talqini rassom asarlarini jahon sanʼati noyob durdonalari sifatida juda katta maʼnaviy qiymat va ahamiyatga egaligini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yana-da oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori shu yoʻnalishdagi yana bir muhim hujjat boʻldi. Kamoliddin Behzod tavalludining 565-yilligini shu yil oktyabr oyida mamlakatimizda keng nishonlash bilan bogʻliq ushbu muhim hujjat musavvirning boy ijodiy merosini xalqimizga toʻla yetkazish, milliy tasviriy va amaliy sanʼatimizni yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan poytaxtimizda 14-16-oktyabr kunlari Kamoliddin Behzod tavalludining 565-yilligiga bagʻishlangan Xalqaro simpozium oʻz ishini boshladi.
Toshkent fotosuratlar uyida Xalqaro simpoziumning ochilish marosimi hamda “Ey musavvir, dilbarimgʻa surate monand qil...” mavzuidagi miniatyura va xattotlik asarlarining yuzdan ziyod namunalari sanʼat ixlosmandlari eʼtiboriga havola etildi.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan maʼnaviy-madaniy islohotlar jarayonida xalqimizning buyuk tarixiy qadriyatlarining qadrlanishi, ulugʻ allomalar, atoqli olimlar, el sevgan sanʼatkorlar hayoti va ijodini, boy meʼrosini oʻrganishga hamda tasviriy va amaliy sanʼatni yuksaltirish va mustahkamlashga katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.
Simpozium tadbirlari doirasida ishtirokchilarning buyuk musavvir ijodi haqidagi fikrlari bilan bilan qiziqdik:
– Bismillohir-rahmonir-rahim. Soʻzim avvalida ushbu anjuman tashkilotchilari va ishtirokchilariga oʻz minnatdorchiligimni bildirishga ijozat bergaysiz, – deydi Eron Islom Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hamid Nayyirobodiy. – Eʼtirof etish lozimki, sanʼat butun dunyo xalqlari uchun umumiy bir til hamda insoniyat sivilizatsiyasining eng goʻzal hodisalaridan biri boʻlib, musavvirlik sanʼati ushbu goʻzallikni eng yaxshi bir shaklda oʻzida mujassam etadi. XV-XVI asrlarning atoqli rassomi Kamoliddin Behzoddan meros qolgan asarlar bunga yaqqol dalildir. Uning miniatyura sohasiga kiritgan yangiliklari irfon, haqiqat, adabiyot, tabiat va reallik bilan bogʻliq ravishda shakllandi. Bular yangi usullar boʻlib, Kamoliddin Behzod ularni ikki yoʻnalishda – ishlov berish va texnikada, mavzular va mazmunlarda qoʻllashga muvaffaq boʻldi. U oʻz davridagi jarayonlarga mutanosib ravishda hamda turli xalqlar sanʼatlari xususiyatlaridan foydalangan holda, miniatyura sanʼatida yangi bir uslub yaratdi yoxud adabiyot, irfon, antropologiya va jamiyatshunoslik bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan miniatyura sanʼati tomon yangi va muhim bir eshik ochdi. Kamoliddin Behzod Eron, Oʻzbekiston va Afgʻonistonning doʻst va birodar xalqlarini bir-biriga bogʻlab turadigan hamda ushbu uch mamlakat sanʼatkorlari va xalq ommasi tomonidan ulugʻlanadigan ulugʻ shaxslar jumlasiga kiradi. Shulardan kelib chiqqan holda, ushbu atoqli shaxsning tavallud toʻyi kelgusi yilda mazkur uch mamlakatning madaniyat va sanʼat ahli tomonidan birgalikda oʻtkazilishini taklif qilaman.
Ikki kun davomida oʻtkaziladigan tadbirlar doirasida, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyida Oʻzbekiston xalq rassomi, Shomahmud Muhammadjonovning shaxsiy koʻrgazmasi, Markaziy koʻrgazmalar zalida “Kamoliddin Behzod va uning davri” nomli rangtasvir, grafika va haykaltaroshlik asarlari koʻrgazmasi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida “Kamoliddin Behzod izdoshlari” tanlovi respublika bosqichi ishtirokchilarining miniatyura va xalq amaliy sanʼati asarlari koʻrgazmalari boʻlib oʻtadi.
Afgʻoniston, Eron, Angliya, AQSH, Ispaniya, Irlandiya, Yaponiya, Fransiya, Xitoy, Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Pokiston, Turkiya va boshqa davlatlardan 15 dan ortiq ijodkorlar hamda 20 ga yaqin olimlar oʻzlarining sanʼat asarlarini taqdim etdilar.
Xalqaro simpozium oʻz ishini “Kamoliddin Behzod ijodi Sharq va Gʻarb badiiy madaniyati kesimida” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya bilan yakunlaydi.
Bugungi kunda dunyo boʻylab yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat tufayli ushbu xalqaro anjuman onlayn tarzda oʻtkazilmoqda. Onlayn anjumanda dunyoning 20 dan ortiq davlatlari va xalqaro tashkilotlaridan taniqli sanʼatshunoslar, Sharq miniatyura sanʼatining yetakchi mutaxassislari, behzodshunoslar ishtirok qatnashmoqda.
Gulichehra Durdiyeva,
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbir