Xalqaro tajribaning eng maqbulini tanlaymiz

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan soʻngi yillarda oliy taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – malakali va zamonaviy bilimga ega kadrlar tayyorlashda dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish.

    Shu orqali yurtimizdagi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlarining xorijiy universitetlar, ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilmiy va akademik tajribasini orttirishi uchun imkoniyat yaratish ishlariga katta ahamiyat qaratilmoqda.

    Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali bugungi kunda 7 ta xorijiy davlat – Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston Respublikalaridagi 17 ta oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik olib bormoqda.

    Yirik hamkorimiz Rossiya Federatsiyasining yetakchi oliy oʻquv yurti – Ural federal universiteti Yangi material va texnologiyalar instituti bilan ilmiy, oʻquv, amaliy hamkorlik faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. URFU delegatsiyasining oliygohimizga tashrifi davomida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali aniq tizim asosida magistrant, yosh oʻqituvchi va ilmiy xodimlarning stajirovka oʻtashini, professor-oʻqituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish, shuningdek, respublikamizning yetakchi metallurgiya korxonasi “Olmaliq KMK” AJ bazasidagi mavjud togʻ-kon sanoati muammolarini uch tomonlama hamkorlik asosida oʻrganish ishlarini amalga oshirish rejalashtirildi.

    Germaniya davlatining Frayberg texnika universiteti Konchilik akademiyasi Togʻ-kon institutining direktori, Saksoniya Fanlar Akademiyasi va boshqa xalqaro ilmiy akademiyalar aʼzosi, professor Karsten Drebenshted boshchiligidagi bir guruh professor, aspirant va talabalardan iborat delegatsiyasi filial faoliyati bilan tanishib? oʻzaro hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.

    Qozogʻiston Respublikasining M.Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti bilan oʻrnatilgan uzviy hamkorligi doirasida akademik mobillik asosida professor-oʻqituvchilar talabalarimizga maʼruzalar oʻqishdi.

    Oʻquv va ilmiy laboratoriyalar, OTM moddiy-texnik bazasi bilan tanishish maqsadida Jahon Xitoy investitsiya fondining Markaziy Osiyo boʻyicha mutaxassislari Chen Chen va Vuu Yang Kiu filialga tashrif buyurdi. Mazkur xalqaro fondning maqsadi Oʻzbekistonda istiqbolli sanoat loyihalarini oʻrganish, qoʻllab-quvvatlash, moliyaviy sarmoya kiritish boʻlib, mutaxassislar sanoatning metallurgiya ishlab chiqarish korxonalari hamda taʼlim tizimi bilan tanishdilar.

    Xalqaro hamkorlik har bir oliy taʼlim muassasasining maqsadi va bu orqali ular oʻzaro tajriba almashish bilan birga yangi zamonaviy yondashuvlarni oʻrganish imkoniga ega boʻladi. Xitoy Xalq Respublikasining “Beijing International Chinese College” tomonidan oliy taʼlim yoʻnalishlarida faoliyat yurituvchi rahbar-kadrlar uchun xitoy taʼlim tizimini oʻrganish va tajriba almashish boʻyicha seminar-treningda filial direktorining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari ham ishtirok etdi. Xitoyning Gendan instituti bilan kelgusida tegishli sohalar kesimida hamkorlik qilish boʻyicha memorandum imzolandi. Pekin xalqaro xitoy kolleji bilan kelgusida xitoy tilini oʻqitish, taʼlim sohasida hamkorlik qilishga kelishib olindi.

    Xalqaro xorijiy mutaxassislardan Shri-Lankalik olim falsafa fanlari doktori, professor Muhammed Rifki talabalar hamda professor-oʻqituvchilarga “Oziq-ovqat texnologiyasi” mavzusida maʼruza oʻqidi.

    TDTU Olmaliq filialning ikki nafar vakili Shvetsiya davlatining Stokgolm universiteti va Albano ilmiy-taʼlim majmuasida boʻlib oʻtgan “Shvetsiyada integratsiyalashgan loyiha asosida oʻqitish metodikasi: oliy taʼlim tizimining ilgʻor tajribasi” kursida malaka oshirib keldi. Shuningdek, hozirgi kunda yana ikki nafar yosh ilmiy tadqiqotchilarimiz Silesian Texnologiyalar universitetida xorijiy stajirovka oʻtash uchun Polsha xalq respublikasining Glivitse shahrida boʻlib turibdilar. Joriy yil 1-5 may kunlari esa ular turdosh oliy ta'lim muassasalarining tajribasini oʻrganish maqsadida Vengriya davlatida boʻlishadi.

    Albatta, ilmiy tadqiqotchilarning yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlarida ilmiy stajirovkalarda boʻlishi, turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik taʼlim sifatini va ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Taʼlim tizimidagi islohotlar “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi”da belgilab berilgan xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy taʼlimning ilgʻor standartlarini joriy etish, oʻquv dasturlarida nazariy bilim olishga yoʻnaltirilgan taʼlimdan amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish vazifasini amalga oshirishga safarbar etilgan.

    Alisher Samadov,

    Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali direktori, professor