Xalqaro tashkilot O'zbekistonda yer bozorini rivojlanish loyihasini amalga oshirmoqda

    Loyiha Ozarbayjon va O'zbekiston o'rtasida bilim almashish, salohiyatni rivojlantirish orqali mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmini yaratdi.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) O'zbekistonda yer resurslarini boshqarish, yer bozorini rivojlantirish va yer islohotlarini baholash hisoboti asosida tayyorlangan xulosa va tavsiyalarni taqdim qildi. Bu bo'yicha tashkil etilgan seminar FAO—Turkiya oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi sohasida hamkorligi dasturi (FTPP II) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Yerlarni tashlandiqqa chiqarish muammosini hal qilish va yerlarni birlashtirish mexanizmini takomillashtirish uchun qishloq xo'jaligi yerlari bozorini mustahkamlash” loyihasi doirasida o'tkazildi. Milliy va xalqaro ekspertlar yerga bo'lgan huquqni ta'minlash, fermerlarga yer ajratish, yer bozorini rivojlantirish va yer islohotlari bo'yicha hisobotda keltirilgan xulosa va tavsiyalarni muhokama qildilar.

    FAOning mintaqaviy loyihasi Turkiyada yerlarni birlashtirish bo'yicha amaldagi dastur va Ozarbayjonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan dastur bilan bog'liq holda yer bankini joriy qilishni qo'llab-quvvatlash, shuningdek, O'zbekistonda yer bozorini rivojlantirishga ehtiyojni va yer resurslarini boshqarish vositalarining qanchalik joriy qilish mumkinligini baholashga qaratilgan. Loyiha, shuningdek, yer egaligi kafolatlari, fermerlarga yer ajratish va qishloq xo'jaligi yerlaridan yanada barqaror foydalanishni ta'minlash uchun yer bozorini rivojlantirish bo'yicha boshqa chora-tadbirlar va vositalar sohasida institutsional salohiyatni rivojlantirishni ham qo'llab-quvvatlaydi.

    Loyihaning uchta maqsadli davlati — Turkiya, Ozarbayjon va O'zbekistonda yerga egalik qilish tizimi va yer siyosati turlicha, biroq umumiy maqsad — qishloq xo'jaligi yerlaridan samarali va barqaror foydalanishni ta'minlash. Loyiha natijalari taqdimoti davomida FAOning yerga egalik bo'yicha mutaxassisi Morten Xartvigsen fermer xo'jaligiga sarmoya jalb etish, shuningdek, qishloq xo'jaligi yerlaridan barqaror foydalanishning muhim sharti sifatida fermerlarning xavfsiz yer egaligini ta'minlash muhimligini ta'kidladi.

    Loyiha, shuningdek, Turkiya va ikki mamlakat: Ozarbayjon va O'zbekiston o'rtasida bilim almashish, salohiyatni rivojlantirish orqali mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmini yaratdi. 2023-yil sentyabr oyida Istanbulda tashkil etilgan LANDNET mintaqaviy seminarida 30 mamlakatdan yuz nafar ishtirokchi o'rtasida mintaqaviy yer siyosatining ilg'or tajribalari o'rtoqlashildi, unda o'zbekistonlik mutaxassislar ham ishtirok etdilar.