Andijonning Asakasidagi Qayragʻoch qishlogʻida 92 yoshni qarshilagan Xosiyatxon ismli onaxon yashaydi. Turmush oʻrtogʻi Rahmonali aka bilan yetti qiz, bir oʻgʻilni voyaga yetkazgan bu ayol “Onajonlar, assalom” qoʻshigʻini juda yaxshi koʻradi. Toʻgʻri, hamma onalar ham oʻzlarini madh etguvchi qoʻshiqlarni sevib tinglaydi. Ammo onaning farzandidan bir ogʻiz yaxshi gap eshitishi uni osmon qadar yuksaltiradi. Ayni shuni nazarda tutgan Sanobar Rahmonova nafaqat oʻz volidasi Xosiyat ayani, balki butun dunyo onalarini qoʻshiqlarida ulugʻlagisi kelaveradi. 13 yoshidayoq sohir ovozi bilan qalblarni rom etgan Sanobar ismli qizcha xalqimiz yodida hamon oʻsha begʻuborligicha qolgan. Qoʻshiqlariga tashnalik millionlab qalblarni bugun ham tark etmagan.
Sanʼatkor bilan suhbatimiz uni maʼlumu mashhur etgan oʻsha “Kuyla, Sanobar!” filmini yodga olishdan boshlandi.
— Siz haqingizda olingan filmni koʻp koʻrganmiz. Suhbatimiz oldidan uni yana bir bor tomosha qildim. Nimaiki kamyob boʻlsa, oʻsha narsa qadr topganidek, sanʼatda ham jonlilik, samimiylik, begʻuborlikni sogʻinibmiz. Oʻsha yoshda bu qadar shon-shuhratni tasavvur qilganmidingiz?
— Avvalo, sanʼatimni qadrlab, sogʻinib yoʻqlaganingiz uchun ming bor tashakkur. Tabiiyki, qoʻshiq kuylaganim bilan men haqimda film olinadi, butun xalqqa tanilaman, deb oʻylamaganman. Umuman, shon-shuhrat nimaligini tushunmaganman. Otam choʻpon, onam oddiy uy bekasi edi. Topganlari biz — sakkiz farzandning ust-boshimizga, qornimizga yetardi, xolos. Bugunning tili bilan aytganda, kam taʼminlangan oila edik...
Otam urushdan keyin qurilish ishlariga safarbar qilinganida eng katta opam 40 kunlik chaqaloq boʻlgan ekan. Yetti yoshga toʻlganida otam qurilish ishlaridan qaytgan. Hamon urushning vahimasi koʻngliga gʻulgʻula solgan Mehriniso buvim (otamning onasi) oʻgʻlim eson-omon kelarmikan, degan oʻy bilan butun dardini allaga solib aytavergan. Ovozi juda yoqimli boʻlgan ekan. Buvim katta ashulalarni koʻp tinglagan, otam ham Tavakkal Qodirov, Maʼmurjon Uzoqovning qoʻshiqlariga mehri boʻlakcha, doim tinglab yurardi. Men ham qoʻyning orqasida yurib, ularning qoʻshiqlarini xirgoyi qilardim. Televizorda “Sanʼat gʻunchalari” degan koʻrsatuvni koʻrib zavqlanardim. Maktabda dastlabki musiqiy saboqlarni birinchi oʻqituvchim Nosirjon Mirzarahimov, keyin Gʻulomjon Roʻziboyevdan olganman.
1972-yilda davlat arbobi Sharof Rashidovning Asakaga tashrifi hayotimni butunlay oʻzgartirib yubordi. U kishi meni kashf etdi, desam ham boʻladi. Paxtakorlar sharafiga oʻtkazilgan tadbirda qoʻshiqlarimni eshitib, “E, bu qiz kimning, qanday oilaning farzandi, u haqida film olib, xalqimizga tanitish kerak”, degan ekan. Mana oʻshandan buyon film olinganiga 50 yilga yaqinlashsa-da, katta yoshlilar hozir ham iliqlik bilan eslaydi. “Sizni onam yaxshi koʻrgan, dadam yaxshi koʻrgan, biz ham sizning qoʻshiqlaringiz bilan katta boʻlganmiz”, deyishadi. Uning ekran yuzini koʻrishida oʻsha paytdagi Andijon viloyati rahbari Bektosh Rahimov, ustozim Gʻulomjon Roʻziboyev, rejissyor Hojimurod Ibrohimov, Anvar Isroilovning xizmatlari katta. Ustozlarim ota-ona vazifasini ham oʻtagan oʻshanda. Chunki har yili bahorda oilamiz bilan Oloy togʻlariga chiqib ketib, kuzda qaytardik. Film olinadigan yili ustozlarim ota-onamdan ruxsat soʻrab, meni olib qolgan. Faqat otga minib chopgan joylarimgina ota-onamning oldida, togʻda olingan. Shunda ham ular bu film orqali bu qadar tanilib ketishimni tasavvur qilmagan.
1974-yil 1-yanvar kuni “Kuyla, Sanobar!” televideniye orqali berildi. Oʻshanda hech qanday musiqiy bilimim boʻlmasa-da, katta sanʼatkorlar Berta Davidova, Kommuna Ismoilova, Muhabbat Shamayevaning “Bu qiz tugʻma isteʼdod ekan”, deganidan gʻururlanaman. Bolalikda bu gapning maʼnosini tushunib yetmaganman. Oʻzim bilmagan holda qoʻshiqni shu darajada berilib aytardimki, ich-ichiga kirib ketardim. Odamlar qarsak chalayotganini koʻrib, kuylab boʻlganimni his qilardim. “Qizlar davrasi”, “Kuylang, yosh xonandalar” kabi tanlovlarning birontasidan qolmasdim. 5-sinfdan tanlovlarda qatnasha boshlagan boʻlsam, otam yoʻl va safar xarajatlarimdan hech qachon ogʻrinmagan. Oddiy choʻpon boʻlishiga qaramay, “Qizim, agar kosmonavt boʻlaman desang ham ruxsat beraman, faqat yuzimni yorugʻ qilsang, uyaltirib qoʻymasang boʻldi, sen uchun hamma yoʻllar ochiq”, degan. Afsuski, uzoq yillik tanaffusdan soʻng sahnaga qaytganimni koʻrmadi rahmatli...
— “Mashhurlarga oson emas, mashhurlarga”, degan edi bir shoir. Eshitishimizcha, filmdan soʻng rejissyor Hojimurod Ibrohimovga maktublar oqib kelgan. Odamlar siz bilan uchrashuvlar oʻtkazishni soʻragan. Ayni oʻsmirlik pallasidagi, hali bolalik begʻuborliklari ketmagan qiz uchun buncha eʼtibor, talab, takliflar ancha qiyinchilik tugʻdirgan boʻlsa kerak...
— Toʻgʻri, filmdan soʻng sovchilar koʻpayib ketgan. Eng qizigʻi, ular uyimizga emas, ustozim Gʻulomjon Roʻziboyevning oldiga kelar edi. Ustozim esa “Sanobar hali yosh, qolaversa, men unga taʼlim beraman, xolos, shaxsiy hayotini ota-onasi hal qiladi”, degan. Ota-onam esa olisda. Nazar degan narsa chindan ham bormi, bilmayman, filmdan keyin qattiq ogʻrib qolganman. Ustiga ustak Jizzaxda bir yosh qizcha toʻylarda mening qoʻshiqlarimni aytib, 5 ming soʻm yiqqani uchun “Sanobar 5000 soʻmga toʻyma-toʻy yuribdi ekan”, degan gap tarqalgan. U paytda bu pulga bitta yengil mashina olish mumkin edi-da, axir.
Shu gap bilan respublikadan turli tadbirlarda qatnashish uchun taklifnomalar kelsa ham, “toʻyga borgansiz,” deb, meni ikki yil yuborishmadi. Bu orada “Sanobarning onasi oʻgay ekan, sirka ichirib oʻldiribdi”, degan gaplar ham tarqalgan. Shunda Hojimurod Ibrohimov asakalik Dilorom opaning yordami bilan Toshkentdagi “Bilimlar uyi”da 3 kunlik uchrashuv tashkil etgan. Juda koʻp savol-javoblar boʻlgan. Ijoddan toʻxtamaganimni isbotlashim uchun Anvar Isroilov 2 ta qoʻshiq yozib qoʻygan ekan. Ustozim Muhammadjon Mirzayevdan ikkala qoʻshiqni bir kunda oʻrganib olganman. Yangi qoʻshiqlar bilan chiqqanimni andijonliklar ham koʻrib, bu qiz Toshkentga qanday ketdi, deb hayron boʻlgan. Goʻyo toʻyma-toʻy yurganim haqidagi mish-mishlar toʻgʻri boʻlib chiqqandek. Aslida men Asakadagi madaniyat uyidan toʻgʻri poytaxtga ketgandim. Yolgʻiz bormasin, deb Ilhom aka Joʻrayevni hamroh qilib berishgan. Bir yaxshining bir yomoni boʻlar ekan-da. Oʻsha gaplardan soʻng Sharof Rashidov topshirigʻi bilan bizga berilgan uy, pianinoni ham olib qoʻyishdi. Boʻynimizga 27 ming soʻm qarz ilingan. U paytlar bir oilaning yillik mablagʻi 1000 soʻm boʻlsa, yaxshi daromad qilibdi, deyilardi. Chunki bu pulga toʻy qilish mumkin edi. Yigʻlab hali u idora, hali bu idoraga borardim. Hech kim gapimni tinglamas, yordam bermasdi. Bir insofli hisobchining yaxshiligi bilan sogʻin sigirimizning har yilgi bolasini sotib, qarzimizni uzoq muddatda toʻlaganmiz. Bittagina akamni uylantiramiz deganimizda ham uyning boshlangʻich badali — 3000 soʻmni talab qilaverishgan. Oʻsha pulni topgunimizcha noyabr ham oʻrtalab, qish kelib qolgan. Bir tomondan paxta siyosati qattiq, cholu kampirlar ham paxta tergani chiqardi.
Maktabni bitirdik. Hamma attestatini oldi. Faqat menga “Viloyat maorifidan olasiz”, deyishdi. Maorif boshligʻi “Agar Toshkentga oʻqishga bormayman, Anjonda qolaman, desangiz, hujjatingizni beramiz”, deb tilxatga qoʻl qoʻydirib oldi. Yosh boshimga tushgan shuncha koʻrguliklardan yurak oldirib boʻlgandim, “Hech qayerga oʻqishga bormayman, Andijonda qolaman”, dedim.
— Oʻshanda sanʼat oliygohimi, konservatoriyagami kirgan boʻlganingizda, yana qancha-qancha qoʻshiqlar yaralgan boʻlardi, toʻgʻrimi, shu narsa armon boʻlib qolmadimi yuragingizda?
— Baʼzan loaqal pedagogika, psixologiya yoʻnalishlarida oʻqimagan ekanman, deb oʻylanib qolaman. Turmush oʻrtogʻim Ilhom aka ikkalamiz ham agronomlikka oʻqiganmiz. U kishi bilan bir mahallada yashab, bir maktabda oʻqiganmiz. Bitta institutda tahsil oldik. Institutning “Oq oltin” ansamblida, keyin filarmoniyada ishladik. Qaysi viloyat, qaysi tumandagi brigadalar paxta rejasini bajarsa, oʻsha yerga borardik.
2017-yili 3-avgustda Prezidentimiz mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvida mening nomimni tilga oldi, oʻsha kuni qayta tugʻilgandek boʻldim. Yuragimning tub-tubiga tugib qoʻygan orzularim choʻgʻlanib ketdi. Shu yili mustaqilligimizning 26 yilligiga bagʻishlangan tadbirda ishtirok etdim. Eng quvonarlisi, “Doʻstlik” ordeni sohibasi boʻldim. Kichkinagina mehnatim evaziga bu katta mukofot edi men uchun.
Baxtim shuki, sanʼatkorlar oilasiga kelin boʻlganman. Turmush oʻrtogʻim, qaynona-qaynotam sanʼatimni qadrlagan, uni davom ettirishimga keng yoʻl bergan. Qolaversa, farzandimiz Ixlosbekdan umidimiz katta. U ham sanʼat yoʻlidan borib, Asakadagi madaniyat uyida ishlayapti. Nasib qilsa, men ayta olmagan qoʻshiqlarni u kuylab, zabt eta olmagan marralarni zabt etsin. Hayotimdan roziman. Qayerga borsam, men sizni gʻoyibona ustoz, deb bilaman, degan gaplarni eshitib, xursand boʻlib ketaman.
— Qoʻshiq aytsang, mehringni qoʻshib ayt, deyishadi. Bugun aksariyat qoʻshiqlar yurakdan chiqmayaptimi, tinglovchilar qalbiga yetib bormayapti. Bunday qoʻshiqlarning koʻpayib borayotgani esa qoʻshiqchilikni qadrsizlantirishi aniq. Qoʻshiqqa mehrini qoʻshib aytish uchun yosh sanʼatkorlar nimalarga eʼtibor berishi kerak sizningcha?
— Yaxshi qoʻshiq yaralishi uchun ,avvalo, yaxshi soʻz boʻlishi kerak. Oʻzingiz oʻylang, kitobni nima uchun oʻqiymiz, kinoni nima uchun koʻramiz? Maʼnaviy ozuqa olish uchun, toʻgʻrimi? Dardli, mungli maqomlarni tinglasangiz, albatta, ulardan nimadir olasiz-ku. Soʻzga monand musiqa ham boʻlishi kerak. Shuningdek, ijrosi ham yaxshi boʻlsa, qoʻshiq oʻz tinglovchisini oʻzi topaveradi. Xafa boʻlishmasin-u, bugun baʼzi qoʻshiqchilar ayrim soʻzlarning harflarini tashlab aytyapti. Buni qayta-qayta eshitavergach, shunday qoʻshiq aytsa ham boʻlaverar ekan, degan tushuncha yoshlarning ongiga oʻrnashib qolyapti. Sayozroq soʻzlar, oʻzlashtirilgan qoʻshiqlarning umri qisqa boʻladi, deb oʻylayman. Toʻrtta qoʻshigʻi bilan men mashhurman, deb yulduzlik kasaliga chalinganlar ham bor. Shukrki, talantli yoshlar koʻp. Ularni oʻzim ham qiziqib, maroq bilan tinglayman.
— Poʻlat Moʻmin sheʼri bilan aytilgan “Ustozlar” qoʻshigʻingiz oʻqituvchilarni madh etguvchi madhiyaga aylangan, deyish mumkin. Ustozlaringizga bir umr taʼzimda ekaningiz, ulardan minnatdorlik hissi qoʻshiqni tinglagan qalblarga ham shundoqqina koʻchadi. Ustozlarga nisbatan yoshlarning munosabati, bugun ularga boʻlayotgan eʼtibor haqida nima deysiz?
— Endi oʻylasam, aslida oʻsha payt bu qoʻshiqning mohiyatini u qadar anglamay kuylagan ekanman. Chunki ustozning soʻzidan chiqmas edik. Oʻzim farzandli, nevarali boʻlgach, bola tarbiyasining qanchalar masʼuliyatli ekanini chuqur anglab yetdim. Prezidentimiz bugun oʻqituvchilarga bejiz jiddiy eʼtibor bermayapti. Bejiz ularni turli yumushlardan ozod etmadi. Yaqinda televizorda koʻrdim, fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchilarning ustozlari ham taqdirlandi. Shogirdining yutugʻi ustoz uchun katta baxt aslida.
— Sahna odamlari madaniyatda, maʼnaviyatda tomoshabinga ibrat boʻlishi kerak. Hozirgi yosh sanʼatkorlarning aksariyati maʼnaviyat, sahna madaniyatini his qilmaydi. Ayniqsa, ularning ijtimoiy tarmoqlarda bir-birini obroʻsizlantirayotgani kishini oʻylantiradi. Bu butun millatni, sanʼatimizni obroʻsizlantirish emasmikan...
— Aslida qadriyati ulugʻ xalqmiz. Koʻplab urf-odatlarimizga dunyo havas qiladi. Chunki bizdagi qadriyatlar hech qaysi yurtda yoʻq. Mustaqil boʻlganimizdan soʻng xayriyatki, ularning hammasi qaytib kelyapti. Bir paytlar sumalaklarni yashirib qilganmiz. Qoʻlimizga xina qoʻysak, gʻisht bilan oʻchirtirishgan. Roʻza tutsak, ochib yubormagunimizcha qoʻyishmagan. Bugun bemalol eʼtiqod qilamiz. Milliyligimizni har qancha targʻib qilishga, koʻz-koʻz etishga sharoitu imkoniyat bor. Bu borada, ayniqsa, sanʼatkorlar xalqimizga oʻrnak boʻlishi kerak.
Sanʼatkor ayni paytda madaniyat xodimi ham. Sahna madaniyati degan tushuncha bor. Oddiy futbolka, jinsi shim bilan chiqib baqiradigan joy emas sahna.
Bir-birini hammaning guvohligida behurmat qilayotganlar, mening nazarimda, sahnadek muqaddas dargohga osonlik bilan erishgan. Texnikani, internetni ham ayblab boʻlmaydi. Xabarlashish, maʼlumot olish uchun iqtidorli insonlar tomonidan oʻylab topilgan kashfiyotlar bu texnik vositalar. Faqat undan toʻgʻri maqsadda foydalanish kerak.
Bu kabi nomaqbul holatlarning koʻpiga “Ustoz-shogird” anʼanasining uzilib qolgani sabab boʻlyapti, deb oʻylayman. Milliy qadriyatlarimizni yoshlar ongiga singdiraverishimiz kerak. Hech boʻlmasa, oʻntasidan bittasi qulogʻiga oladi.
— Bugunning kechadan farqini, umuman, yangi Oʻzbekiston qiyofasini nimalarda koʻryapsiz?
— Bilasizmi, avvalo, odamlarda ertangi kunga ishonch, umid uygʻondi. 2016-yili xalqimizga Yaratgan egam mehribon, jonkuyar, xalqparvar davlat rahbarini berdi. Istagan sohani oling, qisqa vaqtda qanday oʻzgarishlar boʻldi, davom etyapti. Sanʼat sohasini rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlar juda katta koʻlamda. Bularning barini qadrlash, eʼtiborga yarasha xizmat qilish, yaratilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlardan unumli foydalana bilish kerak.
Bugun yangi Oʻzbekistonda xotirjam yashab turib, noshukrlik qilayotgan insonlarga hayron boʻlaman. Shunday rivojlangan texnika asrida ommaviy axborot vositalarida , ijtimoiy tarmoqlarda oʻzga yurtlardagi vaziyatlardan boxabar boʻlmayaptimi? Yaqinda koʻrdim. Bir yurtdan bir yurtga kemada ayollarni olib oʻtyapti. Yaradorlar, och qolganlar. Qayoqqa surgun boʻlsa, oʻsha yoqqa ketishga majbur ular. Hayotidan rozilik, toʻkinlik, farovonlik tugul, bir kunini qanday oʻtkazishni oʻylayapti. Butun dunyoga pandemiya chang solgan 2020-yildan ham biz eson-omon oʻtdik-ku. Ayniqsa, Sardoba voqeasida Prezidentimizning uyma-uy yurib, xalqning ahvolidan xabar olib, qoʻllab-quvvatlaganini unutib boʻladimi? Jabrlanganlar uchun tez fursatda zamonaviy uylar osonlikcha bunyod boʻlgani yoʻq.
Bugun biror qaror qabul qilinyaptimi, ijrosini darrov koʻryapmiz. Qancha-qancha imkoniyati cheklangan insonlar bor. Ularga uy, bandligini taʼminlash uchun tikuv mashinalari berilyapti. Ogʻir dardi tufayli davolanishi kerak boʻlgan, lekin sharoiti yoʻqlar bepul davolanyapti, oʻqishga qurbi yetmayotganlar davlat hisobidan oʻqitilyapti. Noshukrlik qilib, odamlar qalbiga rahna solayotganlar oʻzbekning eng oddiy toʻyidagi dasturxonini, kelin keladigan uyini koʻrsin.
Mana, yaqinda Prezidentimiz viloyatimizga tashrif buyurganida parrandachilik bilan shugʻullanayotgan tadbirkor ayolni qancha qoʻllab-quvvatladi. “Shuhrat” medali bilan taqdirladi. Rosa havas qildim. Chunki yurtimizning qayerida yashashidan qatʼi nazar, halol mehnat qilayotgan kishi yuzaga chiqyapti, munosib ragʻbat topish bilan birga boshqalarga ibrat qilinyapti. Chindan ham bugun ishning koʻzini bilgan, mehnatdan qochmagan inson toʻkin yashayapti.
Har kuni axborot dasturlarini koʻraman. Viloyatlarimizda zavodlar, korxonalar qurilyapti, yangi ish oʻrinlari yaratilyapti. Paxtamizdan tikilgan kiyimlarimizning eksporti kundan-kunga oshib boryapti. Xullas, oʻzbekning karvoni moʻljallagan manzillar nurli, maqsadlar ezgu. Men shularning barini qoʻshiqqa solib kuylagim, oʻsha tinchlik, farovonlikning qadriga yetmayotganlarga qarata baralla aytgim keladi. “Sanobarxon sizga yozuvdim”, deya bir paytlar sheʼri, musiqasini shundoq tutqazgan kompozitor, shoirlar yangi Oʻzbekistonni madh etguvchi asarlarini berishsa, bajonidil ijro etaman. Zero, xalqimiz oldidagi qarzimni har on his qilaman.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Munojat MOʻMINOVA
suhbatlashdi.