– Noshukurlik yomon, – deydi xatirchilik Hasan bobo. – Shukur qilib yashash kerak. Ne bir zamonlarni koʻrmadik, bir burda non qadrini bizning yoshimizdagilar yaxshi biladi. Hozir omon-omon zamonku, yeganimiz oldimizda, bolam. Nega shukronalik haqida gapiryapman? Oʻtgan hafta nevaralarimni sogʻinib Toshkentga, oʻgʻlimning uyiga borgan edim. Ertasi kuni Sergelidan Mustaqillik maydoniga qadar avtobusda ketdim. Orqa oʻrindiqqa kelib oʻtirgan 30 yoshlar chamasidagi ikki norgʻul yigit oziq-ovqat narxlari oshib ketgani haqida gaplasha boshladi. Yogʻ uncha, tuxum buncha, goʻsht shuncha oshdi, deydi.

Oʻylab qoldim. Hayot davom etar ekan, narx oshadi, qadr-qimmat yuksaladi, tugʻilamiz, ketamiz... Qanoat toʻrga eltar, derdi rahmatli otam. Qanoatda, shukronalikda gap koʻp ekanda. Allohga shukur, bugun Oʻzbekistonimizda hech kim och qolgani yoʻq. Hammamiz tinch, xotirjam yashayapmiz. Roʻzgʻorimiz but, oʻq ovozini eshitmaymiz, eshitmaylik ham. Narx koʻtarilgan boʻlsa, ha baraka topkur, shunga yarasha pensiyalarimiz, maoshlarimiz ham oshayaptiku. Bu dolgʻali zamonda osoyishta yashashning oʻzi katta baxt...

Boboning shu gaplari koʻp mulohazalarga yoʻl ochdi.

Ha, bugun ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, goʻsht, shakar, oʻsimlik yogʻi, tuxum narxi bir qadar oshgani rost. Bu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga ham sabab boʻlmoqda. Hatto ayrim doʻstlarimiz oziq-ovqat mahsulotlarining 2016-yildagi narxini bugungi kun bilan solishtirib, jadval ham qilibdi. Shu ham bir sabab boʻldida, biz ham oziq-ovqat mahsulotlari narxining mamlakatimizda va dunyo miqyosida koʻtarilib borish koʻrsatkichi bilan qiziqdik.

Aholi sonining oshishi, yashash sharoiti, moddiy taʼminot yaxshilanishi barobarida oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talab ham koʻpaya boradi. Joriy yil boshidan dunyoga tarqala boshlagan, keyinchalik pandemiya tusiga kirib, barcha mamlakatlarni zabt etgan koronavirus balosi esa turmushimizni tubdan oʻzgartirib yubordi. Hali-hamon aksariyat dunyo aholisi koʻp vaqtini uyida oʻtkazmoqda. Bu, tabiiyki, oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabni oshiradi. Isteʼmol mahsulotlari ishlab chiqarish esa murakkabligicha qolmoqda.

Shakar ishlab chiqarish hajmi ortishi, narx barqarorlashishi kutilmoqda

Xalqaro tovar-xomashyo birjasidagi shakar narxi dinamikasi quyidagicha: 2018-yil sentyabr oyida 1 tonna shakar narxi 250,7 dollar boʻlgan, 2019-yilning shu oyida 261,8 dollarga koʻtarilgan, 2020-yil sentyabrda esa 281,3 dollarga yetgan. Taskinli xabar ham bor: xalqaro birjalardagi shakar narxi yil boshidagi koʻrsatkich bilan taqqoslaganda sentyabrda 10 foiz pastlagan.

Lekin shunga qaramay isteʼmol ehtiyoji oshib borayotgani sabab, sentyabr oyida koʻpchilik mamlakatlarda narx koʻtarilgan. Mutaxassislar fikricha esa bu mavsumiy xususiyat kasb etadi. Rossiya statistika qoʻmitasining maʼlumotiga koʻra, mamlakatda shakar narxi sentyabr oyida 7,8 foizga, yanvar-sentyabr oylarida esa umumiy hisobda 33,1 foizga oʻsgan. Bu koʻrsatkich Qozogʻistonda 13,6 foizni tashkil qiladi.

Oʻzbekistonda hozircha ikkita – “Xorazm shakar” va “Angren shakar” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari faoliyat yuritadi. Ular 2019-yilda 427,3 ming tonna shakar ishlab chiqargan. 2020-yilning olti oyida esa 143,6 ming tonna shakar isteʼmol uchun yetkazilgan. Pandemiya sharoitida bu ikki zavod faoliyati biroz sekinlashdi. Shu bois, shakarga boʻlgan mavsumiy talab oshishi natijasida narxi ham qimmatlashgan.

Ochiq aytish kerak, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan shakar mahsuloti ichki bozor talabini qondirishga yetmaydi. Shu bois, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 291,2 ming tonna shakar import qilingan.

Tahlillarga tayansak, jahon bozorida shakar narxining oʻsishi yuzasidan xavflar mavjud emas. Specagro.ru sayti maʼlumotlariga koʻra, joriy yilda dunyoda shakar ishlab chiqarish hajmi 176,7 million tonnani tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 14,3 million tonnaga koʻproq boʻlishi kutilmoqda.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining maʼlumotida joriy yilning sentyabr oyida shakarning oʻrtacha narx indeksi 79 punktni tashkil etib, avgustga nisbatan 2,1 punktga yoki 2,6 foizga pasaygani aytilgan. Bu shakar ishlab chiqarish hajmining oʻsishi bilan bogʻliq. Dunyoda eng koʻp shakar eskport qiladigan Braziliyada va shakar ishlab chiqarish boʻyicha ikkinchi oʻrinda turuvchi Hindistonda mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortishi kutilmoqda. Jumladan, 2020-2021-yillarda Hindistonda 30,5 million tonna, Braziliyada 40 million tonna shakar ishlab chiqarilishi prognoz qilinmoqda.

Oʻz navbatida, Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini yana-da jonlantirish choralari koʻrilmoqda. Bu ham ichki bozorni shakar mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash va narxlar barqarorligini taʼminlash imkonini beradi.

Umuman olganda, bugungi kunda ichki va tashqi bozorlardagi shakar ishlab chiqarish boʻyicha barqaror holat kelgusida shakar narxining oshishi boʻyicha xavotirga oʻrin yoʻqligini koʻrsatmoqda.

Un narxi ham barqarorlashadimi?

Har bir kunimizni un mahsulotlarisiz, xususan, nonsiz tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, bizning zaminda. Shu bois, mamlakatimiz aholisini un mahsulotlari bilan taʼminlash borasida ham tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Bu borada gap ketganda, avvalo, un ishlab chiqarish sohasida qulay biznes muhiti yaratilayotganini aytish oʻrinli. Pirovardida, xususiy tadbirkorlik subyektlari soni ortib, yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, 2013-yilda un ishlab chiqarish sohasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xususiy tadbirkorlik subyektlari soni atigi 53 tani tashkil etgan boʻlsa, 2019-yil yakuni boʻyicha ular 137 taga yetgan, ishlab chiqarish quvvati esa 3 million tonnani tashkil etgan. Un mahsulotlarini hech qanday cheklovlarsiz, faqat birja savdolari orqali sotish mexanizmi joriy qilingan.

Pandemiya sharoitida bugʻdoy va un importi hajmi ham sezilarli oshdi. Joriy yilning aprel-avgust oylarida birinchi chorakka nisbatan Oʻzbekistonga import asosida keltirilgan bugʻdoy hajmi 2,7-marta, un hajmi 1,8-marta koʻpaygan.

Shu oʻrinda aytish mumkinki, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti maʼlumotiga koʻra, joriy yilda dunyo aholisining bugʻdoyga boʻlgan talabi 756,6 million tonnani tashkil etib, 2019-yilga nisbatan 0,8 foizga oʻsishi kutilmoqda.

Demak bugʻdoy yetishtirish hajmini ham oshirish kerak. Dunyoda asosiy eksportyor mamlakatlar hisoblangan Rossiya va Qozogʻiston bugun shu ishga bel bogʻlagan.

Dunyo va qoʻshni mamlakatlardagi bugʻdoy yetishtirish koʻrsatkichlari boʻyicha ijobiy tendensiyaning mavjudligi mamlakatimiz aholisini bugʻdoy mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash va narxlar barqarorligini saqlash imkonini beradi. Sir emas, hozircha biz import qilayotgan bugʻdoyning 99 foizi, un mahsulotining esa deyarli 98 foizi Qozogʻiston hissasiga toʻgʻri keladi.

Oʻsimlik yogʻichi...

Oilworld.ru sayti 2019-yildan joriy yil yakuniga qadar dunyo boʻyicha 21,8 million tonna kungaboqar oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarilishi mumkinligi haqida yozgan. Jumladan, Rossiyada 5,9 million tonna xuddi shunday oʻsimlik yogʻi isteʼmolga chiqarilishi tashxislangan.

Aynan Rossiyaga tegishli maʼlumotni keltirganimiz bejiz emas. Chunki, Oʻzbekistonda yogʻ-moy isteʼmoliga boʻlgan talabning 60 foizi ichki ishlab chiqarish hisobidan, qolgan foizi chetdan, xususan Rossiyadan, qisman Qozogʻistondan keladigan tayyor import yogʻlar hisobidan qoplanadi.

Mamlakat aholisini yogʻ mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash maqsadida 2020-yilning yanvar-sentyabr oylarida oʻsimlik yogʻi importi hajmi 178,5 ming tonnani tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 14,4 foizga ortgan.

Bugun nimaga yogʻ narxi koʻtarilib ketdi, deysizmi?

Mutaxassislar bu vaziyatga Rossiyada oʻsimlik yogʻi narxining yanvar-sentyabr oylarida 7,2 foizga oshgani bilan izoh bermoqda. Maʼlum boʻlishicha, Rossiyada oʻtgan yilga nisbatan bu yil kungaboqar urugʻi hosili 15-18 foizgacha kam yigʻishtirib olingan.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda dunyo bozorlaridagi tendensiyalar inobatga olingan holda mavjud yogʻ-moy korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, muqobil import bozorlarini qidirish, korxonalarni yetarli xomashyo zaxiralari bilan taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, bu yil 6 ming gektar maydonda moyli ekinlar ekilib, ulardan 77 ming tonnadan ortiq hosil jamgʻarish rejalashtirilgan. Shu asosda 16 ming tonna qoʻshimcha yogʻ hamda 49 ming tonna yem mahsulotlari ishlab chiqarish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, joriy yil paxta mavsumi davomida olingan chigitni qayta ishlash orqali ham korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanishga erishiladi va aholini yogʻ mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash imkoniyati yaratiladi, choralari koʻriladi.

Goʻsht va tuxum haqida

Bugun bozorlarimizda goʻsht narxi 40-45 ming soʻmdan 60-65 ming soʻmgacha yetgan...

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasidan maʼlum qilinishicha, bugungi kunda mamlakatimizdagi taxminan 13,5 million qoramolning 95-96 foizi aholi qoʻlida boqilmoqda. Shu bois, ularni bozorda sotish narxini aholi oʻz ehtiyojidan kelib chiqib, erkin belgilaydi. Mutaxassislar fikricha, goʻsht narxi oshishi yoki tushishi, albatta, sotilayotgan mol tannarxi bilan bogʻliq tabiiy jarayon.

Bozorlarimizda tuxum narxining oshishi parranda ozuqasi narxining 10 foizga koʻtarilishi va ushbu mahsulotga boʻlgan talabning mavsumiy oʻsishi bilan izohlanmoqda. Iqtisodiy tahlilchilar narx oʻsishi oʻtgan yillardagi mavsumiy narx oʻsishi darajalaridan oshmasligini, xavotirga asos yoʻqligini aytmoqda. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish boʻyicha koʻplab loyihalar ishga tushirilishi, ushbu holat narxlar barqarorligini saqlashga imkon berishi taʼkidlanmoqda.

Yana qanday choralar koʻrilmoqda?

Bugun bozorlarda narx-navo asossiz oshirilishining oldini olish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari ham keskin choralar koʻrmoqda.

Avvalo, aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash uchun bevosita ishlab chiqaruvchilarni har qanday jinoiy tajovuzlardan himoya qilib, iqtisodiy qiziqtirgan holda dehqon bozorlariga kiritish choralari koʻrildi. Bunda dehqon oʻz mahsulotini oʻrtakashlarsiz isteʼmolchiga yetkazishiga asoslangan “Daladan dasturxonga” tamoyili tatbiq etilmoqda. Buning uchun ulgurji bozorlarda olibsotarlar qoʻlida sarson boʻlayotgan dehqonlarga istagan bozorida, toʻgʻridan-toʻgʻri, kerak boʻlsa yuk mashinasidan mahsulotini sotishiga sharoit yaratib berildi.

Bu yaxshi samara bermoqda. Masalan, ilgari dehqon yetishtirgan mahsulotini oʻrtakashga 800 soʻmga sotib, u ustama bilan isteʼmolchiga 2000 soʻmga yetib borgan boʻlsa, endilikda dehqonning oʻzi 1200 soʻmdan sotib, moʻmay daromadga ham ega boʻlyapti.

Narxlarni kunlik monitoring qilish tizimi asosida narxi oshishi ehtimoli yuqori boʻlgan mahsulot turi hududlar kesimida oldindan prognoz qilinib, natijalariga koʻra, mahsulotlar arzon boʻlgan hududdan narx oshgan joylarga intervensiya qilinmoqda. Ushbu tizim asosida mart-oktyabr oylarida 64,6 ming tonna kartoshka, 70,1 ming tonna piyoz, 19,2 ming tonna sabzi, 4 ming tonna karam, 3,8 ming tonna parranda goʻshti, 8,3 ming tonna goʻsht, 47,9 million dona tuxum, 7,3 ming tonna guruch va 5,6 ming tonna shakar ishlab chiqaruvchi narxida bir hududdan ikkinchisiga intervensiya qilindi.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida har bir mahalla va olis qishloqlargacha mahsulotlarni arzon yetkazish tizimi joriy etildi. Ushbu tizim asosida 252,2 mingdan ortiq koʻchma savdo yarmarkalari tashkil etilib, aholiga jami 234,2 ming tonna oziq-ovqat, 3,8 million dona koʻchat, 1,1 milliard soʻmlik urugʻ, 10,7 milliard soʻmlik isteʼmol mollari arzon narxlarda sotilishi taʼminlandi.

Vazirlar Mahkamasining birja savdolarisiz toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida un yetkazib berishga oid Vaqtinchalik tartibi ijrosi nazoratga olinib, 17-aprel – 14-oktyabr kunlari 765,9 ming tonna un, shundan 250,6 ming tonnasi qolipli non va boshqa ishlab chiqaruvchilarga, 515,3 ming tonnasi aholiga sotish uchun savdo korxonalariga yetkazib berildi. Bunda un mahsulotining har bir oilaga kafolatli yetib borishi, ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan maqsadli sarflanishi qatʼiy nazoratga olindi.

Birja savdolarisiz toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida olingan un mahsulotini manzilli ravishda har bir oilaga kafolatli yetib borishi, ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan maqsadli sarflanishi taʼminlanmoqda. Belgilangan tartib asosida 3880 mahallada maxsus doʻkon, 1901 mahallada esa yuk avtomashinalari orqali 340,8 ming tonna un qatʼiy narxda (1-nav 2780 soʻm, 2-nav 2800 soʻm) sotilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi, hokimliklar hamda boshqa korxonalar bilan hamkorlikda shakar mahsulotlari narxini moʻtadillashtirish maqsadida dehqon bozorlarida tashkil etilgan arzonlashtirilgan maxsus rastalar orqali 27 ming 400 tonnadan ziyod shakarning bir kilosi 5800 soʻmdan sotilishi yoʻlga qoʻyildi.

Tuxum mahsulotlari narxini maqbul darajada saqlash uchun dehqon bozorlarida parranda korxonalarining maxsus rastalari tashkil etilib, arzon narxlarda aholiga tuxum sotish yoʻlga qoʻyildi.

Goʻsht mahsulotlari narxini hamyonbop saqlash uchun tadbirkorlarning savdo faoliyatidagi xarajatlarini kamaytirishga koʻmaklashish orqali narxni barqaror saqlash choralari koʻrilmoqda. Jumladan, tadbirkorlarga poytaxt bozorlaridan 86 rasta, 70 muzlatkich, 100 dan ortiq tarozi va boshqa vositalar begʻaraz ajratilib, goʻsht mahsulotlarining arzonlashtirilgan rastalari tashkil etildi.

Prezidentimizning Sergeli tumaniga tashrifi chogʻida bergan topshiriqlariga asosan poytaxtimizning 11 tumanidagi aholi zich yashaydigan hamda dehqon bozorlaridan uzoqda joylashgan 50 mahallasida fermerlarga mulk qilib beriladigan “yashil bozor” dala doʻkonlarini tashkil etish choralari koʻrilmoqda. Ayni vaqtda ularning 13 tasi foydalanishga topshirildi. Ularda mahsulotlar ishlab chiqaruvchi narxlarida sotilishi yoʻlga qoʻyilgani aholi hamda fermerlar manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Joriy yil 17-mart – 16-oktyabr kunlari narxlarni asossiz oshirish, ajiotaj talabni vujudga keltirishga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlarda 5584 holatda 6,41 milliard soʻmlik mahsulotni qimmat sotish va 134 ta jinoyat sodir etilgani aniqlanib, qatʼiy choralar koʻrildi.

Oʻylab koʻrsak...

Yuqorida ayrim doʻstlarimiz oziq-ovqat mahsulotlarining 2016-yildagi narxini bugungi kun bilan solishtirib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgani haqida aytgan edik.

Bu yomon emas, albatta. Lekin yana bir mulohazani keltirib chiqaradi. Endi 2016-yildan buyon oyliklarimiz, pensiya va nafaqalarimiz, stipendiyalarimiz qancha oshganini ham chamalaylik.

2016-yilda eng kam ish haqi 149 ming 775 ming soʻm edi. Bugun bazaviy hisoblash miqdori, deb yuritilayotgan bu koʻrsatkich 223 ming soʻm. Bundan toʻrt yil oldin 1 AQSH dollari milliy valyutamizga chaqqanda oʻrtacha 3010 soʻm boʻlgan, hozir 10 ming 300 soʻmdan oshdi.

Oʻsha yilda oʻrtacha oylik maosh 1 million 197 ming 724 ming soʻm hisoblangan, bugun esa 2,5 milliondan oshib ketdi. Xullas bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Maqolamizga sabab boʻlgan Hasan boboning togʻli qishlogʻiga 2016-yilda borsangiz, 70-80 xonadonli qishloqda bor-yoʻgʻi 3-4 mashinali oilani uchratar edingiz. Bugun deyarli har bir qishloq oilasida bittadan mashina bor. Molxonasigacha shifer qilingan. Mehmon kelsa, albatta, bitta jonliq soʻyishga qurbi yetadi ularning.

Hasan bobo toʻgʻri aytgan ekan: shukur qilib yashash kerak!

Yana bir gap kelib qoldi. Kuni kecha Qozogʻistonda oʻqituvchi boʻlib ishlaydigan magistr doʻstimizdan qancha oylik olishini soʻradim. Aytishicha, oʻqituvchilar oʻrtacha 100 ming tenge oylik olar ekan. Bu bizning valyutada 2,5 million soʻm degani.

Shu kunlarda Oʻzbekiston taʼlim tizimida oʻqituvchilarimiz oyligi bilishimizcha oʻrtacha 3-4 million soʻm atrofida.

Biz saxovatli zaminda yashaymiz. Oʻzbekiston bozorlarida yilning toʻrt faslida ham toʻkin-sochinlik, fayz arimaydi, sarxil mevalarni topasiz. Bozorlarimizda mevalar, poliz ekinlari narxi juda arzonligi bilan ajralib turadi. Shu bois, bizga barcha davlatlarda yashayotgan fuqarolar havas bilan qaraydi.

Hammasi eʼtiborda...

Yurtdoshlarimizni ozgina boʻlsada xavotirga solayotgan har bir masala davlatimiz rahbari eʼtiboridan chetda qolmaydi. Bu gal ham shunday boʻldi. Prezidentimiz oʻtgan hafta juma kuni oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazgan yigʻilishida “oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirib, bozordagi narx-navoni arzon qilsak, odamlarni, ayniqsa, kam taʼminlanganlarni rozi qila olamiz”, dedi. Barcha hokimlarga, mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berdi.

Endilikda har bir viloyat, tuman va shahar hokimida aholining keyingi yil maygacha goʻsht, tuxum, un, yogʻ, shakar, guruch, kartoshka, sabzi va piyozga boʻlgan ehtiyoji, bu mahsulotlarni qachon, qayerdan olish boʻyicha aniq hisob-kitob boʻladi. Har bir hududda oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha alohida jamgʻarmalar tashkil etiladi. Hudud rahbarlari tadbirkorlarni jalb qilib, yetishmaydigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini jamgʻarma hisobidan boshqa joydan olib kelish yoki import qilishni yoʻlga qoʻyadi. Bunday tadbirkorlar uchun kredit foizining bir qismi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan qoplab beriladi.

Import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari narxini arzonlashtirish maqsadida yirik xorijiy ishlab chiqaruvchilarning mahalliy birjadagi ishtiroki kengaytiriladi.

Poytaxt aholisi ham tashvishlanmasa boʻladi. Toshkent shahrining har bir tumaniga bittadan viloyat biriktirilib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari rastalari va dala doʻkonlari tashkil etiladi.

Demak, xavotirga oʻrin yoʻq. Asosiy oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxini bir meʼyorda ushlab turish uchun imkoniyatlarimiz yetarli, zaxiramiz bor, boʻladi ham.

Asror Murod