Jumladan, davlatimiz rahbari bu sohadagi tizimli muammolarni tanqid qilib, ularning yechimi boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar va dolzarb vazifalarni belgilab berdi.
Sohadagi muammo va kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida qanday chora-tadbirlar koʻrilayotgani yuzasidan maʼlumot olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat BOBOJONOVga savollar bilan murojaat qildik.
– Taʼkidlash joizki, oʻtgan davrda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida bir qator zamonaviy ish uslublari va inson omilini cheklovchi raqamli texnologiyalar joriy etildi, - dedi P.Bobojonov. - Masalan, fuqarolar bilan bevosita muloqotni cheklash uchun xodimlarga planshetlar, bodikameralar tarqatildi va qoidabuzarliklarni elektron tarzda rasmiylashtirish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Yoʻllarga 367 ta radar va 1584 ta videokamera (shundan 430 tasi qoidabuzarlikni aniqlovchi) oʻrnatildi. Jumladan, Toshkent shahridagi 111 ta chorrahaga 1020 ta videokamera oʻrnatilib, shahar IIBBning situatsion markaziga integratsiya qilindi. Fuqarolarga qulaylik yaratish uchun davlat xizmatlari markazlarida haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish, avtomashina oynalari tusini oʻzgartirish uchun ruxsat berildi. Haydovchilardan imtihon olish jarayonini jamoatchilik tomonidan, shu jumladan, internet tarmogʻi orqali kuzatish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlarga avtomobillarni texnik koʻrikdan oʻtkazish faoliyatini yuritish va oʻz hisobidan yoʻllarga radar oʻrnatish uchun ruxsat berildi.
Tizimda korrupsiya holatlarning oldini olish maqsadida 4 mingdan ortiq xodim attestatsiyadan oʻtkazildi, oxirgi 3,5 yilda yoʻllarda xizmat olib boruvchi yoʻl-patrul xizmati xodimlarining deyarli 70 foizi toʻliq almashtirildi. Fuqarolarning ovoragarchiligi oldini olish uchun 31 ta YPX maskani qisqartirildi.
Lekin tahlillar va oʻrganish natijalari mazkur sohada bir qator muammolar mavjudligini koʻrsatmoqda. Ochiq tan olish kerak, bugungi kunda yoʻllarda fuqarolar uchun xavfsiz sharoit yaratish, haydovchilarni tayyorlash va harakatlanish madaniyatini shakllantirish borasidagi ishlar talabga toʻliq javob bermaydi. Xususan, har yili yoʻllarimizda 10 mingtagacha avtoavariya sodir etilmoqda. Buning oqibatida oʻtgan yili 2,5 mingga yaqin kishi bevaqt hayotdan koʻz yumdi, 9 mingdan ortiqrogʻi turli darajadagi tan jarohati oldi.
Bunday yoʻl-transport hodisalariga, asosan, haydovchilarni oʻqitish sifati, qoidabuzarlarga nisbatan jazo taʼsiri yetarli emasligi, haydovchilar yoʻl harakati qoidalariga qasddan amal qilmasligi, shuningdek, yoʻl infratuzilmasidagi kamchiliklar sabab boʻlmoqda. Qonun-qoidalarni mensimaslik shu darajaga borib yetganki, hatto 13 mingdan ziyod fuqaro haydovchilik guvohnomasi boʻlmay turib, yana mast holda transport vositasini boshqargan.
Avariyalarning 20 foizi tezlikka rioya qilmaslik, 25 foizi yoʻllardagi kamchiliklar, 47 foizi piyoda ishtirokida, 10 foizi haydovchilar tajribasizligi, 8 foizi qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketish, 6 foizi veloyoʻlak boʻlmagani oqibatida sodir etilgan.
Yuqoridagi tahlillar yoʻl-transport hodisalarining salmoqli qismi piyodalar, ayniqsa, bolalar ishtirokida sodir etilayotganini koʻrsatmoqda. Buning oqibatida oʻtgan yili 965 piyoda, jumladan, 263 bola vafot etgan.
— Aynan bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarining oldini olish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Prezidentimizning 2019-yilda Jizzax viloyatiga tashrifi chogʻida bergan topshirigʻi asosida oʻtgan davrda dastlab Jizzax viloyatida, soʻngra respublikaning boshqa hududlarida jami 380 ta umumtaʼlim maktabida yoʻl harakati qoidalarini oʻqitish boʻyicha maxsus sinfxonalar, 167 ta maktabda yoʻl harakatini oʻrgatish maydonchalari tashkil etildi. Mazkur sharoitlardan foydalanib, maktablarda oʻquvchilarga yoʻl harakati qoidalari boʻyicha zaruriy tushunchalar berilmoqda, yoʻllarda oʻzini xavfsiz tutish yuzasidan koʻnikmasi shakllantirilmoqda. Lekin bu ishlar bilan respublikadagi faqat 4 foizgina maktab qamrab olingan, xolos.
Bu borada keng jamoatchilik fikri oʻrganilib, bir qator takliflar ishlab chiqildi. Birinchi bosqichda mamlakatimiz boʻyicha barcha maktablarda yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatuvchi maxsus sinfxonalar tashkil etilib, “Yoʻl harakati xavfsizligi” fanini oʻqitish taklif qilinyapti. Turkiya tajribasidan kelib chiqib, dastlab har bir viloyatda bolalarni qiziqtiruvchi attraksionlar, yoʻl harakati qoidalariga moslashtirilgan bittadan “Yoʻl harakati xavfsizligi istirohat bogʻlari”ni tashkil qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Janubiy Koreya tajribasi asosida maktab yonidan oʻtgan yoʻlning 300 metr masofasida transport vositalari harakatlanish tezligining yuqori chegarasini 30 km/soat etib belgilash taklif etilyapti. Bundan tashqari, maktablarga oʻquvchilarning kelib-ketishi uchun maxsus avtobuslar harakatini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyishga zarurat bor.
Keyingi bosqichlarda esa har bir mahallada yoʻl harakati qoidalariga amal qilish yuzasidan tushuntirish-targʻibot ishlari yoʻlga qoʻyiladi. Bunda Norvegiya, Germaniya, Niderlandiyada boʻlgani kabi jamoat transporti va velosipedlardan koʻproq foydalanishni aholiga taʼsirchan tarzda tushuntirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Albatta, buning uchun jamoat transporti imijini koʻtarish, veloyoʻlaklar tashkil etish, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha hokimliklar, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Transport vazirligi bilan birga mahallalarda ish olib borishimiz kerak boʻladi.
— Yigʻilishda yoʻllar infratuzilmasidagi kamchiliklar ham tanqid ostiga olindi. Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun qanday chora-tadbirlar koʻrish kerak?
— Avtoavariyalar tahlili oʻtgan yili har beshinchi yoʻl-transport hodisasi yoʻllarda munosib infratuzilma va xavfsiz harakatlanish uchun zarur sharoitlar yaratilmagani sababli sodir etilganini koʻrsatmoqda. Mazkur yoʻnalishdagi oʻrganishlar bugungi kunda bir qator muammolar mavjudligidan dalolat beradi.
Xususan, 2248 kilometr yoʻllarda qarama-qarshi yoʻnalishlarni ajratuvchi toʻsiqlar oʻrnatilmagan. 3571 kilometr piyodalar yoʻlagi, 2337 kilometr veloyoʻlak tashkil etilmagan, tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joylaridan 2731 tasi yoritilmagan. Shuningdek, 1835 ta joyda shovqin chiziqlarini chizish, 2904 ta joyda sunʼiy notekisliklar yaratish, 750 ta svetofor oʻrnatish zarurati mavjud.
Bugun yoʻllarda 200 mingta yoʻl belgisi yetishmaydi, mavjud 105 mingdan ziyodi esa zamonaviy turdagi yoʻl belgilariga almashtirilmagan. Mahalliy hokimliklar huzuridagi yoʻl harakatini tashkil etish, maxsus oʻrnatish va foydalanish boʻlinmalari mavjud ehtiyojning atigi 50 foizini taʼminlab bermoqda. Xususan, 2019-2021-yillarda respublika boʻyicha oʻrnatilishi lozim boʻlgan 610 mingta yoʻl belgisidan 304 ming 775 tasi talabga javob beradi, xolos. Bundan tashqari, aholi gavjum joylarda 25 ta yer osti va yer usti piyodalar oʻtish joyini qurishga zarurat bor.
Shuning uchun ham videoselektor yigʻilishida muhim yangilik – hokimliklarning Maxsus ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalarini Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tarkibiga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Endi ularning faoliyatini zamonaviy talablar asosida tubdan takomillashtirishimiz lozim boʻladi.
Yoʻl belgilarini oʻrnatish va yoʻl chiziqlari chizish faoliyati autsorsing asosida xususiy sektorga beriladi. Mazkur tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika hamda viloyat jamgʻarmalari tashkil etiladi. Shuningdek, yoʻl belgilarini ishlab chiqish sohasida monopoliya bekor qilinib, ushbu tizim tubdan takomillashtirilib, sohada raqobat muhiti yaratiladi.
Kelgusida tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joylaridagi yoʻl belgilari va yoʻl chiziqlari yorugʻlik qaytaruvchi, yaxshi koʻrinadigan materiallardan tayyorlanadi, ularning tungi paytda yoritish va koʻrinish darajasi yaxshilanadi. Bunda joylarga haydovchilar tomonidan piyodalarga yoʻl bermaslik boʻyicha qoidabuzarliklarni qayd etuvchi maxsus videokameralar oʻrnatiladi. Tartibga solinmagan hamda xavfli yoʻlni kesib oʻtish joylarida piyodalar tomonidan boshqariladigan svetoforlar oʻrnatish choralari koʻriladi.
— Haydovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish uchun nimalar qilish kerak, deb hisoblaysiz?
— Bu borada Janubiy Koreya, Germaniya, Xitoy kabi davlatlar tajribasi oʻrganib chiqildi. Shuningdek, mamlakatimizda haydovchilarni tayyorlash, oʻqitish amaliyoti, yaratilgan sharoit, nazorat tizimi, mavjud imkoniyatlar joylarga chiqqan holda oʻrganildi.
Ochiq aytish kerakki, ahvol achinarli. Xususan, hozir faoliyat yuritayotgan 1348 ta oʻquv tashkilotining 745 tasida oʻz binosi, 1277 tasida oʻz oʻquv avtodromi yoʻq. Ularning 41 foizi oʻquv-mashq avtomobilidan ijara asosida foydalanadi.
Shuningdek, haydovchilarni oʻqitish maktablarida nosogʻlom raqobat vujudga kelgan. Yaʼni koʻproq oʻquvchilarni jalb qilish maqsadida oʻqitish uchun toʻlov miqdori kamaytirilgan. Bu esa oʻquv mashgʻulotlarining sifatsiz oʻtkazilishi, haydovchida mashgʻulotlarga qatnashmaslik kabi salbiy amaliyot shakllanishiga olib kelgan. Toʻgʻrisini aytganda, ayrim avtomaktablarning maqsadi sifatli taʼlim berish emas, balki daromad topishga qaratilmoqda.
Shuning uchun ham videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari bergan topshiriqlardan kelib chiqib, haydovchilarni tayyorlash, imtihon qilish va ularning malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi, taʼlim sifati qatʼiy nazorat qilinadi. Tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, haydovchilarni tayyorlash faoliyatini amalga oshiruvchi barcha taʼlim subyektlari va imtihon markazlari tanqidiy oʻrganiladi. Haydovchilarni tayyorlovchi taʼlim subyektlari va imtihon markazlariga boʻlgan talab hamda mezonlar belgilanadi. Ularning bu turdagi faoliyatni amalga oshirishi uchun litsenziya berish vakolati Ichki ishlar vazirligiga oʻtkaziladi.
Avtomaktablarning oʻquv metodologiyasi, nazariy va amaliy oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, oʻqituvchi va murabbiylarini qayta tayyorlash, malakasini oshirishga esa IIV akademiyasi masʼul etib belgilanadi. Bundan buyon haydovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning elektron bazasini, shuningdek, har bir haydovchi hamda avtomaktablarning reytingi yuritiladi.
— Davlatimiz rahbarining yoʻl harakatini tashkil etish va nazorat qilish tizimini raqamlashtirish boʻyicha topshirigʻi bajarilishi ham ahvolni tubdan yaxshilagan boʻlardi.
— Ha, Prezidentimiz bejiz bu ogʻriqli masalaga alohida toʻxtalmadi. Respublikamizdagi 2752 ta chorrahaning bor-yoʻgʻi 145 tasi yoki 5 foizi zamonaviy kameralar bilan jihozlangan, xolos. Bu esa yoʻl harakatini tashkil etish va nazorat qilib borish, chorrahalardagi tirbandliklar toʻgʻrisida maʼlumotlarni olish hamda bartaraf etish uchun imkoniyatlarni cheklab qoʻymoqda. Shuning uchun bu sohada eng ilgʻor hisoblangan Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Singapur, Janubiy Koreya kabi davlatlar tajribasi oʻrganib chiqildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi yoʻl uchastkalari va chorrahalarini 1491 ta aqlli svetofor, 4473 ta intellektual kamera, tezlikni nazorat qiluvchi 720 ta qurilma bilan jihozlash zarur. Mazkur vositalar hokimliklar yordamida xarid qilinib oʻrnatilgan taqdirda xuddi Toshkent shahridagi kabi Avtomobil harakatini nazorat qilish va kuzatib borishning yagona markazlashgan va kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi har bir viloyatda tashkil etilib, integratsiya qilinadi.
— Prezidentimiz yoʻllarda inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni belgilab berdi. Bu sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha ichki ishlar organlari oldiga qanday vazifalar qoʻyildi?
— Yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi qonunchilik xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi. Bunda xalqaro tashkilotlar va ekspertlar, deputatlar, shuningdek, aholining takliflari va tavsiyalari inobatga olinadi. Jumladan, transport vositasini mast holda boshqarganlik va inson hayotiga xavf solishi mumkin boʻlgan boshqa qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralari ilgʻor xalqaro tajriba asosida qayta koʻrib chiqiladi.
Transport vositasini qasddan tartibsiz boshqarish, oʻzboshimchalik bilan harakat qatnashchilarini toʻxtashga majbur qilish orqali xavfni yuzaga keltirganlik (“yoʻl bezoriligi”) uchun javobgarlik belgilanadi. Oʻqitmasdan va oʻrgatmasdan haydovchilik guvohnomasini berganlik uchun ham jazo choralari koʻzda tutiladi.
Sir emas, soʻnggi paytlarda yoʻl-patrul xizmati xodimlarining xizmat faoliyatiga noqonuniy aralashish, toʻsqinlik qilish, hatto qarshilik koʻrsatish holatlari ham kuzatilayotgan edi. Endi bunday holatlarning oldini olish choralari koʻriladi. Soha vakillarining shaxsiy himoya va faol mudofaa vositalaridan foydalanish borasidagi huquqlari kengaytiriladi.
Tegishli qonun hujjatlari kuchga kirgach, hududiy yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boshqarmalari boshliqlarining sohada olib borilayotgan ishlar va ularni takomillashtirish borasidagi axboroti har oyda mahalliy kengashlarda muhokama qilib boriladi. Bundan tashqari, haydovchilarga yoʻl harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etiladi. Agar haydovchi tomonidan 12 oy davomida sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun hisoblangan jarima ball umumiy miqdori 12 balldan oshsa, u transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Qoidabuzarlik sodir etmagan haydovchilarga esa bonus ballari hisoblab boriladi.
Oldimizda turgan yana bir dolzarb vazifa xalqaro standartlardan kelib chiqib, Yoʻl harakati qoidalarining yangi tahririni ishlab chiqishdan iborat. Unda, jumladan, Toshkent shahri va yirik shaharlardagi markaziy koʻchalarda transport vositalari harakatlanishining tezlik cheklovlari qayta koʻrib chiqiladi.
Bevosita amaliy chora-tadbirlarga toʻxtaladigan boʻlsak, 2022-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hududiy 14 ta “yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi. Ularda yoʻl infratuzilmasidagi mavjud muammolar va “avariya oʻchoqlari” tahlil qilingan holda yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha tuman (shahar)lar kesimidagi manzilli chora-tadbirlar belgilanadi. Avtomobil yoʻllarida transport harakatini tashkil etish, boshqarish va nazorat qilish faoliyati raqamlashtiriladi. Zamonaviy oʻquv xonalari, nazariy va amaliy oʻquv inventarlari hamda toʻlaqonli oʻquv-mashq bazasiga ega boʻlgan avtomaktab va imtihon markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Viloyatlar, keyinchalik boshqa shahar (tuman) markazlaridagi serqatnov chorrahalar raqamli boshqaruvga oʻtkaziladi.
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasini takomillashtirish borasidagi ishlar har oy Oliy Majlis palatalarida muhokamadan oʻtkazib boriladi. Ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalangan holda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida keng qamrovli targʻibot-tashviqot ishlarini yanada jadallashtiramiz. Qolaversa, aholida, ayniqsa, yoshlarda yoʻl harakati qoidalariga amal qilish madaniyatini shakllantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqishimiz kerak. Xullas, oldimizda qator dolzarb, masʼuliyatli vazifalar turibdi.
Jumladan, oʻzining shaxsiy manfaatlarini xalq manfaatlaridan ustun qoʻyayotgan nopok xodimlardan tizimni tozalash choralari bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻladi. Bu borada shaxsiy tarkib orasida xizmat intizomi va qonunchilikka soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash hamda tizimda korrupsiyaviy omillarga barham berish maqsadida qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilab olindi. Soha faoliyatiga sunʼiy intellektga asoslangan inson omili taʼsirini cheklovchi raqamli texnologiyalarning joriy etilishi xodimlar tomonidan fuqarolar bilan manfaatli muloqotga kirishish holatlariga barham beradi. Shuningdek, yoʻl-patrul xizmati boʻyicha fuqarolar orasida soʻrov oʻtkazib boriladi va shu asosda tegishli xulosalar qilinadi.
Taʼkidlash joizki, Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini oqlash uchun xodimlarning ishga boʻlgan munosabatini tubdan oʻzgartirishga, yangicha tizim asosida, oʻz kasbiga vijdonan yondashib xizmat qilishlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Oldimizga qoʻyilgan barcha vazifalarni soʻzsiz bajarish uchun Ichki ishlar vazirligi va uning quyi tizimlarining imkoniyati ham, salohiyati ham yetarli.