Uning quyidagi matla bilan boshlanuvchi gʻazali ham fikrimiz isbotida qoʻl keladi:
Koʻk vusmada ul oy qoshi goʻyo xayoldir,
Yo oy boshida koʻkta koʻringan hiloldir.
Biz shu bayt yuzasidan mushohada yuritmoqchimiz. Hozirgi holatda bayt mazmunini soddalashtirib shunday ifodalash mumkin:
Ul oyday goʻzalning koʻk oʻsma qoʻyilgan qoshi goʻyo xayol kabidir. Yoki oyning ilk kuni osmonda koʻringan hiloldir.
Endi biz suluvning xayolday qoshi xayoliga tolib koʻramiz. Asarni eski yozuvdan joriy yozuvga koʻchiruvchi kotib har bir misra mazmunini idrok chigʻirigʻidan oʻtkazib, soʻng arab yozuvidan amaldagi yozuvga koʻchiradi. Yarim asr davomida shu baytning birinchi misrasini koʻchirgan oʻn nafardan ortiq boburshunosning birortasi ham bu satr mazmuni ustida bosh qotirmagan, misrani fahm-idrok chigʻirigʻiga solib koʻrmagan, nazarimizda. Chunki yuzaki qaraganda bu misrada jiddiy xatolik yoʻqday tuyuladi. Bunga aftidan “xayol” abstraksiyasi-mavhumligi olimlarni allanechuk lirik allalab chalgʻitadi.
Baytdan koʻrinib turibdiki, Bobur yorning oʻsma qoʻygan qoshiga nisbatan tajohuli orifona sanʼatini mahorat bilan qoʻllab, qoʻshaloq tashbih keltirmoqda.
Ikkinchi misrada qosh hilol (yangi oy)ga oʻxshatilgan va toʻgʻri tashbih qoʻllangan.
Biroq birinchi tashbihni oʻylab koʻraylik-chi, toʻgʻrimikan? Mavjud, koʻrib va ushlab koʻrsa boʻladigan qoshni Boburday talabchan adabiyotshunos xayolga — abstrakt tushunchaga oʻxshatadimi? Boshqacha aytsak, inson xayoli oʻsmali qoshga oʻxshaydimi?
Qosh va xayol zinhor bir-biriga oʻxshamaydi.
Bu soʻz — “xayol”ning misrada oʻrinsizligi, uning oʻrnida “hilol”ga qofiyadosh bir soʻz boʻlishi kerakligi, u soʻz ham ikki hijoli va “hilol”ga ohangdosh boʻlishi lozimligi haqida koʻp oʻylab, “xilol” soʻzida toʻxtaganman.
Biroq lahjamizda “xilol” deb yovvoyi oʻtni aytishadi. U hech qachon suluv qiz qoshiga oʻxshamaydi: uning yaproqlari bigizday tik oʻsadi...
Filologiya fanlari doktori Botirbek Hasanov tuzgan “Navoiy asarlari uchun qisqacha lugʻat”da “xilol” soʻziga “xalal”ning koʻpligi; ziyon, nuqson; siniq deb izoh berilgan.
Demak, bu maʼnolar Bobur misrasi mazmuniga aloqador emas.
“Xilol” boʻlmasa, qaysi soʻz ekan-a...
Matn jumbogʻi masalasi hal boʻlmay qoldi.
Bu misra haqiqatini 2015-yili Afgʻonistonga — Hirot shahridagi Alisher Navoiy maqbarasiga Gʻozgʻon marmaridan tayyorlangan sagʻana toshini olib borib oʻrnatganimizda kashf etganman.
Bobur nomidagi Xalыaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov boshliq ekspeditsiya tarkibida tabarruk xizmat uchun borgan edik. Oʻsha kuni sagʻana oʻrnatuvchilar uchun Musallo maydonida sergoʻsht, sersabzavot shoʻrva qaynatib, endi suzaman, deb turganimda haydovchimiz Ahmadjon Isoboyev shoshilinch kelib, “Ketdik, domla!” deb qistab qoldi.
— Ha, men ovqatni suzib beray...
— Oʻzlari suzib ichishadi. Zokirjon aka sizni tez kelsin, deb kutib turibdi, — dedi.
Umrimda eng shirin qilib pishirgan shoʻrvamdan zoʻrgʻa koʻngil uzib, xabarchimga ergashdim.
Oʻzbekistonlik Navoiy muxlislarini hirotlik tadbirkor Bismillo hoji choyga chaqirgan ekan.
Afgʻonistonda eng arzon narsa — goʻsht. Dasturxonda goʻshtning oʻzidan tayyorlangan besh xil taom... Boshqa xilma-xil taomlar meva-chevalar bilan dasturxon shohona bezatilgan. Qadrdonimiz Muhammad Nabixon hoji Navoiy va Jomiy hazratlarining xayriya va ehson haqidagi baytlarini aytib bilan suhbatga jon kiritib turdi...
Ziyofat soʻngida xizmatdagi yigit yangi oy shaklidagi va oʻta nozik zanjirchali, oq metalldan ishlangan tish kavlagichdan har bir mehmon oldiga ikkitadan qoʻyib chiqdi. Men umrimda bunchalik nozik sanʼatda yasalgan xilol — yangi oy shaklidagi tish kavlagichni koʻrmagan edim. Xilol taqsimoti men uchun ziyofatning eng muhim qismi oʻlaroq yodimda qoldi.
Xilol — tish kavlagich oppoq yaltiroq metalldan yasalib, uzunligi 2,5 santimetr boʻladi; bir chekkasiga ilgakli nozik zanjircha oʻtkaziladi.
Zahiriddin Muhammad Bobur Hirotga, Husayn Boyqaro taʼziyasiga borib yigirma kun oy Alisher Navoiyning Unsiya nomli xonaqohida yashagan. Oʻsha paytlardagi ziyofatlarda xilol berilgan ekan-da, degan xayolga bordim. Qoʻlimdagi xilol — tish kavlagichning mohirona ishlangan bunday nusxasi Alisher Navoiy davrida ham qoʻllangan ekan. Daho shoirimizning quyidagi bayti buning yorqin dalilidir:
Junun salosili boʻynumda, zaʼfliq tan ila
Hunarvar oʻylaki, zanjir osar xilol uzra.
Mazmuni: Xasta jismim va boʻynimdagi telbalik zanjiri xuddi hunarmand yasagan mayin zanjircha osigʻliq xilolga oʻxshaydi.
Qarang-a! Bir soʻz jumbogʻini yechish — matn nuqsonini isloh etish uchun Hirotga borish kerak ekan-a...
Koʻk vusmada ul oy qoshi goʻyo xiloldur.
Oyday suluvning koʻk oʻsma qoʻyilgan qoshi goʻyo xiloldir, yaʼni yangi oy shaklidagi tish kavlagichga oʻxshaydi. Xuddi oʻzi-ya! Baytdagi ikkala oʻxshatish ham endi tabiiy ekani maʼlum boʻldi.
Bordi-yu, 2015-yildan ilgari biror olim menga “xilol — tish kavlagich”, desa, ishonmagan boʻlardim! Chunki oʻshangacha tish kavlagichlarning gugurt choʻpiday tik holatdagisini koʻrganman, xolos. Ular qoshga oʻxshamaydi.
Yana bir muhim gap: tabiiy yogʻochdan yasalgan tish kavlagichlar xilol daraxtidan olinadi. Bu daraxt shoxlarida akatsiyanikidek tikanaklar boʻladi. Shuning uchun Afgʻonistonda tish kavlagichni xilol deyishadi.
Vahob RAHMON,
adabiyotshunos olim