Xitoy kompaniyasi Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida quyosh elektr stansiyalarini quradi

    Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining (ISSV) tashkiliy ko‘magida kecha O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasida energetika va savdo sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomalarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

    ISSV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston tomonidan – Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Energetika vazirliklari rahbariyati, Toshkent va Jizzax viloyatlari hokimliklari rahbarlari, Xitoy tomonidan – hududlar rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat yirik kompaniyalarining 40 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

    So‘zga chiqqanlar sarmoyaviy, sanoat va savdo munosabatlarini rivojlantirish nuqtai nazaridan eng istiqbolli yo‘nalishlarga eʼtibor qaratdilar. Taʼkidlanganidek, uzoq vaqt davomida samarali hamkorlikda olib borilgan ishlar natijalari imzolangan hujjatlarning yirik to‘plamida o‘z ifodasini topdi.

    Xususan, O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov va «Huadian Xinjiang Power» kompaniyasi boshqaruvi raisi Xan Sun Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

    Bundan tashqari, imzolangan hujjatlar qatorida savdo, qayta tiklanuvchi energetika sohasida hamkorlik memorandumlari hamda Toshkent viloyati va Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasida sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar bor. Bitimlarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida birgalikda tegishli choralar ko‘rish masalalari o‘z ifodasini topgan.

    Bundan tashqari, tadbir doirasida ishtirokchilarni har ikki hududning investitsiyaviy salohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ikkala tomon ham taqdimotlar o‘tkazdi.

    Marosim yakunida erishilgan yuqori darajadagi ishonch va sheriklik munosabatlariga asoslangan holda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan sohalarda birgalikda olib borilayotgan ishlarni faollashtirishga sodiqlik bildirildi.