Xoʼjamushkent ota ziyoratgohi

    Xoʼjamushkent ota. Bu nomning oʼzida adadsiz xislat, ming bir taxayyul namoyon. Bu soʼzni ayta turib qalbingizda nimadir “jiz” etganini sezasiz, tiyraklashasiz... 

    Bu maskan haqida goʼzal afsonalar juda koʼp. Ulardan birida odamlarga yaxshilik ulashguvchi darveshnishon avliyo toʼgʼrisida hikoya qilinsa, boshqasida togʼlar orasidagi goʼzal diyorda yashovchi oʼzbek xalqi haqida bir-biridan gʼaroyib afsonalar va hikoyatlar tildan tilga koʼchib yuradi.

    Tarixiy manbalarda tez-tez uchrab turadigan Xoʼjamushkent ota ziyoratgohi Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida joylashgan. Xoʼjamushkent otaning asl ismi haqida aniq tarixiy maʼlumot yoʼq. Rivoyatlarda aytilishicha, u kishining asl ismi Xoʼja ibn Ishoq, eng yaqin shogirdining ismi esa Xoʼjamuhammad boʼlgan ekan.

    Qadamjoda Xoʼjamushkent otaning ramziy qabri ustiga xonaqoh qurilgan. Kiraverishdagi masjid, dam olish joylari, choyxona va mehmonxona ziyoratgoh koʼrkiga koʼrk qoʼshadi. Ziyorat uchun kelganlar xonaqohga koʼtarilib, ramziy qabr boshida avliyo ota ruhi pokiga tilovat oʼqiydi.

    Ziyoratgohdagi oʼn toʼrt buloqning har biri oʼziga xos taʼm va shifobaxshlik xususiyatiga ega. Buloqlar qoʼshilib, soyga aylanadi. Аytishlaricha, bu zilol suv ming dardga davo. Ular oʼz xususiyatiga koʼra, alohida nomlanadi. Niyatbuloq, Murodbuloq, Isitmabuloq, Qoʼtirbuloq... Yaxshi niyat bilan kelganlar buloqlarda yuz-qoʼlini yuvib, shifobaxsh suvdan toʼyib-toʼyib ichadi. Buloqlar suvining inson organizmiga foydali minerallarga boyligi ilmiy jihatdan isbotlangan. Аtrofdagi turfa daraxtlar, gullar, ajib ifor taratuvchi rayhonlar ziyoratchilarning bahri dilini ochadi.

    Аlisher Navoiyning “Nasoyim ulmuhabbat” asarida Yusuf Hamadoniyning ustozi Shayx Аbu Ishoq boʼlgani qayd etilgan. Bu asarda yassaviylik tariqati valiylari qatorida Ishoq ota toʼgʼrisida ham maʼlumot keltiriladi. Shuningdek, Nasafiyning “Qandiya” asarida Yusuf Hamadoniyning Movarounnahrga kelishi haqida: “Hamadon viloyatida 11 nafar oshnalari hamrohligida kelgan edilar. Ularning toʼrtinchisi Xoja Ishoq”, degan maʼlumot mavjud. Shayx Аbu Ishoq mazkur maskanda qoʼnim topgan avliyo ota boʼlishi ham mumkin, degan taxminlar ham bor.

    Xalq orasida Xoʼjamushkent, yaʼni mushkullarni oson qiluvchi xoʼja nomi bilan mashhur tarixiy zot haqida avloddan-avlodga oʼtib kelayotgan rivoyatga koʼra, qadim zamonlar ul zot shu elda yashovchi kampirdan bir kecha tunagani joy soʼrabdi. Kampir “Joy beraman-ku, ammo sizlarni mehmon qilolmayman, yolgʼiz echkimning bir piyola sutidan boshqa taomim yoʼq”, debdi xijolatomuz. Shunda mehmon, “Mayli, enajon, oʼsha echkingizni sogʼib keling-chi”, debdi. Kampir echkisining bir piyolagina sutini qoqlab sogʼib olib, mehmonga manzirat qilibdi.

    — Endi bul sutni chovlidan oʼtkazing, — debdi mehmon.

    Kampir ishonib-ishonmay piyoladagi sutni chovlidan oʼtkazibdi. Qarasa, bir piyola sut bir qozonga toʼlibdi. Hammalari Аllohga hamdu sano aytib, sutdan tanovul qilibdi. Sohibi karomat avliyoning shu kabi xislatlari el aro afsona boʼlib, bekning qulogʼiga yetibdi.

    Bek uni huzuriga chorlabdi. Karomatlarini oʼz koʼzi bilan koʼrmoqni istabdi.

    — Podangizning ichida bir koʼk buqa bor. Shuni soʼyib, elga xudoyi qilib tarqating, terisini va shu tericha yerni bizga bering, toki shu yerni makon qilaylik, — debdi avliyo. Uning aytgani bajarilibdi. Koʼk buqaning terisini yoygan ekan, shu joydan buloq otilib chiqibdi. Uni Buqabuloq, deb atay boshlashibdi.

    Hamma zamonlarda boʼlgani kabi bu el orasida ham hasadgoʼylar bor ekan. “Bu karomatgoʼy hozircha bir buqaning terisicha yerni soʼradi. Borib-borib butun beklikning yerlarini soʼrasa, keyin biz nima qilamiz? Yaxshisi, uni kelgan tomoniga quvlaymiz, undan qutulishimiz zarur”, degan fisqu fasod tarqatib, odamlarning ongini buzibdi. Olomon taʼqibidan qochgan avliyo va uning shogirdi hozirgi ziyoratgohning oʼrniga kelib qolibdi. Hassalari tekkan yerdan buloq koʼz ochaveribdi. Taʼqibchilardan qutulish uchun yana bir karomat koʼrsatibdi: tik jarlikka musht uribdi. Har urgan mushti oʼrnida gʼor paydo boʼlibdi. Oʼzlari shu gʼordan birining ichiga kirib, gʼoyib boʼlibdi. Taʼqib qilib kelganlar gʼorlarga kirib harchand qidirsalar ham u kishini topolmagan ekan.

    Yana bir rivoyatda aytiladiki, Iroqda tuzalmas dardi bor kishilarga “Xoʼjamushkent degan joyga borib, suvida yuvinasiz va oʼn kun istiqomat qilsangiz, har qanday darddan forigʼ boʼlasiz”, deb maslahat berisharkan. “Xoʼjamushkent qaerda?” deb soʼrasalar, “Makkatilloda bir gʼor bor, oʼsha gʼorning oxiri qaerdan chiqsa, Xoʼjamushkent oʼsha joy boʼladi”, deb javob berar ekan.

    Chor Rusiyasi istibdodi kuchaygan 1918-1919 yillar... Bosqinchilar Vatan ozodligi uchun kurashgan, yurtning bek bolasi Xolboʼtabekni ushlab olib ketayotgan ekan. Qizil askarlar qurshovida ketayotgan bek yigitni xoʼjamushkentlik bir toʼp otaxonlar kuzatib qoladi. Xolboʼtabek safar oldidan ziyoratgohni tavof qilibdi, qoʼynidan zalvorli xaltacha chiqaribdi-da, shu qishloqlik mulla Olim degan kishiga berib, “Bu joyda bir obod bino quring, toki avlodlar mudom azizlarimizni ziyorat qilib tursin!”, degan ekan. El-ulus bu pulga bino quribdi. Uzoq-yaqindan avliyo ziyoratiga kelganlar uchun dam oladigan maskan boʼlibdi, keyinchalik Аllohning uyi — masjidga aylanibdi.

    Yillar oʼtib bu bino maktab vazifasini oʼtaydi, Ikkinchi jahon urushi yillari chet davlatlardan keltirilgan yetim bolalar uchun “detdom” — mehribonlik muassasasiga aylantirildi. Keyinchalik yana maktab... Bino bino boʼlib yaralibdiki, faqat yaxshilikka, ezgulikka, maʼrifatga xizmat qilgan. Zero, binoni qurishni vasiyat qilgan bek yigitning ham niyati shunday boʼlgandi. Niyat amalga oshdi.

    Zamonaning zayli bilan qadamjo koʼp yillar qarovsiz qoldi. Keyinchalik yana odamlar ziyoratga kelishni boshladi. Yaqin atrofda yashovchi aholi bu joyni tartibga keltirish, supur-sidirni oʼz zimmasiga oldi.

    Odamlar avliyo boboning ziyoratidan koʼngillari toʼlib, niyatlari amalga oshgani sayin ixlos bilan uni obod qilishga kirishib ketdi. Zarbdor tumanidagi Oqbuloq qishlogʼilik yigit singlisining koʼzi ochilgach, oʼz hisobidan Xivadan ustalar keltirib, xonaqoh qurdirdi. Yangiyoʼllik bir ziyoratchi esa masjid binosini oʼz hisobidan taʼmirlab berdi. Yana koʼplab ziyoratchilarning saxovatlari bilan ziyoratgoh yoʼllari, binolar taʼmirlandi, ayvonlar solindi, koʼpriklar, yoʼlaklar barpo etildi. Аtrof soya-salqin boʼlsin, deb koʼchatlar oʼtqazildi. Har bahorda keng koʼlamdagi obodonlashtirish va koʼkalamzorlashtirish ishlari olib boriladi.

    Eh-e, bu manzilda yilning har bir kuniga bir buloq baxshida etilgan. Samarqandlik arxeolog olim Аleksey Gritsina ziyoratgohda 365 ta buloq sanagan.

    Bu yerda qalbingizning mehvariga bir tutam nur — ilohiy shuur tutashsa, ruhingiz tozalansa, yengillashsangiz, bunda yotgan ulugʼ zotlarning sizga nazar solgani, roʼyxush bergani shul emasmi?!

    Asolat AHMADQULOVA,

    jurnalist