Joriy mavsumda Qorakoʻl tumanidagi «Merganteks» paxta-toʻqimachilik klasteri chigit ekishda zamonaviy agregatdan foydalaniladi. Shu maqsadda Xitoy davlatidan 20 ta agregat xarid qilindi. Ayni paytda ushbu uskunalar ekin-tikin ishlariga taxt qilib boʻlindi.

Klaster rahbari Ibrohim Hamroyevning aytishicha, mazkur moslama chigitni plyonka ostiga ekishga moʻljallangan boʻlib, uning afzal jihatlari koʻp. Masalan, urugʻlik chigitni qadash barobarida, unga yarasha mineral oʻgʻitni ham berib ketadi. Bu esa tuproq meliorativ holatini yaxshilashda qoʻl keladi.

Xitoydan keltirilgan agregatlar yordamida joriy yilda 1 ming 200 gektar yerga chigit qadash koʻzda tutilgan.

Yana bir yangilik. Bu yil «Merganteks» klasteri va uning tasarrufidagi xoʻjaliklar tomonidan nafaqat paxtachilikda, balki kartoshka, piyoz, sabzi va poliz mahsulotlari yetishtirishda ham tomchilab sugʻorish tizimi tajriba sinovidan oʻtkaziladi.