Chunki zamonaviy dunyo muloqot, texnologiya, iqtisodiyot, fan va ta’lim sohalarida tobora yaqinlashib, chegarasiz aloqalarni talab qilmoqda. Ayniqsa, ingliz tili – xalqaro aloqa, ilm-fan va internet tili sifatida, boshqa xorijiy tillar esa kasbiy ixtisosliklar va madaniyatlararo aloqalar kaliti sifatida alohida o‘rin egallamoqda. Xorijiy tillarni bilish – zamonaviy insonning ustunligidir. Bugungi kunda har bir sohada yetakchi bo‘lishni istagan shaxs uchun xorijiy tilni bilish nafaqat afzallik, balki zarurat darajasiga ko‘tarilgan. Chunki zamonaviy dunyoda axborot oqimi cheksiz, global aloqalar esa tobora kengayib bormoqda. Bunday sharoitda til bilgan inson imkoniyatlarga, bilimga va muvaffaqiyatga yaqin turadi. Xorijiy tilni bilish — bu boshqa bir madaniyatni, fikrlash tarzini, qadriyatlar tizimini o‘rganish demakdir. Bu esa insonni har tomonlama yetuk qiladi. Masalan, ingliz tilini bilgan yosh olim xorijiy ilmiy maqolalarni bemalol o‘qib, o‘z sohasidagi eng yangi yutuqlardan xabardor bo‘la oladi. Yoki koreys, nemis, yapon tillarini egallagan mutaxassis xalqaro kompaniyalarda ishlash, xorijda o‘qish yoki tadqiqot olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bugungi mehnat bozorida raqobat kuchli. Xalqaro darajadagi ish o‘rinlari, grantlar, stajirovkalar va ta’lim dasturlari xorijiy tilni bilgan yoshlar uchun ochiq. Til bu yerda vosita emas, balki kalit bo‘lib xizmat qiladi — bilim eshiklarini ochuvchi, insonni o‘z imkoniyatlariga yaqinlashtiruvchi kuchli quroldir.
Shuningdek, xorijiy til bilish insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi, uning fikrlash doirasini kengaytiradi. Til orqali inson global dunyoning bir bo‘lagiga aylanadi, o‘zini faqat mahalliy emas, balki xalqaro maydonda ko‘ra boshlaydi. Bu esa shaxsiy motivatsiya va yetakchilik sifatlarining shakllanishiga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mamlakatimizda bu borada tub islohotlar boshlab yuborildi, ilg‘or tajribalarga asoslangan yondashuvlar joriy etilmoqda. Bularning barchasi aholi, ayniqsa, yosh avlodning til bilish darajasini oshirish, ularni global mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar sifatida tayyorlashga qaratilgan.
2021-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish to‘g‘risida”gi Farmon ushbu yo‘nalishda yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur hujjat asosida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi: Maktabgacha ta’lim tizimidan boshlab xorijiy tillar, xususan ingliz tili bosqichma-bosqich o‘rgatilmoqda. Umumta’lim maktablarida xorijiy tillar darslari uchun zamonaviy o‘quv-uslubiy komplekslar va innovatsion resurslar yaratildi. Pedagoglarning malakasini oshirish bo‘yicha xalqaro darajadagi treninglar, sertifikatlashtirish tizimlari va chet elda malaka oshirish imkoniyatlari yo‘lga qo‘yildi. O‘quvchilar va talabalar uchun IELTS, TOEFL xalqaro hamda milliy CEFR imtihon tizimlariga tayyorlov kurslari joriy qilindi. Shuningdek, 2022-yildan boshlab “Ingliz tilini bilish darajasini baholash milliy tizimi” ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Bu tizim orqali o‘qituvchilarning til bilimini mustahkamlash, rag‘batlantirish, hamda ular orasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish imkoniyati yaratildi. Oliy ta’lim muassasalarida esa xorijiy tillarda o‘qitiladigan yo‘nalishlar soni tobora ortib bormoqda. Xususan, ba’zi universitetlarda xalqaro dasturlar asosida ingliz, rus, koreys va xitoy tillarida darslar olib borilmoqda. Bu esa nafaqat talabalarning til ko‘nikmalarini rivojlantiradi, balki ularning kasbiy tayyorgarligini ham xalqaro standartlarga moslashtiradi. Yana bir muhim jihat shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat olib borayotgan Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi ta’lim tizimining barcha bosqichlarida sifatli va samarali til o‘rgatish strategiyalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanmoqda. Agentlik tashabbusi bilan o‘quvchilar va yoshlar o‘rtasida ko‘plab tanlovlar, olimpiadalar va chempionatlar tashkil etilib, til o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchaytirilmoqda.
Zamonaviy jamiyat shiddat bilan o‘zgarib, taraqqiyot har bir sohaga chuqur kirib bormoqda. Axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, biotexnologiya, zamonaviy tibbiyot, muhandislik va boshqa strategik sohalarda yetakchilik qilish uchun insondan nafaqat puxta kasbiy bilim, balki xorijiy tillarni chuqur bilish talab etiladi. Endilikda zamonaviy dunyoda bilimli bo‘lish yetarli emas — bilimni olish, tahlil qilish va uni amaliyotga joriy etish uchun siz uni qaysi tilda yaratilganini ham tushunishingiz kerak.
Har bir yosh, har bir talaba va o‘quvchi bugun o‘z oldiga jiddiy savol qo‘yishi zarur: “Men nechta tilni mukammal bilaman?” yoki hech bo‘lmasa “Qanday xorijiy tillarni egallashni rejalashtirganman?” Chunki bugungi global raqobatda muvaffaqiyat qozongan shaxs — bu faqat oliy ma’lumotli emas, balki o‘z fikrini bir nechta tillarda aniq va ravon ifoda eta oladigan, turli madaniyatlar bilan bemalol muloqot qila oladigan, o‘z bilim va g‘oyalarini xalqaro maydonlarda ilgari sura oladigan avloddir.
Xorijiy tillarni bilish yoshlarimizga quyidagi ustunliklarni beradi:
Global imkoniyatlar eshiklarini ochadi: Xorijiy grantlar, stajirovkalar, xalqaro tanlovlar va akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etish imkoniyati.
Kasbiy raqobatbardoshlikni ta’minlaydi: Xalqaro kompaniyalar, qo‘shma korxonalar, xorijiy bozorlar bilan ishlaydigan tashkilotlarda yuqori maoshli ish o‘rinlari.
Shaxsiy rivojlanish va dunyoqarash kengayadi: Til orqali yangi madaniyatlar, falsafa va fikrlash tizimlari bilan tanishish imkoniyati.
Raqamli dunyoda erkin harakat qilish: Ko‘plab ilmiy manbalar, texnik hujjatlar, IT texnologiyalar va onlayn kurslar xorijiy tillarda taklif etiladi.
Bugun ta’lim muassasalari, ota-onalar va yoshlarning o‘zi til o‘rganishni asosiy hayotiy strategiyaga aylantirishi zarur. Chunki XXI asr — bu bilim asri emas, tilni bilgan bilimlilar asridir.
Xorijiy tillarni o‘rganish — bu zamonaviy jamiyat talablariga moslashish, global dunyo bilan hamnafas yashash va o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etish yo‘lidagi eng kuchli vositalardan biridir. Bugun til bilish shunchaki kommunikatsiya vositasi emas, balki shaxsiy muvaffaqiyat, kasbiy yuksalish va xalqaro maydonda faol ishtirok etishning muhim omiliga aylangan.
O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar — bu yosh avlodga ochilgan yangi ufqlar, ularning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng yo‘llardir. Har bir bola, har bir talaba ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalansa, yaqin kelajakda xalqaro miqyosda tan olingan mutaxassislar, yetakchilar va ilm-fan arboblari safi yanada kengayadi.
Shu sababli, har bir ota-ona, pedagog, rahbar va jamiyat a’zosi yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan intilishlarini doimiy qo‘llab-quvvatlashi, ular uchun zarur sharoit va rag‘bat yaratishga o‘z hissasini qo‘shishi kerak. Zero, til bilgan avlod — bu raqobatbardosh millat, kuchli davlat va yorqin kelajak kafolatidir.
Nigoraxon Ro‘zibayeva,
TDYU Xorijiy rillar kafedrasi dotsent v.b.,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)








