Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy taʼlimda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi. 81 ta vazirlik va idorada ilgʻor va bilimli ayollardan iborat 15 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etildi.
Bugun tuman hokimi vazifasida olti nafar rahbar ayol har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, faoliyat olib bormoqda. Kimlardir ayol kishining rahbar boʻlganining nimasi yaxshi, deyishi mumkin. Bunday savolga javob aniq: nozik hilqat sohibalari ijtimoiy masalalarga koʻproq yurakdan his qilib yondashadi, dilidan oʻtkazib qarorlar qabul qiladilar. Ijtimoiy masalalar esa, bu — xalqning dardi, shu kecha-kunduzda uning boshidan oʻtayotgan muammolari bilan uzviy bogʻliqdir.
Ayol buni koʻproq, teranroq anglashining yana bir sababi u oila bekasi, bolalar tarbiyachisi, ularning sogʻligʻi uchun qaygʻuradigan shifokordir. Siyosiy hayotda faol boʻlgan xotin-qizlarimiz aynan mana shunday xislatlari tufayli qonunlarning yanada hayotiy boʻlishi uchun kurashadilar, ularda aniq masalalar, muammolarning yechimlarini ifodalash uchun jon kuydiradilar.
“2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ham xotin-qizlarimizning haq-huquqlarini himoya qilish, ularni oliy taʼlimga yanada koʻproq qamrab olishga alohida eʼtibor qaratilgani ham bejiz emas.
Soʻnggi yillarda Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilindi. Shuningdek, “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etildi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlarini qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi yaratildi.
Bugungi kunda xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, mehnat faoliyatini ragʻbatlantirish va odil sudlovga erishish darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya tuzildi. Mamlakatda gender tenglikni taʼminlashga va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ayollarning gender tengligi buzilishiga oid murojaatlarini koʻrib chiqish, kasbiy segregatsiya, ish haqi oʻrtasidagi farq, aholining iqtisodiy faol qatlami orasida ayollarning ulushini koʻpaytirish masalalari boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, ayollarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash va samarali amalga oshirilishini taʼminlash hamda keng qamrovli targʻibot ishlarini tashkil etish komissiyaning asosiy vazifa sifatida belgilab qoʻyildi.
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyat boshqarmasi, tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari va FHDYO boʻlimilarida jami 358 nafar xodim ishlamoqda. Ularning 201 tasini ayollar, shundan 33 tasi, yaʼni 16,5 foizini rahbar ayollar tashkil etadi. 3 nafari Davlat xizmatlari markazida direktor, 11 nafari boʻlim boshligʻi va 17 nafari FHDYO boʻlimida mudira sifatida faoliyat olib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasida gender tengligini toʻlaqonli taʼminlash maqsadida 2030-yilga qadar strategik yoʻl xaritasi ishlab chiqilgan. Mazkur hujjat qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda darajalarida xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi. Strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli taʼlimli taʼminlash, qishloq joylarida qizlarning oliy maʼlumotga ega boʻlishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olingan.
Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar tengligi sohasida olib borilayotgan islohotlar eʼtirofga loyiq. Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar inson manfaatlari ustunligini taʼminlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquq hamda imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan. Bunda, ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida roʻyobga chiqarilmoqda.
Mahliyo USMONOVA,
Yangiyoʻl tuman FHDY boʻlimi
1-toifali inspektori