Oh, jadid aybnomasi tufayli hayoti taʼqibu quvgʻinlar ostida oʻtgan shoʻrlik vatandoshlarimizning gunohlari nima edi? Oʻqib-oʻrganaylik, bilimdonlikda jahonga chiqib, haq-huquqlarimizni tiklaylik, butun odam boʻlaylik kabi odilona daʼvatlar uchun nahotki otish, osish, surgunlarga badargʻa qilish oʻrinli va adolatli boʻlsa?! Aynan shunday jazolardan qochgan shoʻrlik Sirojiddin Sidqiy endigina balogʻat yoshiga yetgan chogʻida yangi tashkil topgan vagonga xufiyona joylashib, katta vodiyga qochish orqali jonini saqlab qolgan edi. Bular oʻtgan asr boshidagi gaplar. Unga qadar tortilgan jabru sitamlarni aytib, ado qilib boʻlmaydi...
Toʻgʻri, Sirojiddinbek ziyoli oilada tugʻilib oʻsgan. Otasi Mirzohid Oxund domla Xondayliqdagi hovlisida maktabdorlik, yaʼni diniy va dunyoviy ilm-ziyolarni tarqatish bilan mashgʻul edi. Hazrat domla nomi bilan tanilgan bu insondan bilim olish ilinjida Chimkent va Sayram tomonlardan, hatto katta vodiy – Fargʻonadan ham talabgorlar kelib, ustozning moʻjazgina hujralarida yashashar, bilim olishdan boʻsh paytlarida tomorqa ishlariga yordamlashishardi. Bagʻrikeng ustoz hech kimdan haq soʻramasdi. Toʻrt oʻgʻil va bir qizning oʻrtanchasi Sirojiddin oʻn toʻqqiz yoshga yetguncha shundayin saxovatpesha xonadonda yashadi. Qodir Alloh tarafidan berilgan serqirra fazilatlar tufayli bu xonadonga sigʻmay qolgan Sirojiddinbek katta shahar – Toshkentga otlanib, qolgan umrini ilm izlash, adolat va haqiqat ortidan quvish, Vatanni ozod va farovon darajaga koʻtarishdagi betinim kurashlar bagʻrida oʻtkazdi. Bu haqida “Chirogʻim, men Sidqiyman, Handaqliqiyman” deb nomlangan kitobimda yoritganman. Endi esa vatandoshlarimga, ayniqsa yoshlarimizga, qalbi odamiy fazilatlar, insongagina xos mehr-oqibatga limmo-lim azizlarimiz haqida baholi qudrat yozmoqdaman. Zero, bunday fazilatlar kamyob boʻlib borayotgani sir emas.
Sirojiddin Mirzohid oʻgʻli – Sidqiy Handaqliqiy davrini oladigan boʻlsak, avvalo serqirra fazilatlar sohibi Mirzohid ota, yaʼni Hazrat domlaning ibratomuz hayoti alohida oʻrin egallaydi. Shu bilan bir qatorda ustozning sevimli shogirdi, Toshkentga borib, mudarris domla darajasiga koʻtarilgan Imomali otaning xizmatlarini alohida aytib oʻtish oʻrinlidir. Qolaversa, Toshkent bagʻrida ne-ne mashaqqatlar bilan yashagan Sirojiddin Sidqiyning davrdosh doʻstlari, ustozlari Kamiy, Iffat, Rizoiy, Tavallo, Behbudiy, Kamol Turbatiy, Fitrat, Choʻlpon kabi vatanparvarlarning Sirojiddin Sidqiyga juda katta ijobiy taʼsirlari boʻlgan. Sibir surgunidan qochib, katta vodiyda azob-uqubatlar ogʻushida yashar ekan, bagʻrikeng ziyolilar shoir hayotini saqlab qolganlar, unga tayanch-madad boʻlganlar. Ularning hammalarini sanash shart emas: birgina Rizoiy Andijoniyning yillar davomida Sidqiyga koʻrsatgan mehribonliklarini aytmaslik insofdan emas.
Umr boʻyi taʼqibu kuvgʻinlardan qocha-qocha Toshkentga qaytgan Sirojiddin Sidqiyning soʻnggi safari Parveztepa atrofi boʻldi. Oʻttizinchi yillar boshida Sidqiyning ona qishlogʻi Xondayliqdan Pargizga koʻchib tusha boshlagan vatandoshlari shoirni jon-dillari bilan bagʻirlariga oldilar, hasharlar uyushtirishib, moʻjazgina hovli-joy tiklab berdilar. Qoʻli gul shoir esa bu hovlini jahondagi nodir anvoyi gulu daraxtlar bilan yasantirib, umri soʻngiga qadar ushbu makonda hayot kechirdi...
Ijod olamiga nazar tashlasak, serqirra adibning ustoz, doʻst va shogirdlari behisob edi. Ular orasidagi eng mehribon, sofdil, jonkuyar shogirdi sifatida albatta Abdulla Nosirovni yuksak ehtirom bilan eʼtirof etamiz. Jonli qomus nomi bilan mashhur boʻlgan Abdulla ota bolalik chogʻidanoq hattotlik sanʼati sir-asrorlarini astoydil oʻzlashtirgan va umri soʻngiga qadar Sirojiddin Sidqiyni yuksak ehtirom va astoydil hurmat bilan qalbida asradi. Ustoz hayoti va ijodini yuzaga chiqarish uchun betinim kurashdi. Bu savobli, mashaqqatli va olijanob hayot yoʻlida adabiyotshunos olim, tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniyni ham chetlab oʻtish mumkin emas.
Yana qoʻllarimga qaltiroq kelib, koʻzlarimdan yosh sirqiy boshladi. Oʻzimni harchand tutay deyman, yoʻq, ixtiyorim oʻzimda emas...
Sirojiddin Maxdum Mirzohid oʻgʻli – Sidqiy Handaqliqiy hayoti va ijodi bilan oʻtgan asrning oltmishinchi yillari oxirida shugʻullana boshlagan edim. Ne baxtki, dorulfununning filologiya fakulteti talabasi Karimaxon ikkimizni Qodir Alloh umr yoʻldoshlik baxtiga muyassar ayladi. Shu-shu hamqishlogʻimiz Sirojiddin Sidqiy Handaqliqiy hayoti va ijodi yoʻlida birgalikda shugʻullanishga kirishdik. Sidqiyni eshitgan, tanigan, bilgan insonlar, Sharqshunoslik instituti, katta vodiydan tortib butun Oʻrta Osiyo boʻylab maʼlumotlar toʻplardim, toʻxtovsiz qogʻozga tushirardim va jufti halolimga topshirardim. U esa kunu tun mashinkani chiqillataverardi. Bilmadim, toʻgʻri qildimmi, yo... Hamma narsalar mening nomimda chop etilar, shoʻrlik jufti halolim chekkada qolib ketaverardi. Yana mening jizzakiliklarim, zardayu dashnomlarimni aytmaysizmi! Qani endi unda bir ogʻiz eʼtiroz, norozilik yoki gap qaytarish boʻlsa! Sirojiddin Sidqiyga oid kitoblar chop etilganida olamga sigʻmas quvonchlarini-ku taʼriflashga tilim ojiz! Men bosar-tusarimni bilmayman, jadidlar olamining yetuk namoyondasi Sirojiddin Sidqiyni oʻzim olamga tanitgandek! Jonajonim, mehribonim umrining soʻnggi kunlarini yashayotganini qaydan ham bilardim?! Ayniqsa birgina soʻrovi yuragim toʻriga qadaldi-qoldi: “Hamqishlogʻingiz Sirojiddin Sidqiy uy-muzeyini yaratish haqida nega bosh qotirmaysiz? Ota-bobolarimiz ikki ming yildan ziyod vaqtdan beri yashagan Qoʻrgʻontepa bagʻrida noyob shu inshootni qurish tashabbuskori boʻlmasangiz, bu ishga kim qoʻl uradi? Shu orqali Qoʻrgʻontepa nafaqat Boʻstonliq tumani, butun Oʻzbekiston, hatto olam odamlarining ziyoratgohiga aylanishi aniq. Shu bilan birga kutubxona ham bitadi. Uyimizda hech kim oʻqimay uvol boʻlib yotgan mingdan ortiq noyob kitoblarimizni sovgʻa qilamiz. Ham Sidqiyning uy-muzeyi, ham maʼnaviyat markazi paydo boʻladi. Ayniqsa, qishloqning uyushmagan yoshlari shu dargohda jamuljam boʻladilar. Tepalik va uning chor tarafi yanayam koʻrkamlashib, haqiqiy guzar va sayrgohga aylanadi. Qoʻrgʻontepa bilan tengdosh Bobochinorlar bagʻrida turistlar mehmonxonasi yaratilsa, ularning tarixini yozib bersangiz, ajoyib maʼnaviy va madaniy meros qoladi kelajakka!”
Yarim asrga yaqin muddat yosh avlodga oʻzbek tili va adabiyotidan yuksak saviyada bilim berib kelgan umrdoshim shunday noyob fikrlarni aytar ekan, yuragim orqamga tortib ketdi! Jufti halolimning umri nahotki tugab borayotgan boʻlsa?!
Ha, bu hayot haqiqati edi! Jahondagi goʻzallikda ham, donolikda ham, sabru bardoshda ham havas qilsa arzigulik umr yoʻldoshimni “tez yordam” Zangiotaga olib ketib, ikki kundan soʻng... muzdakkina qilib olib kelib berdi! Jonajonimning bebaho fikrlari menga meros boʻlib qoldi.
Oʻzimni qayga qoʻyarimni bilmas edim: oʻlib oʻlolmayman, yashab yashayolmayman... Shu kezda ham Sirojiddin Sidqiyning ming bir azoblar bilan yashagan hayoti menga tayanch boʻldi. Ulugʻ shoir bogʻiga qandoq borganimni bilmayman. Koʻzlarimdan shashqator yoshlar oqib, Sidqiy oʻgitlarini oʻqiyman: “Odam uch xil boʻlur, – deb yozardi shoir. – Butun odam, yarim odam, odam hisobinda boʻlmagan odam. Butun odam uldirki, oʻz aqliga ish buyurib, kasbu korga mashgʻul boʻlur, kirishur va tirishur. Yarim odam uldirki, biron ishning uhdasidan chiqa olmas. Lokin oʻzganing irshodi (koʻrsatmasi) birlan ishga kirishur va tirishur. Odam hisobinda boʻlmagan odam uldirki, na unisining va na bunisining uhdasidan chiqur. Ular dangasalar, tekinxoʻrlar va yalqovlar jamoasi erurki, taʼma birlan kechinurlar”.
Sidqiy nasihatlarini oʻqib oʻtirar ekanman, yelkamda kimningdur kaftini sezdim. Bosh koʻtarib, bogʻ rahbari Dilshod Saʼdullayevichni koʻrdim.
– Bu qadar yonib kuyavermang, – koʻngil berdi u. Uning hamma voqeadan xabari bor ekan. – Siz xalqimizga, Sidqiy kabi ulugʻ insonlar hayoti va ijodi bilan, ayniqsa, yoshlarni xabardor etishga keraksiz.
– Men oldin oʻtishim lozim edi... Axir jufti halolimdan olti yosh ulugʻligim bor edi-ku.
– Hay-hay, Qodir Alloh qahrini keltirmang! – qatʼiy ogohlantirdi Dilshod Tillaxoʻjayev. – Demak, siz yashashingiz kerak, bu olamda qiladigan ishlaringiz hali bor ekan. Yaratgan Egamizning izmi shu!
Bu voqeadan keyin oʻzimni ancha qoʻlga oldim. Jufti halolimning menga aytgan dono gaplari, aniqrogʻi, vasiyatlarini amalga oshirishga kirishishim kerak. Shu kunning ertasigayoq Boʻstonliq tumani hokimining qabuliga kirdim. Joʻrabek Ilhomovich ham menga taskin berib, biz birgalikda qishloqqa chiqdik. Sirojiddin Sidqiyning uy-muzeyi va kutubxona quriladigan joylarni koʻrdik. Ayniqsa, ikki ming yildan ziyod umr koʻrayotgan Bobochinorlar Joʻrabek Ahmedovda chuqur taassurot uygʻotdi.
– Qoʻrgʻontepa va Bobochinorlar tarixini yaxshilab yozib bering, ularni abadiylashtirish va turizmga oid masalalar bilan alohida shugʻullanamiz, – dedi hokim osmonoʻpar goʻzalliklarga havas bilan tikilar ekan. – Yonginamizda shunaqa ajoyib tabiat goʻzalliklari turib, biz qayoqlardan moʻjizalar izlab yuribmiz.
Umr oʻtaverar ekan, ellik uch yillik jufti halolimni yoʻqotib qoʻyib, undagi noyob fazilatlarni endi topib oʻtiribman. Bu ham boʻlsa Sidqiyimizning biz tomonlarga soʻnggi safari tufayli kashf etildi. Hayhot, bular ulugʻ adibning soʻnggi safari va Asad Asilning oxirgi asari boʻlmasin ishqilib...
Ha, Dilshod Saʼdullayevich aytganidek, umrimiz vafo qilsa, oldinda hal etilishi lozim boʻlgan ulugʻvor vazifalar turibdi. Vatanimizni jahondagi ilgʻor mamlakatlar darajasidan ham yuqoriga olib chiqish uchun bor salomatligi, kuch va imkoniyatlarini sarflayotgan Prezidentimizga Vatanimizdagi har bir tirik jon qoʻlidan kelgancha koʻmaklashmogʻi shart. Ayniqsa, biz kabi nuroniylar buni qalbdan tushunmoqlari, yoshlarimizni nurli yoʻllarga boshlamoqlari lozim. Mana, turizm sohasini yangi kuch, shiddat va shijoat bilan davom ettirishga yurtimiz rahbari qatʼiy koʻrsatmalar berdi. Yuqorida aytganimizdek, Boʻstonliq tumanining Xondayliq qishlogʻida bunga juda keng va qulay imkoniyatlar mavjud. Biz kabi hayotning boy tajribasiga ega nuroniylar har xil bahonalar bilan oʻralashib oʻtirmasdan, safning oldida borishimiz va farzandlarimizni ulugʻvor ishlarga daʼvat etmogʻimiz zarur.
Nafaqat turizm sohasi, balki hayotning barcha tarmoqlarida oʻgʻil-qizlarimiz avangard boʻlsinlar. Quyidan shunday tashabbuslar otilib chiqsa, hayotimizda tub ijobiy oʻzgarishlar, albatta, amalga oshadi. Shundagina Qodir Alloh bizlarga sardor aylagan Prezidentimiz doimo qayta-qayta taʼkidlaganlaridek, mamlakatimizdagi har bir inson baxtli hayot kechirish darajasiga koʻtariladi. Shundagina Sirojiddin Sidqiylarning azalgi orzulari amalga oshadi va ularning ruhlari ham shod boʻladi, inshoolloh!
Asad ASIL,
yozuvchi