Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga Yadroviy tadqiqotlar Birlashgan instituti (Dubna) delegatsiyasi keldi. Delegatsiya aʼzolari dastlab Institut faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Soʻngra Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti va Yadroviy tadqiqotlar Birlashgan instituti (Dubna) hamkorlikda yaratilgan yirik loyiha — “Bulutli hisoblashlar” klasterining tantanali ochilishi va ishga tushirilishi marosimi boʻlib oʻtdi.

Ushbu klaster mamlakatimizda ilk bor Yadro fizikasi institutida joriy qilinmoqda. Klaster yuqori hajmli hisob-kitoblardan foydalanilayotganda hisoblash tezligini taʼminlash, samaradorligini oshirish uchun yuqori darajadagi serverlarning yagona bulutli infratuzilmaga birlashtirish imkonini beradi. Natijada, murakkab hisob-kitoblar tezroq amalga oshiriladi va ilmiy tadqiqotlar uchun yuqori aniqlikdagi hisob-kitob natijalarini beradi.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur klaster yordamida juda katta hajmdagi maʼlumotlarni tez va ishonchli yuklab olish va joʻnatish hamda katta informatsion resurs talab qiluvchi hisoblarni bajarish mumkin.