“Yagona salomatlik”: Markaziy Osiyoda 11 million yevrolik loyiha boshlandi

    Germaniya xalqaro iqlim tashabbusi (IKI) tomonidan qoʻllab-quvvatlangan 11 million yevro miqdoridagi Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (IUCN) qoʻshma tashabbusi olti yil davomida amal qiladi.

    13-fevral kuni Samarqand shahrida CMS COP14 doirasida “Markaziy Osiyoda yagona salomatlik” loyihasi ishga tushirildi. Germaniya xalqaro iqlim tashabbusi (IKI) tomonidan qoʻllab-quvvatlangan 11 million yevro miqdoridagi Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (IUCN) qoʻshma tashabbusi olti yil davomida amal qiladi.

    Loyihaning ochilishiga bagʻishlangan tadbirda davlat sektori va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar, soha ekspertlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    “Mintaqada yagona sogʻliqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish oʻrtasidagi bogʻliqlik katta. Tabiiy yashash joylari va biologik xilma-xillikni saqlashga qaratilgan saʼy-harakatlar ekotizim muvozanatini saqlash, yovvoyi tabiatning sogʻlom populyatsiyasini ragʻbatlantirish va zoonoz kasalliklar xavfini kamaytirish uchun kalit hisoblanadi. IUCN global maqsadlarga hissa qoʻshish bilan birga tabiatni muhofaza qilish boʻyicha milliy maqsadlarga erishishda hokimiyat organlarini qoʻllab-quvvatlashda davom etadi. Biz IUCNvositalari va standartlarini, jumladan, IUCN Yashil roʻyxatini, turlarni boshqarish boʻyicha ilgʻor tajribalarni hamda zoonoz kasalliklarni tadqiq qilish va texnologiya sohasidagi soʻnggi yutuqlarni qoʻllash boʻyicha mintaqaviy salohiyatni oshirishda davom etamiz”, — dedi IUCNbosh direktori doktor Gretel Aguilar.

    Markaziy Osiyoda zoonoz kasalliklar xavfi biologik xilma-xillikning yoʻqolishi va inson hamda yovvoyi tabiat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlardagi oʻzgarishlar tufayli kuchaymoqda. Yangi tashabbusga koʻra, IUCN hamda milliy va xalqaro hamkorlar, jumladan, barcha beshta Markaziy Osiyo davlati zoonoz kasalliklarning paydo boʻlishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi. Mutaxassislar qoʻriqlanadigan hududlarning adolatli va samarali mintaqaviy tarmogʻini birlashtirish, kasallik xavfini kamaytirish uchun tabiatni muhofaza qilish va yovvoyi tabiatni boshqarishni kuchaytirishga eʼtibor qaratadi.

    “Soʻnggi bir necha yil ichida biz COVID-19 kabi zoonotik kasalliklarning tarqalishi global taʼsirga ega boʻlishi mumkinligini koʻrdik. Bu butun mamlakatlarning demobilizatsiyasiga, transport aloqalarining uzilishiga, oziq-ovqat xavfsizligi muammolarining keskinlashishiga va ulkan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib keldi, — dedi Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — Qoʻriqlanadigan tabiiy hududlarni barqaror boshqarish, noyob biologik xilma-xillikni saqlash va Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik muvozanatni mustahkamlash boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish tarafdorimiz”.

    Yirik mintaqaviy tashabbus Markaziy Osiyoda “Yagona salomatlik” yondashuvini amalga oshirishga yordam beradi. “Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish tizimini mustahkamlash orqali paydo boʻlayotgan zoonoz kasalliklarga landshaftning chidamliligini oshirish” toʻliq sarlavhali tadbirlarda inson, hayvonlar va atrof-muhit salomatligining oʻzaro taʼsiriga eʼtibor qaratiladi va murakkab muammolarni hal qilishda yaxlit yondashuv zarurligini taʼkidlaydi.

    “Yashash joylarining yoʻq boʻlishi biologik xilma-xillik yoʻqolishining asosiy sababi boʻlib, yovvoyi hayvonlarni ekspluatatsiya qilish va ularning yashash joylarini yoʻq qilish bilan bogʻliq inson salomatligi uchun koʻplab xavflar mavjud. «Yagona salomatlik” yondashuvi Markaziy Osiyo uchun muhim, chunki yovvoyi hayvonlar, chorva mollari, odamlar va ularning ekotizimlari salomatligi bir-biriga bogʻliq», — dedi Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash boʻyicha konvensiyaning ijrochi kotibi Emi Frankel.

    Kelgusida IUCN, milliy va xalqaro hamkorlar, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati zoonoz kasalliklarning paydo boʻlishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha “Markaziy Osiyoda yagona salomatlik” loyihasini amalga oshiradi. Mutaxassislar qoʻriqlanadigan hududlarning adolatli va samarali mintaqaviy tarmogʻini mustahkamlash, kasallik xavfini kamaytirish uchun tabiatni muhofaza qilish va yovvoyi tabiatni boshqarishni kuchaytirish, zoonoz kasalliklarni tadqiq qilish va texnologiya sohasidagi soʻnggi yutuqlarni ilgari surish ustida ish olib boradi.