Ularda nimalar aks etgan? Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi rahbari Vohid Hamidov bilan suhbatda shu savollarga javob izladik.
— Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida oʻqitish metodikasini takomillashtirish vazifasi belgilangan. Shunga muvofiq, oʻtgan vaqtda darsliklarni yangilash boʻyicha muayyan ishlar bajarildi. Xususan, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida 1–4-sinf darsliklari yangidan tayyorlandi.
Yangi darsliklardagi topshiriq va vazifalarni bajarish orqali oʻquvchilarimizda boshlangʻich sinflarda bilimni baholaydigan PIRLS, TIMSS, EGMA, EGRA kabi xalqaro dasturlarning masalalarini yechish malaka koʻnikmasi shaklanadi.
Bir qator ilgʻor xorijiy davlatlarda informatika fanini kichik yoshdan oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ga aʼzo mamlakatlarning koʻpida dasturlash asoslarini 1-sinfdan boshlab oʻqitiladi. Bizda ham shu yangilikni joriy qilish uchun ilgʻor xorijiy tajriba asosida 1-sinf uchun yangi zamonaviy informatika darsligi yaratildi.
Darsliklar zamonaviy axborot jamiyatiga muvaffaqiyatli moslashish uchun zarur boʻlgan koʻnikma va malakani shakllantirishga qaratilgan. Jumladan, tanqidiy fikrlash, muammolarni hal qilish uchun ijodiy fikrlash, muloqot qilish va samarali hamkorlik kabilarni rivojlantirish koʻzda tutilgan. Ushbu koʻnikmalarni egallash oʻquvchilarga oʻzgaruvchan dunyoda faol ishtirok etish, muammolarni hal qilishda analitik yondashuvni qoʻllash, yangi gʻoyalarni ishlab chiqish va boshqalar bilan muvaffaqiyatli muloqot qilishga tayyor boʻlishni oʻrgatadi.
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab maktablarda oʻqitiladigan kompyuter savodxonligi darslari 1-sinfda haftasiga 1 soat oʻtilishi koʻzda tutilgan. Informatika darsida oʻquvchilar kompyuter bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashi shart emas. Darsliklarda asosan axborot nimaligi, algoritm tushunchasi, amallar ketma-ketligi kabi bazaviy bilimlar aks etgan. Yaʼni yuqori sinflarda informatika fanini tushunish uchun kerak boʻladigan boshlangʻich tushunchalar berilgan.
Hozir sunʼiy intellekt hayotimizga faol kirib kelyapti. Ayniqsa, yuqori sinf oʻquvchilari sunʼiy intellekt bilan muloqotga kirishib, oʻzini qiziqtirgan savollarga javob olayotgani bor gap. Toʻgʻri savol berish, muloqot qilish holatlariga oʻzimiz ham guvohmiz. Ushbu jarayon ham bolalarda texnologiyadan foydalangan holda mantiqiy fikrlash, ijodkorlik va muammolarni hal qilish koʻnikmalarini rivojlantirishga yordam beradi. Kelajak avlodni tez oʻzgarib borayotgan raqamli dunyoga tayyorlash va taʼlim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni integratsiyalashtirish shuning uchun ham suv va havodek zarur.
Bu oʻzgarishlar yanada samarali, zamonaviy va oʻquvchiga yoʻnaltirilgan taʼlim muhitini yaratishidan umid qilib turibmiz. Chunki bu maktab oʻquvchilarining shaxsiy fazilatlarini rivojlantirish, chuqur bilim va koʻnikmalarni egallashi uchun samarali yoʻl boʻlib koʻrinyapti.
— Yangi darsliklarning alohida ajralib turadigan jihati nimada? Qaysi xorijiy tajriba va modelga asoslanib yaratilgan?
— Yangi darsliklar metodikasi 4K modeliga asoslangan. Bu metodologiya bolalarning rivojlanishiga qaratilgan boʻlib, kollaboratsiya, kommunikativlik, kreativ va tanqidiy fikrlash kabi asosiy kompetensiyalarni qamrab oladi.
Ushbu kompetensiyalar asosidan tasavvur etish, gʻoyalarni ilgari surish, dalillar keltirish, maʼlumot yetishmasligini taʼkidlash va izlash, oʻz gʻoyalarini shakllantirish va boshqalarning gʻoyalarini rivojlantirish, taxmin va mulohazalarini baholay olish, guruh maqsadlarini qabul qilish va umumiy natijani baholash kabilar oʻrin oladi. Ular maktab oʻquvchilariga mustaqil oʻqish va boshqalar bilan birgalikda tadqiqot olib borish, oʻzini koʻrsatishga imkon beradi. Ushbu muhim kompetensiyalarni rivojlantirishga yordam berishni istasak, oʻquv jarayonini bolalar uchun qiziqarli va foydali tarzda tashkillashtirishimiz kerak. Maktabdagi har bir dars oʻquvchilar faqat fan mazmunini oʻzlashtiradigan emas, balki mustaqil bilim oladigan va qobiliyatini mustaqil rivojlantiradigan jarayondir.
Endi har biriga alohida toʻxtalib oʻtamiz.
Kollaboratsiya oʻquvchilarning biror maqsadga erishish uchun jamoada ishlash koʻnikmasidir. Bu orqali oʻquvchilarda hamkorlik qilish, samarali fikr almashish va bir-birini qoʻllab-quvvatlash oʻrgatiladi. Shu tariqa oʻquvchilarning jamoada ishlash qobiliyati rivojlantiriladi.
Biror masalani hal qilishda jamoaviy hamkorlik asosida fikr bildirish, bir-birini qoʻllab-quvvatlash, tushunish muhim rol oʻynaydi. Darsliklardagi mazmun aynan mana shu 4K modelining birinchi jihati — kollaboratsiyaga asoslangan holda berilgan. Koʻpgina topshiriqlarni bajarishda oʻquvchilar jamoaviy fikrlab, xulosa chiqarishi mumkin.
Kommunikativlik oʻquvchilarning boshqalar bilan muloqotga kirishish qobiliyatini anglatadi. Yangi darsliklar yordamida bolalar fikrini aniq-ravshan ifodalash, suhbatdoshni tinglash, tushunish, maʼlumotni yetkazishda til vositalaridan unumli foydalanishni oʻrganadi. Shuningdek, oʻrinli savol berish, fikrlarni aniq-tiniq ifodalay olish, mulohazasini toʻgʻri talqin etish va himoya qilish ham muhim.
Kreativ fikrlash ijodiy tafakkur va yangilik qilish qobiliyatini bildiradi. Oʻquvchilar maqsadiga erishish uchun yangi yondashuvlarni qoʻllashni oʻrganadi. Innovatsion yechimlarni ishlab chiqadi va ijodiy muammolarni hal qilish koʻnikmasiga ega boʻladi. Masalan, bolalar kreativ yondashib, darsliklardan oʻrin olgan topshiriqlarni nostandart usulda hal etish koʻnikmasini shakllantiradi.
Tanqidiy fikrlash oʻquvchilarning axborotni tanqidiy baholash, shaxsiy fikr-mulohazalarni shakllantirish koʻnikmasidir. Bolalar muammolarga tahliliy nuqtayi nazardan yondashishni oʻrganadi. Mantiqiy fikrlash asosida nuqtayi nazarini shakllantiradi.
Darsliklarda statistik maʼlumotlarni sintez, analiz qilib, axborot toʻgʻri yoki notoʻgʻri berilayotganini anglash, aynan tanqidiy fikrlash kompetensiyasini rivojlantirishga eʼtibor qaratilgan. Yaʼni qaysidir maʼlumot notoʻgʻri talqin etilayotganini anglab olish qobiliyatini rivojlantirish koʻzda tutilgan.
— Har bir yangi darslik zamonaviy dizayn tendensiyalariga muvofiq boʻlishi shart. Bu nafaqat jozibali vizual muhit yaratadi, balki materialni samarali oʻzlashtirishga yordam beradi. Shu nuqtayi nazardan darsliklarda qanday yangiliklar kuzatildi?
— Kitoblar mutlaqo boshqacha dizaynda yaratilgan. Bunda bolalarning yoshi hisobga olingan. Ishlatilgan grafika, ranglar palitrasidan tortib, tasvirlar, obrazlar, foto, portretlar barchasi ilmiy yondashuv, bolalarning psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda berilgan. Yangi darsliklardan rang-barang illyustratsiyalar oʻrin olgan. Ular nafaqat oʻrganish jarayonini qiziqarli qiladi, balki mavzularni yaxshiroq tushunish va tasavvur etishga yordam beradi.
Darsliklarni tayyorlashda vazni ham eʼtibordan chetda qolmadi. Kitoblarning qalinligi, oʻquvchining yoshiga mosligi, bolaning fiziologik holati hisobga olingan. Darsliklarda qalinlik va ogʻirlikning optimal kombinatsiyasi mavjud boʻlib, bu, ayniqsa, kichik yoshdagi oʻquvchilar uchun tashish va ishlatish jarayonini osonlashtiradi.
Ilgari maʼlumot manbai asosan darslik boʻlgan. Hozir internet rivojlangani tufayli koʻplab maʼlumot manbalari vujudga keldi. Yangi darsliklarning boshqa manbalardan afzalligi oʻquvchi kitob bilan yuzma-yuz muloqot qila oladi. Darslik oʻquvchining emotsional intellektidan kelib chiqqan holda, yoshiga mos ravishda u bilan oʻzining tilida suhbatlashadi. Bola personajlar bilan 1-sinfdan boshlab 4-sinfgacha birga ulgʻayadi. Kerak boʻlsa, fikrlashadi, musobaqalashadi. Hamkorlikda qaysidir masalalarni hal qiladi. Bu personajlar oʻquvchilarni hamjihat ishlashga oʻrgatadi.
Darsliklarda bosh qahramon sifatida 6 personaj — 3 oʻgʻil va 3 qiz tasvirlangan. Ular butun oʻquv jarayonida oʻquvchiga hamroh boʻlib, sinfdan sinfga, darslikdan darslikka birga koʻchadi, doʻstlik va yaqinlik hissini paydo qiladi. Bosh qahramonlar orasida har ikki jins vakillarining namoyon boʻlishi oʻquvchilarning gender xilma-xilligiga hurmat koʻrsatish, oʻzini teng va hurmatli his qiladigan oʻquv muhitini yaratishga yordam beradi.
Yangi oʻquv qoʻllanmalarda bitiruvchining munosib portreti, taʼlim muhitini yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan. Ushbu darsliklar har bir oʻquvchining muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvi, uzluksiz kasbiy oʻsishi va barkamol rivojlanishi uchun zarur boʻlgan asosiy koʻnikmalarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan.
Shu bilan birga, darslikdagi topshiriqlar oʻquvchi shaxsiga yoʻnaltirilgan taʼlim konsepsiyasidan kelib chiqqan holda bolalarning bilimi, oʻzlashtirish darajasiga moslashtirilgan. Yaʼni topshiriqlar osondan murakkabga qarab boradi. Bu yerda fanni oʻzlashtirish imkoniyatidan kelib chiqqan holda har bir oʻquvchiga alohida topshiriq berish mumkin. Oʻqituvchining boshqa qoʻshimcha metodik qoʻllanmalar, topshiriqlarga murojaaat qilishiga zarurat qolmaydi. Darslikning oʻzida bu masala keltirilgan.
Darsliklar taʼlim uzviyligi prinsipi asosida ishlab chiqilgan. Bogʻcha, maktabgacha taʼlim muassasalarida berilgan dastlabki bilimlar uzviyligi taʼminlangan.
Differensial yondashuvga ega darsliklar individual taʼlim uchun noyob imkoniyat. Ushbu darsliklar asosida yaratilgan metodika oʻquvchilarning oʻrganish surʼati va uslublari turlichaligini hisobga oladi. Shunday qilib, har bir oʻquvchi oʻz surʼatida rivojlanishi, oʻz tushunchasini chuqurlashtirishi va oʻquv vazifalarini muvaffaqiyatli bajarishi mumkin. Ushbu yondashuv toʻsiqlarni olib tashlash va har bir bola uchun qulay taʼlim muhitini yaratish, uning muvaffaqiyatga erishishi va oʻzini-oʻzi rivojlantirishiga imkon beradi.
— Yangi darsliklar asosida sifatli dars oʻtish uchun pedagoglar malakasini oshirish jarayoni qanday kechyapti?
— Darslikni oʻquvchiga yetkazishda oʻqituvchi, shubhasiz, asosiy rol oʻynaydi. Agar pedagogni bunga tayyorlamasak, u maʼlumot, bilimni oʻquvchiga yetkazolmasa, darslik qanchalik mukammal yaratilgan boʻlmasin, undagi bilimni oʻzlashtirish, taʼlim sifati biz kutgan natijani bermasligi mumkin. Shuni koʻzda tutib, shu yil 14–17-avgust kunlari Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti hamkorligida “Boshlangʻich sinflarda oʻqitishning zamonaviy metodikasi” mavzusida boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Kursda yurtimizning barcha hududidan taklif etilgan 300 dan ortiq ilgʻor pedagog va metodistlar hududiy trener sifatida malaka oshirmoqda. Aynan ular joylarda yangi darsliklar bilan ishlash boʻyicha oʻqituvchilarni zamonaviy kaskad usulida tayyorlaydi. Toʻrt kunlik kursda boshlangʻich sinflarda fanlarni oʻqitish metodikasi, oʻquvchilar natijalarini baholash, fanlararo integratsiyani taʼminlash kabi mavzularda mashgʻulotlar tashkil etiladi.
Yangi darsliklar XXI asr koʻnikmalarini shakllantirishda 4K modelini qoʻllash orqali oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Kurs davomida trenerlar oʻqitishning 4K modeli va uni boshlangʻich sinflarda qoʻllash, oʻquvchilarda hayotiy koʻnikmalarni shakllantirishning pedagogik yechimlari boʻyicha mashgʻulotlarda ham ishtirok etib, tajriba oshirmoqda.
Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan hududiy trenerlar koʻmagida kaskad usulida shunday oʻquvlar tashkil etish, boshlangʻich taʼlim boʻyicha maktab metodik birlashmasi rahbarlari, boshlangʻich sinf oʻqituvchilariga yangi darsliklardan foydalanishni oʻrgatish koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan boʻlajak mutaxassislarga ham bu darsliklar asosida dars berish usullari singdirib boriladi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.