2024-yil hosilidan sugʻoriladigan maydonlarning har gektaridan oʻrtacha 2,5 tonnadan jami 2 mln 550 ming tonna bugʻdoyning, jumladan:

  • 1 mln 513 ming tonnasi fermer xoʻjaliklari hamda boshqa bugʻdoy yetishtiruvchilar tomonidan keyinchalik birja savdolarida sotish uchun Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining tijorat vakilida vaqtinchalik saqlashga qabul qilinadi;
  • 837 ming tonnasi tovar bugʻdoy davlat resursi sifatida;
  • 200 ming tonnasi urugʻlik uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xarid qilinadi.

2024-yil gʻalla hosilidan boshlab bugʻdoyni saqlash quvvatiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar Jamgʻarmaning tijorat vakili xisoblanadi. Ular tovar bugʻdoyni xarid qilish va sotish boʻyicha elektron hisobvaraq-faktura hisobini yuritadi, shuningdek “d-xarid.uz” axborot tizimiga kiritiladigan moliyaviy hisob-kitoblar va maʼlumotlarning haqqoniyligiga shaxsan javobgar hisoblanadi.

2024-yil gʻalla hosilidan boshlab:

  • davlat resursi sifatida tovar bugʻdoyni xarid qilish jarayonida QQS hisobga olinmaydi va sotishda soliq solish bazasiga kiritilmaydi;
  • ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan tijorat banklari tomonidan davlat resursi sifatida tovar bugʻdoyni xarid qilish jarayonida bank xizmatlari undirilmaydi;
  • davlat resursi sifatida hamda vaqtincha saqlashga qabul qilinadigan bugʻdoyning sifati, saqlanishi hamda xaridorlarga yuklab joʻnatilishida tovar bugʻdoyning sifati boʻyicha nazorat “Oʻzagroinspeksiya” tomonidan amalga oshiriladi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2024-yil hosilidan vaqtinchalik saqlash, davlat resursi va urugʻlik uchun bugʻdoyni qabul qilish omborlari dislokatsiyasi;
  • 2024-yil hosilidan davlat resursi sifatida xarid qilinadigan bugʻdoy narxlarini aniqlash koeffitsiyentlari.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 14.06.2024-yildan kuchga kirdi.