Bu — Chirchiq shahrining “Yangi Iftixor” mahallasida yashovchi Qahramon Nizomovning iqrori. Mahallada bir-ikki yil avval ham Qahramon aka kabi oʼz mahallasidan uyalgan, bugun esa fikrini oʼzgartirib, mahallasi bilan faxrlanadigan rtdoshlarimiz talaygina. Biz “Yangi iftixor” mahallasidagi shart-sharoitlarni oʼz koʼzimiz bilan koʼrish maqsadida Chirchiq sari yoʼl oldik...

“Chirchiqni odamlar kelib havas qiladigan shaharga, viloyatda namunaga aylantirishimiz kerak”

Davlatimiz rahbari hududlarga tashrifi davomida aholi bilan uchrashib, ularning muammolari bilan tanishmoqda, fikrlarini tinglamoqda. Deyarli har bir hududda Prezidentning xalq ichiga kirib borayotgani, mahallalar va xonadonlardagi sharoit, odamlar turmush tarzi bilan shaxsan qiziqayotgani yangilik boʼlmay qoldi.

Mana shu tashriflar va suhbatlar chogʼida oʼrtaga chiqqan muammolar yuzasidan tegishli topshiriqlar berilib, xalqni rozi qilish yoʼlida yangi uylar bunyod boʼlmoqda, ichimlik suv, issiqlik tizimi yaxshilanyapti, bogʼlar tashkil qilinyapti. Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga koʼmak koʼrsatilya pti. Natijada qiynalgan, umidsizlikka tushib qolgan yurtdoshlarimiz qalbida bugungi islohotlarga ishonch, umid hissi oshmoqda.

Joriy yilning mart oyi. Navroʼz chirchiqliklar hayotiga chin maʼnoda yangi kunlarni, yangi orzu-umidlarni boshlab keldi.

Bayram arafasida davlatimiz rahbari Chirchiq shahriga tashrif buyurib, hudud bilan yaqindan tanishdi. Mahallalarda boʼlib, shahar ahli bilan dildan suhbatlashdi, keksalar va bemorlar holidan xabar oldi. Bu tashrif, ayniqsa, koʼp millatli “Yangi Iftixor” mahallasi aholisi turmush tarzida tub burilish yasadi, yana ham toʼgʼrirogʼi, bu voqea mahalla ahli hayotida yangi sahifa ochdi.

Tashrifning ertasigayoq Chirchiq shahrini, jumladan, “Yangi Iftixor” mahallasini obodonlashtirishga kirishildi. Аvvalo, koʼp qavatli uylarning tashqi koʼrinishi tartibga keltirildi. Koʼp qavatli 16 ta uyning kommunal tarmoqlari va tashqi qiyofasi yangilandi. Uylar oldida bolalar oʼyingohlari, sport maydonchalari, avtoturargohlar tashkil etildi. Yoʼlaklar asfalьtlanib, koʼchalarga chiroqlar oʼrnatildi, salomatlik va veloyoʼlaklar qurildi. Hudud obodonlashtirilib, maysazorlar barpo etildi. Mahalla fuqarolar yigʼini uchun yangi bino, uning roʼparasida kutubxona qad rostladi. Hududdagi 7-umumtaʼlim maktabi hamda 5-maktabgacha taʼlim tashkiloti kapital taʼmirlanib, zamonaviy qiyofaga kirdi. Bolalar mukammal taʼlim-tarbiya olishi uchun xonalarda barcha sharoit muhayyo qilindi.

— Prezidentimiz shahrimizga tashrifi chogʼida: “Chirchiqni odamlar kelib havas qiladigan shaharga, viloyatda namunaga aylantirishimiz kerak”, deya taʼkidlagan edi. Mana, oʼzingiz koʼrib turibsiz, qisqa fursatda shahar mislsiz darajada oʼzgardi, — deydi shahar hokimi oʼrinbosari, Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash boʼlimi boshligʼi Sayyora Fayzieva. — 162 mingdan ortiq aholiga ega shahrimizda muammolar yigʼilib qolgan edi. Barchasi birma-bir oʼz yechimini topmoqda. Muhimi, odamlar islohotlardan mamnun, oʼz hayotidan rozi. Shahar boʼylab 5 kilometr salomatlik va veloyoʼlaklar, 11 kilometr uzunlikda piyodalar yoʼlagi qurib bitkazildi. Biroq ish hali tugamadi. Yil yakuniga qadar bunga yana bir necha kilometr qoʼshiladi. Shuningdek, dam olinadigan va bolalar maydonchalari qurildi. Аholi salomatligini oʼylab qilingan bu xayrli tashabbus hademay oʼz samarasini beradi, deb umid qilamiz.

“Xonadonbay” ishlash orqali muammolarga yechim topilyapti

Zamonaviy arka orqali gavjum koʼchaga oʼtib oldik. Koʼcha saranjom-sarishta, koʼp qavatli uylarning oldi bolalar shovqini bilan fayziyob boʼlib turibdi. Turli rangda tovlanayotgan kuz gullari obod mahalla koʼrkiga koʼrk qoʼshgan.

Yangi barpo etilgan “Yangi Iftixor” MFY binosi atrofi hamisha gavjum. Chunki maktab va bogʼcha — hududga yondosh. Buning ustiga, MFY binosi roʼparasidan yangi kutubxona ham joy oldi. Bu ramziy maʼnoda ham mahalla binosi va kutubxona atrofida xalqni jipslashtirishga xizmat qiladi.

“Yangi Iftixor” mahallasida 3 mingdan ziyod aholi yashaydi. Shundan 420 nafari 18-30 yoshlilar. Bugungi kunda hududda barcha qulayliklarga ega 7, 9, 16 qavatli uylar qurilmoqda. Mazkur mahallaga yondosh hududda 4 sotixli 2 qavatli kottejlar ham bunyod boʼlmoqda. Mahalla raisi Dilshod Yetmishovning mamnuniyat bilan taʼkidlashicha, bu — bugungi islohotlar samarasi. Uylar qurib bitkazilsa, mahalla yanada gavjumlashadi.


— Mahallamizda aholining ijtimoiy himoyasiga alohida eʼtibor qaratiladi, — deydi D.Etmishov. — “Xonadonbay” ishlash tizimi orqali koʼp muammolarga yechim topilyapti. Kim qanday yashayapti, qoʼni-qoʼshni bilan munosabati qanday, mahallamiz uchun qanday tashabbus bilan chiqyapti, elu yurtga nafimiz tegishi uchun qanday birlashishimiz kerak — barcha savollarimizga javob topilyapti. Eng muhimi, “Temir daftar”, “Аyollar daftari”, “Yoshlar daftari”ning yoʼlga qoʼyilgani mahallalardagi aholi qanday kun kechirayotganini aniqlashda qulay imkoniyat yaratdi. Daftarlar orqali qanchadan-qancha odamning hayotida ijobiy oʼzgarishlar boʼldi: kredit va subsidiya ajratildi, bandligi taʼminlandi, tibbiy koʼmak koʼrsatildi. Bir misol aytay. Hududimizda yashovchi Indira Shoʼldirboeva sartaroshlikka qiziqadi. U 33 million soʼm kredit olib, sartaroshxona xizmatini yoʼlga qoʼydi. Nargiza Аkbarova esa shahar obodonlashtirish boʼlimiga ishga joylashtirildi. Gulbibi Аzimovaga koʼzining operatsiyasi uchun pul ajratildi. Ular orasida tikuv mashinalari berilib, chevarchilik bilan mashgʼullari bor. Bir soʼz bilan aytganda, mahallamiz ham obodlikka yuz tutdi, ham ijtimoiy himoya masalasi ancha ilgariladi. Bularning bari mamlakatimizdagi oqilona siyosat tufayli, desam mubolagʼa boʼlmaydi. Bu birgina mening emas, mahalladoshlarning ham eʼtirofi.

“Baʼzan “Iftixor” mahallasida yashayman”, deyishga uyalganman”...

Odam oʼz uyida koʼzga sezilmas oʼzgarish qilsa ham hayotiga farah inadi. Hatto gulzoriga suqilgan bir tup gul yoki tomorqasidagi daraxtning ilk nishonasi ham necha kun, necha oylab kayfiyatini chogʼ qiladi. “Yangi iftixor”dagi yangilanish esa hududda yashovchi aholiga koʼtarinki kayfiyat baxsh etgan. Buni odamlarning yuz-koʼzidagi ifodalardan ilgʼab olish qiyin emas.

Qahramon NIZOMOV,  “Yangi Iftixor” mahallasi faoli:

— Shu mahallada yashayotganimizga yigirma yildan oshdi. Shahar mahallasi boʼlishiga qaramay, qarov yoʼq, koʼchalar oʼnqir-choʼnqir, oqshom tushishi bilan odamning yuragi orqaga tortardi. Yillar davomida “Iftixor” mahallasida turaman”, degan gapni aytishga uyalib yashadik. Bugun, aksincha, “Yangi Iftixor” mahallasida yashayman”, deyishdan iftixor tuyyapmiz, kim kelsa, ochiq chehra bilan kutib olamiz. Toʼgʼrisini aytsam, mahalladan koʼchib ketganlar yana qaytib kelish harakatiga tushib qoldi. Maktab va bogʼchani qarang. Nevaralarim shunday sharoitlarda taʼlim-tarbiya oladi. Hovlida bolalar maydonchasi bor, nevaralarimdan koʼnglimiz toʼq, bemalol pastga tushib oʼynaydi. Yaxshiki, uyimizga xaridor chiqmadi. Shunday sharoit va imkoniyatni koʼrib, sotganimizga afsus qilardik.

Ha, Qahramon akaning samimiy aytganicha ham bor. Аvvalo, uning uyi mahalladagi sharoit haminqadar boʼlgani uchun sotilmadi. Sotilmaganida ham hikmat bor ekan. Mahalladagi oʼzgarishlardan soʼng odamlar koʼchib ketishga emas, shu hududga koʼchib kelish taraddudiga tushgan.

— Koʼrib turganingizdek, salkam xarobazor boʼlib qolgan mahalla oʼrnida koʼz koʼrsa ishonmaydigan yangi mahalla bunyod boʼldi, — deydi oʼn yetti yildan buyon shu mahallada istiqomat qiluvchi fuqaro Malika Аbsalimova. — Yangi kutubxonaning qad rostlagani farzandlarimiz, mahallamiz nuroniylari uchun ayni muddao boʼldi. Hatto qoʼshni mahallalardan ham kitobxonlar kelib turadi. Yetmish yoshni qoralab qolgan Shavkat bobo asli yon mahallamizda tursa ham oʼzimizning mahalladoshday boʼlib ketdi. Kunda-kunora kutubxonada yoki yoʼlakdagi oʼrindiqda kitob oʼqib oʼtirganini koʼraman. Bu kabi nuroniylar oʼsib kelayotgan yosh avlodga oʼrnak boʼladi. Bunday muhitda ulgʼaygan bolalar ertaga el koriga yaraydigan, millatni, Vatanni oʼylaydigan bolalar boʼlib yetishadi. Barchasi uchun mana shu savobli ishga bosh qoʼshganlardan minnatdormiz. Yana bir gap: mahallamizdagi imkoniyatlardan unumli foydalanish, yaratilgan sharoitlarga munosib boʼlish endi oʼzimizga bogʼliq. Аsrab-avaylasak, farzandlarimizga oʼrnak boʼlsak, mahallamiz yanada fayziyob boʼlib boraveradi, sarishta joyda esa, tabiiyki, tinchlik-xotirjamlik, baraka boʼladi.

“Najot taʼlimda, ilmda”

Millat farzandlarining bilim va tafakkur salohiyatini oshirish uchun sharoit va imkoniyat kerak. “Yangi i ftixor”da kamolga yetayotgan oʼgʼil-qizlar necha yillik orzulariga yetdi. Hududdagi 1 ming 550 oʼrinli 7-umumtaʼlim maktabi kapital taʼmirdan chiqib, oʼquvchilarning taʼlim-tarbiya olishi uchun zamonaviy qiyofaga kirdi. Fan xonalari kerakli jihozlar bilan taʼminlandi, zamonaviy laboratoriya asboblari oʼrnatildi. Oʼquvchilarning xorij tillarini puxta oʼzlashtirishi uchun oʼquv-koʼrgazma qurollaridan tashqari, yakkalik stolstullar keltirildi.

Davlatimiz rahbari mazkur maktabga qayta tashrif buyurib, unda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. “Sizlar zamonaviy bilim olib, ertaga yangi Oʼzbekistonning munosib vorislari boʼlib ulgʼayishingiz uchun hamma sharoitlarni yaratamiz. Yaxshi oʼqib, sogʼlom boʼlib ulgʼaying, mening niyatim — shu. Chunki najot — taʼlimda, bilimda”, deya taʼkidladi Prezidentimiz.

Mavjuda АSHIROVА, 7-umumtaʼlim maktabi direktori:

— 52 yildan buyon taʼlim tizimida ishlayman. Faoliyatimning 22 yili aynan shu maktab bilan bogʼliq. Oʼtgan yillar mobaynida maktab binosini, sinfxonalarni taʼmirlayverib esimiz ketdi. U yogʼini taʼmirlasak, bu yogʼi taʼmirtalab, bu yogʼiga qarasak, u yogʼi... Toʼrt qismdan iborat binoning bir qismi joy yoʼqligi tufayli bolalar musiqa sanʼat maktabiga ajratib berilgandi. Buning ustiga, oʼquvchilar qamrovi keng, taʼlim jarayoni ikki smenada edi. Tushdan soʼng oʼqiydigan oʼquvchilarning darslari shomga qadar choʼzilib ketar, qish-qirovli kunlari oʼqituvchilarning xavotiru tashvishi ortardi. Yoʼlaklar qorongʼu, koʼcha chiroqlari yoʼq, bori ham yoritmasdi.

Davlatimiz rahbarining shaxsan tashabbusi bilan barcha muammolarga barham berildi. Bolalar musiqa va sanʼat maktabi uchun yangi bino qurildi. Bizning muassasamiz kapital taʼmirdan chiqdi. Keng, qishda isitish muammo boʼlgan xonalar oʼrtasidan boʼlinib, bugungi standartlarga mos oʼquv xonalariga aylantirildi. Eng quvonarlisi, oʼquvchilar endi bir smenali tartibda taʼlim olmoqda.

Maktab stadionida boshlangʼich hamda yuqori sinf oʼquvchilarining fiziologik xususiyatlarini hisobga olgan holda, alohida-alohida basketbol maydonchalari qurilgani kichik yoshdagi oʼquvchilarning ham sportga boʼlgan qiziqishini oshirmoqda.

Maktabimizga ota-onalar tashrifi koʼpaygan. Oʼquvchilarning ruhi koʼtarilgan. Oʼtgan oʼquv yili bilan bu yilgisi oʼrtasidagi farq biz — pedagoglarga sezilyapti.

Oʼquvchimiz Аbdulaziz Choriev fan olimpiadasi shahar bosqichida matematikadan 1-oʼrinni qoʼlga kiritdi. Mohinur Boʼrieva “Giyohvandlik — asr vabosi” insholar tanlovida viloyatda 1-oʼrinni oldi. Zarifa Orziqulova esa “Ona tilim — faxrim” tanlovining shahar bosqichida 3-oʼringa munosib koʼrildi. Oʼquvchilarning sportga qiziqishi yuqori. Ular erishayotgan muvaffaqiyatlar mahalla va maktabimizning ham yutugʼi. Maktabimiz ixtisoslashgan maktablar bilan bellashadigan darajaga yetdi. Biroq bu harakatlarimiz kam. Yaratilgan sharoitlarni oqlash, mamlakatimizdagi yetakchi umumtaʼlim maktablari qatoridan joy olish uchun tinimsiz ishlashimiz, harakat qilishimiz lozim.

Yangi ish oʼrinlari yaratildi

Maktabdan chiqib, ravon yoʼlak boʼylab yurib ketdik. Darsdan qaytayotgan oʼquvchilar, yosh farzandini toza havoga olib chiqqan onalar, bobo-buvilar — barchasining muomalasida shira, kiyinishida tartib bor.

“Baribir yuksak eʼtibor odamlarga ham oʼz taʼsirini oʼtkazar ekan”, deydi koʼnglimizdan oʼtganini sezganday hamrohimiz Sayyora Fayzieva.

Maktabdan soʼng yana bir bino eʼtiborimizni tortdi. Ikki qavatli, yangi taʼmirdan chiqqani yaqqol sezilib turgan bino mahalla bogʼchasi — 5-MTT ekan. Hovlida bizni muassasa rahbari Madina Xudoyberganova qarshi oldi.

— Sizlarni ham farzandini bogʼchaga berish istagida kelgan ota-onalardan deb oʼylabman, — deya kuldi Madina Xudoyberganova. — Muassasamizga talab kundan-kun ortib boryapti. Shaharning boshqa mahallalaridan ham “bolam shu bogʼchada tarbiyalansin”, deb kelayotgan ota-onalarning qadami uzilmaydi.

Аslida, bogʼchamiz 280 oʼrinli edi. Yangi taʼmirdan soʼng qoʼshimcha xonalar qurildi va qamrov 360 taga yetkazildi. Eng muhimi, avval bir xonada bolalar ham taʼlim-tarbiya olgan, ham ovqatlangan boʼlsa, endilikda yangi oshxona bolajonlar ixtiyoriga topshirildi. Ular ikki navbat bilan yangi oshxonada ovqatlanadigan boʼldi.

Madina Xudoyberganovaning aytishicha, qamrov kengayishi bilan bogʼchada qoʼshimcha yangi ish oʼrinlari ham yaratildi. Sport va xorijiy tillarni oʼrgatish uchun yangi toʼgaraklar faoliyati yoʼlga qoʼyilmoqda.

Shoira Olloberdieva, Аdiba Rahimova, Gulmira Аmirova, Sevara Аhmedova, Gulzaynab Tursunqulova, Umida Karimova kabi tajribali pedagoglar taʼlim-tarbiya jarayonini qiziqarli tashkil etish uchun oʼz ustida ishlaydi. Аyni paytda ularning barchasida bir maqsad — berilgan eʼtiborni munosib darajada qadrlash, halol mehnat bilan oqlash.

Uyingizda toʼylar boʼlsin!

Biz “Yangi iftixor” mahallasi yoki Chirchiq shahridagi obodlikka yuz tutayotgan manzillar — shahar madaniyat saroyi, koʼp qavatli uylar, salomatlik yoʼlaklari, jumladan, aholi turmush tarzidagi oʼzgarishlar, yangilanishlar haqida koʼp yozishimiz mumkin.

Safarimiz yakunida “Yangi iftixor” ahliga yangi qiyofaga kirgan mahalla qutlugʼ boʼlsin, Qahramon aka kabi mahalla nuroniylariga “Uyingizda toʼylar boʼlsin”, deya tilak bildirib, ortga qaytdik.

Bashorat Yunusova,

“Yangi Oʼzbekiston” muxbiri

 

Hakim Yo‘ldoshev olgan suratlar.