Yangilanayotgan Konstitutsiya – raqamli munosabatlar kafolati

    Fikr 27 Aprel 2023 1585

    Jamiyatda fuqarolarning raqamli huquqlari va madaniyatini yuksalishi – demokratik, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy davlat va jamiyatining muhim mezonlaridan biri hisoblanadi.

    Amaldagi Konstitutsiya muqaddimasida belgilangan, insonparvar, demokratik, huquqiy davlatni barpo etish oliy maqsaddir. Shunday davlat barpo etish uchun bosh Qomusimiz mukammal boʻlishi zarur.

    2022-2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini birinchi ustuvor yoʻnalishi “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” deb nomlangan. Ushbu yoʻnalishni “Elektron hukumat tizimini rivojlantirish” va “Davlat xizmati tizimini zamonaviylashtirish” boʻlimlarini amalda tasdigʻini taʼminlash maqsadida yangilanayotgan Konstitutsiyani 33-moddasida:

    “Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega.

    Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

    Davlat Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

    Axborotni izlash, olish va tarqatishga boʻlgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʻligʻini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur boʻlgan doirada yoʻl qoʻyiladi” deb oʻzgartirishlar kiritilgan.

    Albatta hozirgi raqamli transformatsiya va raqamlashtirish davrida internet tarmogʻini yetarli darajada taʼminlanishi eng birinchi muhim omil hisoblanadi. Ushbu moddada barcha uchun Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratishni davlat tomonidan kafolatlanishi, Raqamli transformatsiya va raqamlashtirishni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishga xizmat qiladi. Hozirgi raqamlashtirish davrida fuqarolarni Elektron hukumat tizimlaridan onlayn foydalanishida ushbu moddaning muhimligi hayotiy zaruratiga aylanyapti. Elektron hukumat tizimlaridan huquqiy sohaga oid boʻlgan my.sud.uz, e-qaror.gov.uz, e-notarius.uz va my.gov.uz interaktiv davlat xizmatlaridan erkin foydalanishning yagona portalini xizmatlaridan foydalanishda Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratilishi hozirgi kun muloqot vositasi hisoblanadi. Ushbu yaratilgan sharoit foydalanuvchilarga davlat organlariga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish uchun imkoniyat beradi. Fuqarolarni shaxsini aniqlash uchun yuqorida keltirilgan tizimlar bilan identifikatsiya tizimlari integratsiyalash imkoni paydo boʻldi.

    Davlat organlariga murojaat qilinganda foydalanuvchilar uchun byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish va ularni bartaraf etish imkonini yaratib beradi.

    “Elektron hukumat” tizimini yanada rivojlantirish va davlat boshqaruviga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishda koʻmaklashadi.

    Yangilanayotgan Konstitutsiyani tasdiqlanishi barcha fuqarolarga sudlarga onlayn murojaat qilish, sud qarorlarini olish, bepul huquqiy maslahatlar olish, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlar va farmoyishlari bilan tanishish imkoniyatlarini yaratib beradi. Yangilanayotgan bosh Qomusimizda ushbu shart-sharoitlarni kafolatlanishi barcha fuqarolarga interaktiv xizmatlardan foydalanishni optimallashtirib samaradorlikni oshishiga olib keladi. Bir vaqtni oʻzida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillarini taʼminlaydi.

    Minovvarxon Yunusova,

    TDYU Umumtaʼlim fanlar va madaniyat

    kafedrasi professor v.b.