Yangi Oʻzbekistonni sogʻlom millat quradi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 25-aprel sonida Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, professor Alisher Shodmonovning “Yangi Oʻzbekistonni sogʻlom millat quradi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Mamlakatimiz hozir nihoyatda masʼuliyatli davrni boshdan kechirmoqda. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadida boshlangan barcha islohotlar har birimizning bugun va kelajakda farovon hayot kechirishimizni taʼminlashga qaratilgan. Yurtdoshlarimiz hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, shaʼni va gʻururini ulugʻlab, vataniga togʻdek tayanch boʻlib yashashga qodir, erkin va azmu shijoatli insonlardir.

    Jamiyatda farovonlik darajasi yuqori boʻlishi uchun mamlakatda sogʻlom muhit va xalqning roziligi katta oʻrin tutadi. Buning uchun esa infratuzilma mukammal shakllangan, jumladan, sogʻliqni saqlash tizimiga eʼtibor yuqori boʻlishi lozim. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga sogʻliqni saqlashga oid muhim normalar qoʻshilyapti. Xususan, 48-moddada “Har kim sogʻligʻini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.

    Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli. Davlat sogʻliqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sugʻurtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash choralarini koʻradi. Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakl lantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, deyilgan.

    Ushbu modda mamlakatimizda aholiga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ijrosiga qaratilgan. Prezidentimiz tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvlarda tizimda yechimini kutayotgan qator muammolar xususida toʻxtalib, ularni vaqtida hal etish, aholi salomatligini mustahkamlash, yuqori malakali tibbiy yordam koʻrsatish borasida fuqarolarning roziligiga erishish zarurligini bot-bot uqtiradi.

    Bu fikrlarning yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda alohida norma sifatida mus tahkamlanayotgani mamlakatimiz ijtimoiy hayotida sogʻliqni saqlash sohasi muhim oʻrin tutishi, sogʻlom avlod kelajagi aynan shu sohaning samarali faoliyatiga chambarchas bogʻliqligini koʻrsatadi. Zotan, kelgusi yillarda aholini sifatli va malakali tibbiy xizmat bilan taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini keng qaror toptirish Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiya sida ham eng muhim yoʻnalish sifatida belgilangan.

    Bu yangilanishlar xalqning chinakam roziligiga, sohaning yangi bosqichga koʻtarilishiga olib keladi. Islohotlarga kirishilganining dastlabki kunlaridan boshlab xalqimiz sogʻligʻini mustahkamlashga eng muhim vazifa deb qaralgani, soha boʻyicha xorijdagi yutuqlarni oʻrganib, milliy tibbiyotga joriy etilgani, shifoxonalar, tibbiy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlangani inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan salmoqli ish boʻlganini taʼkidlash joiz.

    Izchil saʼy-aharakatlar tufayli tibbiyot muassasalari zamonaviy uskunalar bilan taʼminlandi, shifokor va hamshiralarning xorijdagi nufuzli klinika, universitetlarda malakasini oshirishi yoʻlga qoʻyildi. Shifokorlarimiz uchun xalq bilan ishlashning “xonadonbay” tizimi joriy etildi. Yurtimizning olis va chekka qishloqlariga borib ishlaydigan bitiruvchilar uchun “Qishloq shifokori” dasturini amalga oshirish boshlandi.

    Ayniqsa, sogʻliqni saqlash sohasi vakillarining maoshi, moddiy taʼminotiga eʼtibor qaratilayotgani tibbiyot xodimlarida, aholida, bemorlarda ertangi kunga ishonchni oshirmoqda. Kayfiyatiga, ishga, hayotga munosabatiga ijobiy taʼsir etib, ruhlantirmoqda. Yana bir muhim yangilik, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga 51-moddaning kiritilishi.

    Unga koʻra, “Fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga haqli. Oliy taʼlim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga ega”. Sogʻliqni saqlash muassasalarini malakali kadrlar bilan taʼminlash sohani modernizatsiya qilishda muhim oʻrin tutadi.

    Xususan, mazkur yoʻnalishda tizimdagi shifokorlarning 45 foizi, hamshiralarning esa 40 foizi malaka toifasiga ega emasligi, shuningdek, koʻp muassasalarda mutaxassis yetishmasligi sababli 2022/2023 oʻquv yilidan tibbiyot oliygohlariga davlat granti asosida qabul kvotalari hududlarda shifokorlarga boʻlgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, maqsadli oshirib borish vazifalari belgilandi.

    Oʻn bitta tibbiyot oliygohida olti oylik ixtisoslashgan kurslarni tashkil etib, har yili 500 nafardan oilaviy shifokorni hududlardagi eng zarur tor soha mutaxassisligi boʻyicha maqsadli oʻqitish das turini amalga oshirish koʻzda tutildi. Ftiziatriya, gematologiya, nevrologiya, pulmonologiya, psixiatriya, shoshilinch tibbiy yordam, yuqumli kasalliklar, laboratoriya ishi kabi tor sohadagi 15 ta mutaxassislik boʻyicha magistraturaga davlat grantlari 4 barobar oshiriladi.

    Tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalav riatning 5-6-kurslarida oʻqiyotgan talabalarga, yoʻllanma asosida birlamchi va tez yordam tizimida shifokor boʻlib ishlashga ruxsat berildi. Bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura taʼlim tizimini takomillashtirish, bitiruvchilarga qoʻyiladigan malaka talablarini ehtiyoj yuqori boʻlgan muhim yoʻnalishlar boʻyicha qayta koʻrib chiqish, oʻquv rejalari, dasturlar va talabalarning bilimini baholash tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish rejalashtirildi.

    Tibbiyot oliygohlarida alohida oʻquv markazlarini tashkil etish, ularni zamonaviy simulyatorlar bilan jihozlash, oliygohlarda soha uchun ilgʻor meditsinani chuqur tushunadigan, axborot texnologiyalarini va chet tillarni yaxshi biladigan, boshqaruv qobiliyatiga ega boʻlgan zamonaviy tibbiyot menejerlarini tayyorlash kelgusida yuqori samara berishi shubhasiz.

    Bu chora-tadbirlar bilan cheklanmay, xorijdan nufuzli mutaxassislarni jalb qilib, tibbiy sohadagi malaka oshirish tizimini yangi yondashuvlar asosida toʻliq oʻzgartirish, barcha tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga biriktirish, OTMlarning barcha kafedralari oʻz yoʻnalishida zamonaviy oʻqitish metodikasi, texnologiyalarini oʻrgatish, muallim va oʻquvchilarning bilimini haqqoniy baholab berish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishi belgilab berildi. Yangi Oʻzbekistondagi izchil yangilanishlarning, keng qamrovli islohotlarning ijrochisi kim? Shubhasiz, sogʻlom xalq, sogʻlom millat. Mana shu xalq, millatning sogʻlom genofondini taʼminlash soha xodimlarining eng oliy maqsadidir.