Unda koronavirusga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar hamda infeksiyaning yangi shtammi kirib kelishining oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumotlar taqdim etildi.

Mutatsiyaga uchragan yangi turdagi koronavirus Buyuk Britaniyada keng tarqalmoqda. Britaniya qirolligi boʻylab cheklovlar eʼlon qilingan, lekin odamlar orasidagi kontakt toʻliq uzilmagani tufayli yangi turdagi virus tez tarqalib ketgan. Dastlab virusning yangi shtammi Daniya, JAR va Avstraliyada aniqlangan edi.

Oʻzbekiston 2020-yilning 21-dekabridan Britaniya va yangi shtamm aniqlangan boshqa 8 ta mamlakatlar bilan aviaqatnovlarni toʻxtatgan.

Virus mutatsiyaga uchrash oqibatida yangi turi paydo boʻlgan. Uning mutatsiyaga uchrashiga odamlar oʻrtasidagi kontaktlar uzilmay qolgani va koʻpchilik karantin qoidalariga rioya qilmay qoʻygani sabab boʻlishi mumkin.

Sentyabrda aniqlangan yangi shtamm Londonda shu qadar tez tarqaldiki, bugun poytaxtda koronavirus yuqtirganlarning 65 foizida aynan mutatsiyaga uchragan koronavirus aniqlangan. Maʼlum qilinishicha, yangi virus oldingisidan 70 foizga yuqumliroq boʻlishi mumkin.

Virus mutatsiyaga uchrashi yangilik emas. Uxanda tarqalgan koronavirus mutatsiyaga uchrab, fevralda yangi shtamm Yevropada juda keng tarqalib ketgandi. Butun dunyo boʻylab virusning aynan mana shu turi eng keng tarqaldi. Yozda avval Ispaniyada dam olayotgan sayyohlarda aniqlangan va keyinchalik keng tarqalgan A222V turdagi koronavirus ham mutatsiyaga uchragandi.

Immuniteti sust boʻlgan odamning tanasiga tushgan koronavirus rivojlanib, mutatsiyaga uchrashi oqibatida yangi turdagi virus paydo boʻlishi mumkin. Bu virus oldingisiga qaraganda koʻproq oʻlimlarga sabab boʻlishi isbotlanmagan.

Yangi shtammning Oʻzbekistonga kirib kelishining oldini olish maqsadida chet eldan kirib kelayotgan fuqarolarni koʻrikdan oʻtkazish, ekspress usulida antigen test sinamalari oʻtkazish, shifoxonalarga joylash, karantinga olish va muloqotda boʻlganlarni izolyatsiya qilish tadbirlari davom ettirilmoqda.

Dastlabki shtammdagi koronavirus infeksiyasida boʻlgani kabi bu shtammda ham niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish, qoʻllarni antiseptiklar bilan zararsizlantirish eng samarali usullar hisoblanadi. Shuningdek, agar zarurat boʻlmasa chet mamlakatlarga chiqish, turli yigʻinlarni tashkil etish va ishtirok etishdan tiyilgan maʼqul.