Yangi yil bayrami va dam olish kunlarida tibbiyot muassasalari tunu kun ishlaydi

    Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Yangi yil bayrami va dam olish kunlarida tibbiyot muassasalari tunu kun ishlashini maʼlum qildi.

    Buning uchun vazirlikda alohida shtab tashkil etildi.

    Shuningdek, 28-dekabr – 2-yanvar kunlari mamlakatimizdagi tuman (shahar), viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda tibbiyot oliy oʻquv yurtlari klinikalari hamda hududlardagi 39 ta tumanlararo qoʻshma shikastlanish va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 40 ming nafar tibbiyot tizimi xodimlari qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi. Qoʻshimcha oʻrinlar va dori-dormonlar zaxirasi yaratilgan.

    Qolaversa, bayram kunlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 200 ga yaqin aholi punktida joylashgan shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlarida ham 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan taʼminlanib, zaxira oʻrinlari yaratilgan.

    Respublika tez tibbiy yordam markazining mamlakatimiz boʻylab 2 800 dan ortiq tibbiy yordam brigadasi aholidan boʻladigan chaqiriqlar uchun doimiy shay holda.

    Bundan tashqari, bayram kunlari yurtimizdagi 230 ta tugʻuruq, 235 ta bolalar davolash muassasaci ham uzluksiz ish olib boradi.

    Respublika Call-markazi (1003) orqali esa tibbiyotga tegishli savollarga malakali mutaxassislardan tunu kun javob olish mumkin.