Yangicha yondashuv va zamonaviy formatdagi sammit oʻzaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi tarixiy platforma

    Prezidentimizning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasida qayd etilganidek, “Oʻzbekistonning SHHTga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan oʻziga xos tarixiy evrilish pallasiga toʻgʻri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul boʻlgan yangi bir davr boshlanmoqda”.

    Bunday tarixiy evrilish davrida Oʻzbekiston SHHTga raislik doirasida misli koʻrilmagan siyosiy, diplomatik, tashkiliy va texnik jihatdan murakkab vaziyatlarga duch kelishi aniq edi. Ammo Oʻzbekistonning SHHTdagi raisligi boshlangan kundan buyon oradan bir yil oʻtib, bugun raislik natijalarini sarhisob qilar ekanmiz, mamlakatimiz nafaqat oʻz oldida turgan barcha vazifalarni muvaffaqiyatli bajargani, balki xalqaro hamjamiyat qarshisida yorugʻ yuz bilan turgani, mazkur yirik tashkilotning bugungi taraqqiyoti va istiqboli uchun katta hissa qoʻshganiga guvoh boʻlamiz.

    Pandemiyaning salbiy oqibatlari va jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik davom etayotgan bir sharoitda yil davomida oʻtkazilgan 80 dan ziyod tadbirni samarali oʻtkazishga muvaffaq boʻldik. Bu mintaqaviy tashkilotlar faoliyatida juda kam uchraydigan oʻta intensiv faoliyat koʻrsatkichidir. SHHT doirasida raislik qilgan boshqa hech bir davlat bu qadar koʻp tadbir oʻtkazishga muvaffaq boʻlmagan.

    SHHTga aʼzo davlatlar delegatsiyalari ishtirokida turli darajadagi va Oʻzbekistonning turli shaharlarida boʻlib oʻtgan koʻp tomonlama diplomatik, iqtisodiy, axborot sohalaridan tortib, sanʼat va madaniy-gumanitar aloqalargacha boʻlgan uchrashuvlar tashkil etildi. Ular turli formatlarda, jumladan, virtual va yuzma-yuz uchrashuvlar, shuningdek, muzokaralarning har ikkala turini oʻzini mujassam etgan gibrid rejimlarda boʻlib oʻtdi. Shu maqsadda ushbu tadbirlarning kun tartibi, dasturi, ishtirokchilari roʻyxati va yakuniy hujjatlarini muvofiqlashtirish boʻyicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.

    SHHT doirasida tadbirlarini tashkil etishda Oʻzbekiston tomonidan yangicha yondashuv va formatlar joriy qilindi. Ular nafaqat Toshkentda, balki mamlakatimizning turli hududlarida ham oʻtkazildi, bu esa Shanxay hamkorlik tashkilotiga aloqador davlatlarning mamlakatimiz viloyatlari salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Shu tariqa, Nukus, Buxoro va Fargʻonada SHHT Milliy koordinatorlari kengashi yigʻilishlari tashkil etildi. Xivada transport vazirlari yigʻilishi, Buxoroda kambagʻallikni qisqartirish xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Joriy yilning avgust oyida Samarqand shahrida bir qator tadbirlar oʻtkazildi.

    Oʻzbekiston tomonidan oʻtkazilayotgan koʻplab uchrashuv va muzokaralar nafaqat SHHT doirasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik tamoyillarini, balki uning faoliyati doirasida yangi talab qilinadigan yoʻnalishlarni ham qamrab oldi.

    Oʻzbekiston rahbarining SHHT kun tartibini istiqbolli va dolzarb masalalar boʻyicha oʻzaro hamkorlik orqali kengaytirishga qaratilgan qator takliflari amalga oshirildi. Xususan, tashkilot doirasida birinchi marta Oʻzbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, qambagʻallikni qisqartirish masalalariga bagʻishlangan vazirlik darajasidagi uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Shuningdek, Oʻzbekiston tashabbusi bilan SHHT doirasida xalq diplomatiyasi, turizm, anʼanaviy tibbiyot forumlari, yosh isteʼdodlar oʻrtasida startap loyihalar tanlovi kabi tadbirlar oʻtkazildi.

    Oʻzbekistonning SHHTdagi raisligi davrida marafon kabi davom etgan tinimsiz diplomatik faoliyat misli koʻrilmagan natijani taʼminladi. Bir yil ichida ushbu tashkilot doirasida 37 ta xalqaro hujjatning kelishish jarayoni boshlanib, muvofiqlashtirildi va Samarqanddagi sammit arafasida muvaffaqiyatli yakuniga yetkazildi. Bu ham ushbu tashkilot tarixidagi oʻziga xos koʻrsatkichdir. Qolaversa, ushbu hujjatlarning 30 tasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan, aksariyat hollarda Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan ishlab chiqilgan boʻlib, ular strategik muhim va amaliy xarakterga ega. Bu hujjatlar SHHTda oʻzaro hamkorlik sohalarini mazmunan va institutsional jihatdan kengaytirishga qaratilgan.

    Oʻzbekistonning SHHTdagi raisligi eng yuqori nuqtasi 15–16-sentyabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan sammitdir. Qayd etish joizki, bu uchrashuv Oʻzbekiston va SHHT tarixida misli koʻrilmagan darajadagi katta xalqaro siyosiy-diplomatik tadbir boʻladi. Aytish mumkinki, u oddiy SHHT sammitlaridan farqli oʻlaroq, “SHHT+” formatida oʻtkaziladi.

    Tadbirda tashkilotga aʼzo davlatlar – Oʻzbekiston, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, shuningdek, kuzatuvchi davlatlar, Eron, Moʻgʻuliston va qator boshqa hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Turkiya va Turkmaniston rahbarlari qatnashadi. Shuningdek, sammit doirasida qator arab davlatlarining yuqori martabali vakillari hamda BMT, MDH va 10 ga yaqin boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari ham Samarqandga tashrif buyurishi kutilmoqda. Mazkur tadbirning koʻlami va formati shu qadar kengki, uni “sammitlar sammiti”, deb atasak hech mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, uning doirasida asosiy voqea – SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining uchrashuvidan tashqari, boshqa koʻplab ikki va koʻp tomonlama rasmiy tadbirlar ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

    Bir soʻz bilan aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev maqolasida taʼkidlaganidek, “SHHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yoʻlidagi oʻzaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yoʻlga qoʻyish borasida oʻziga xos namuna boʻla oladi”.

    Bobur USMONOV,

    Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar

    instituti direktori oʻrinbosari