Tomoshabinlar oʻrinlaridan turib olqishlay boshladi. Raqs tugagach, rejissyor nimadir dedi-yu, tarjimon “yana takror tushasizlar”, deb bizni sahnaga qaytardi. Shundan keyin ham odamlar qoʻyib yuborgisi kelmagan. Ammo iloj yoʻq edi. Vaqt belgilangan. Bizdan soʻng argentinaliklar sahnaga chiqishi kerak. 24 ta davlatning folklor ansambllari kelishgan. Polkamizning kuchini, sirini boshqa millatlarga ham kuchli taʼsirini oʻshanda chuqur his qilganmiz.

Jahon chempionlari ulgʻaygan maktab

Farzandini boks zaliga yetaklab borayotgan andijonlik ota-onalarning aksariyati mening oʻgʻlim ham Muhammadqodir Abdullayev, Oʻtkir Haydarov, Hasanboy Doʻstmatovdek dunyo chempionlariga oʻxshasin, deya niyat qiladi. Viloyatda boksga havasmandlar soni kundan-kunga koʻpayyapti. Xoʻsh, buning sababi nimada? Nega koʻplab jahon chempionlari, mashhur bokschilar Andijondan yetishib chiqyapti?

Shu oʻrinda boks boʻyicha jahon chempionlari gʻalaba bilan Andijonga qaytgan kunlarni yodga olmay boʻlmaydi. Chempionlik maʼlum boʻldimi, viloyatning markaziy koʻchalari, istirohat bogʻlari bir tekis saf tortgan maktabu kollej oʻquvchilariga toʻlib ketadi. Sportchilarimizni eʼtirof etuvchi soʻzlarni baland koʻtargan yoshlar qahramonlarni yuraklari hapqirib, hayajon, gʻurur bilan qarshi oladi. Yurak-yurakdan olqishlaydi. Bularning hammasi yoshlar qalbida sportga, boksga boʻlgan muhabbatni uygʻotadi, desak xato boʻlmas. Chempionlar esa cheksiz minnatdorligini izhor etish uchun yurakka sigʻmas hayajon bilan respublika tan olgan murabbiylari yoniga oshiqadi.

Andijon shahridagi 50-maktab yonginasidagi taniqli boks zali hozir ham bor. Yuqorida nomlari tilga olingan taniqli bokschilar mana shu maktabda toblanishgan. Maktabga kirganimizda 11 yildan buyon murabbiylik qilib kelayotgan fidoyi, tajribali murabbiy Oʻtkir Haydarovni ayni mashgʻulotlar ustida, shogirdlari qurshovida uchratdik. Murabbiydan Andijon boks maktabining oʻziga xos xususiyatlarini soʻraganimizda, bu borada eng muhim omil, avvalo, murabbiylarning ahilligida ekanini aytdi. Keyingi xususiyat esa ularda “mening oʻquvchim, sening oʻquvching” kabi qarashlarning yoʻqligi. Yana bir muhim jihat, katta avlod erishgan gʻalabalar. Bu oʻz-oʻzidan kichik avlod vakillariga tabiiy va doimiy kuch bagʻishlab turadi.

— Yana bir qatʼiy qoidamiz bor, — deydi Oʻtkir Haydarov suhbat davomida. — Biz xulqi salbiy tomonga oʻzgara boshlagan shugʻullanuvchini darhol mashgʻulotlardan chetlatamiz. Sababi, sportchi oʻzining kuchidan boshqa gʻarazli maqsadlarda foydalanmasligi kerak. Notoʻgʻri yoʻldan ketayotgani, xatoga yoʻl qoʻyganini tushunib yetgach, mashgʻulotlarga qaytishga harakat qiladi, kechirim soʻrab keladi. Bu ham oʻziga xos bir maktab.

Bu borada Respublika boks federatsiyasining viloyat boʻlimlari va terma jamoalar bilan ishlash boʻlim boshligʻi Behzod Soliyevning Andijon boks maktabining oʻziga xos xususiyatlari haqidagi munosabatini keltirib oʻtish oʻrinli. Mutasaddining taʼkidlashicha, hudud oʻzining professional murabbiylariga ega. Marat Galeyev, Valentin Zolotaryov, Aleksandr Razmaxovlar Andijon boks maktabining zabardast ustunlari. Ular boʻlajak bokschilarni ruhlantirishning hech kim bilmaydigan yoʻllarini bilishadi. Shu maʼnoda federatsiya andijonlik trenerlarni boksda oqsayotgan Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo, Sirdaryo kabi hududlarga seminar-treninglar tashkil etish uchun xizmat safariga yuborishni rejalashtirib turibdi. Bu, albatta, respublikamiz boʻylab boksni rivojlantirishda, Andijon boks maktabi tajribasining keng yoyilishida muhim omil boʻladi.

“Sizlar — mening oltin xazinamsiz...”

Soddadil, xalqparvar shoir Muhammad Yusuf dunyodan oʻtganida oʻkingan millionlab qalblar bugun uning nomi bilan atalayotgan maktabga kelganida shunchalik quvonadi. Har yil 26-aprelda bu maktab sahniga, shoir byusti oʻrnatilgan maydonga uning muxlislari sigʻmay ketishi xalqning shoirga boʻlgan hurmati hanuz yuksakligidan darakdir.

Ularning barchasi shoir sheʼrlarini aynan ijod maktabi oʻquvchilaridan eshitish istagida. Shu maʼnoda asl sheʼriyat, ijod maydoniga aylangan taʼlim maskanida bugun Muhammad Yusufning 253 nafar izdoshi taʼlim olyapti. Ular orasida qoʻshni viloyatlardan ham vakillar bor. 24 nafar eng mohir pedagog bu yerda jam boʻlgan.

Oʻquv dasturlari Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan qoʻyilgan aniq vazifalar asosida olib borilyapti. Ijod muhitini yaratish, ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash esa birinchi galdagi vazifa. Oʻquvchi yoshlarning yuksak ijod namunalari ijtimoiy tarmoqlarda, matbuot nashrlarida boʻy koʻrsata boshladi. Agentlik rahbari Xilola Umarova tashabbusi bilan chop etilgan “Ijod bogʻidan guldasta” kitobidan 12 nafar oʻquvchining ijodi joy olishi maktabning “Umid gʻunchalari” nomli kitobi chop etilishiga turtki boʻldi. Ilk nashrga 46 nafar oʻquvchi ijodi kiritilgan boʻlsa, shoir tavalludi oldidan chop etiladigan 2-nashrga 50 dan ortiq oʻquvchining ijod namunalari jamlanadi.

Xullas, maktabda chinakam ijodiy muhit yaratilgan. Ijodkor bolalar bilan mahorat darslarini koʻproq tashkil qilish amaliy natija berishi inobatga olinib, haftaning har juma kuni yozuvchi, shoirlar, universitet olimlari, filologlari ishtirokida mahorat darslari yoʻlga qoʻyilgan. Bunda yoshlarning kamchiligu yutuqlari bilan oʻrtoqlashishi jonli kechadi. Viloyat Yozuvchilar uyushmasi raisi Xurshidabonu Vahobjon qizi, shoira Zamira Roʻziyevaning maktabda tez-tez oʻquvchilar bilan ijodiy suhbatlar oʻtkazib turgani ularni yana-da ruhlantiradi. Poytaxtdan Sirojiddin Sayyid, Nodir Jonuzoq, Gʻayrat Majid kabi koʻplab yozuvchi, shoirlarning tashrifi bayramga aylanib ketadi. Yosh ijodkorlar uchun Prezidentimiz sovgʻa qilgan avtobusda qoʻshni ijod maktablariga borish ham oʻzgacha zavqli. Olisdagilari bilan esa onlayn konferensiyalar orqali uchrashish, doʻstona bellashish ham oʻziga xos ruhda oʻtadi.

Agentlikning respublika seminarida IT sohasida oʻquvchilar bilimini kengaytirish, ingliz tili va zargarlik sanʼatini oʻrgatish loyihasini taqdim qilgan maktab direktori Shohista opa Nurmatova oʻquvchilarni 7- sinfdan hunarga oʻrgatish masalasiga jiddiy yondashadi. Viloyatda yangi tashkil qilingan IT parkda maktabning 9 nafar oʻquvchisi bilim olyapti. Shuningdek, IT park oʻqituvchilari ijod maktabi kelib, master klasslar ham oʻtkazyapti. Zero, ijodkorlik faqat sheʼr yozish degani emas. Direktor oʻquvchilarining musiqa asboblarini chalishini bilishi, qoʻshiqlar ham kuylay olishini istaydi. Shanba – ijod kunida 10 ga yaqin musiqa asboblari sirlarini oʻrganayotgan havaskorlarga endi raqs, ashula, maqom sanʼati ham oʻrgatiladi. Bu borada shahar madaniyat boʻlimi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Yaqinda vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlar ijro etadigan xor guruhi ham tashkil etilishi rejalashtirilyapti.

Bunday sharoitda kundan-kunga yangi iqtidorlar kashf etiladi. Prezidentimiz 2019-yilda mazkur maktabga tashrifi chogʻida Muhammad Yusuf izdoshlariga qarab “Sizlar — mening oltin xazinamsiz”, degani bejiz emas.

Darvoqe, maktabda nafaqat ijodkorlik, balki chindan-da oltin xazinaga aylangudek hunarlar ham oʻrgatilmoqda. Hozircha mavjud imkoniyatlardan foydalanib ish yuritilayotgan ustaxonada 6-7 sinf oʻquvchilarining zargarlik buyumlarini yasay olayotganlariga birdaniga ishongimiz kelmadi. Ularning oʻta nozik harakatlari, ustozining topshiriqlarini toʻgʻri bajarayotganlarini kuzatib, chindan ham “oltin xazina” deyishga arzirli yoshlar ekaniga guvoh boʻldik. Qolaversa, rassomlik, dizayn, tikuvchilik, toʻgaraklarida vaqtini mazmunli oʻtkazayotgan, Muhammad Yusufning oʻquvchilikdagi partasida oʻtirishga muvaffaq boʻlayotgan oʻgʻil-qizlarga havas qildik.

Oʻynamaganni ham oʻynatadi

Yangraganida 7 yoshdan 70 yoshgacha qalblarni toʻlqinlantirib yuboradigan, tanaga joʻshqinlik, ruhga koʻtarinkilik beradigan kuylardan biri – “Andijon polkasi” yaralganiga qariyb 90 yildan oshdi. Oʻzbekiston xalq artisti Orif garmon Toshmatov mualliflik qilgan bu betakror kuyni ramziy maʼnoda “Andijonning madhiyasi” deyish mumkin. “Andijon polkasi” raqsining yigitlar variantini haqiqiy andijoncha yoʻlda yaratgan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Abdugʻaffor Qodirov, folklorshunos sanʼatkor Moʻminjon Abduvaliyevlarning aytishicha, oʻsha paytlarda hozirgi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻidagi raqs maydonida koʻp sanʼatkorlar, sozandalar muntazam yigʻilib turar ekan. Andijonlik yigitlar bu yerga kelib, raqs tushishar, qoʻshiq bazmlari ham boʻlarkan. Ularning oyoq tashlashlarini koʻp bor maroq bilan kuzatgan Orif garmon shular uchun bir musiqa yaratay, deb “Andijon polkasi”ni kashf qilgan.

Polkaning doira ritmini eslang-a, shaxdam qadam tovushlariga oʻxshaydi. Ha, andijonlik yigitlarning oyoqni yerdan uzmay qadam tashlashi ularning raqsdagi yoʻli, yaʼni oʻziga xos bir usulning paydo boʻlishiga turtki boʻlgan.

—1972-yilda “Andijon polkasi” ansambli tuzilgan. 1984-yili Ispaniyaga gastrolga borganmiz, — deydi Andijon tumani madaniyat boʻlimi madaniyat markazi badiiy rahbari Abdulaziz Yusupov. — 5-6 ming atrofida tomoshabin bor. Musiqa chalinib, sahnaga chiqqanimizdan boshlab, ohangga moslab gulduros qarsak chalina boshladi. 12 nafar yigit berilib oʻynayapmiz. Raqs rosa avjiga kelganida Rahimjon, Nosirjon degan yigitlarimiz maromidan ham oshirib yuborishdi. Tomoshabinlar oʻrinlaridan turib olqishlay boshladi. Raqs tugagach, rejissyor nimadir dediyu, tarjimon “yana takror tushasizlar”, deb bizni sahnaga qaytardi. Shundan keyin ham odamlar qoʻyib yuborgisi kelmagan. Ammo iloj yoʻq edi. Vaqt belgilangan. Bizdan soʻng argentinaliklar sahnaga chiqishi kerak. 24 ta davlatning folklor ansambllari kelishgan. Polkamizning kuchini, sirini boshqa millatlarga ham kuchli taʼsirini oʻshanda chuqur his qilganmiz.

Shu oʻrinda “Andijon polkasi”ni “Bahor” raqs ansamblining goʻzal raqqosalari ham 80dan ziyod davlatga tanitgani, raqs oʻsha davlatlarning barchasida yuksak eʼtirof etilganini aytish joiz.

Sevimli kuy oʻziga xos shiddati, professionalligi bilan dunyo xalqlari eʼtiborini torta olgan. Hozirda “Andijon polkasi”ning koʻplab koʻrinishlari yaratilgan. Bu usulda qoʻshiqlar ham kuylandi. Ammo musiqaning ilk namunasi hech qachon oʻz ahamiyati, betakrorligini yoʻqotmaydi. Zero, “Andijon polkasi”ga birinchi marta yakkaxon raqs tushib, uni butun yurtimizga namoyon qilgan Tolibjon Qodirov bugun 72 yoshda ham raqqoslikda chapani yigitlarni dogʻda qoldirib kelyapti.

Bugun Andijondagi barcha madaniyat markazlarida “Andijon polkasi” jamoalari faoliyat yurityapti. Fidoyi, tajribali ustoz Abdugʻaffor Qodirovning oʻgʻillari Abduqahhor, Abduvohid, Abdulhakim, Mirzobeklarning ota izidan borganlari ham yosh avlodning iqboli. Zero, andijonchasiga aytganda, ular polkaga oʻynashni eshib qoʻyadilar. Bundan tashqari, Rahimjon, Nosirjon, Shoyatbek, Shavkatbek kabi chapani yigitlarni ham shoʻx musiqaning asl egalari, deyish mumkin.

Aytgandek, yaqindagina viloyat boʻylab “Andijon polkasi” festivali boʻlib oʻtdi. Gʻoliblik bayrogʻi Paxtaobodlik mohir raqqoslarga nasib etdi. Quvonarlisi shundaki, bugun oʻlmas maʼnaviy meroslarimizning avloddan-avlodga oʻtib, yana-da qadr topayotgani, ularni keyingi avlodlarga ham shu holida yetkazishga davlat siyosati darajasida qaralayotganidir. Ayni paytda bunga har bir andijonlik ham guvoh boʻlmoqda. Ular yangi Oʻzbekistonning yangi tarixi zarhal varaqlariga eng ezgu amallarni muhrlashga intilayotir.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri