“Yaqin yillargacha uyimizga mehmon kelsa uyalar edik”

    Qish kelsa qaltirab, yoz kelsa kuyinib yashardik. Endi boshimiz baland, mehmon kelsa asfalt yoʻldan kuzatamiz, tomosha qiladigan bogʻlarimiz ham bor.

    Bahrom Egamberdiyev “Gʻalaba” MFY raisi boʻlganiga hali koʻp boʻlmabdi. Lekin uning tashabbuslari, aytgan ishini qilishi, qatʼiyati allaqachon odamlarda mahalladagi islohotlarga ishonch uygʻotgan.

    Bundan uch-toʻrt yil oldin xalq tilida “barak” deb ataladigan ikki qavatli uylar oldidan oʻtib, mahalla idorasi tomon borar ekanmiz, rais bobo bizga oldingi manzarani taʼriflab beradi:

    – Bu uylarda yashash azob edi. Hojatxona hovlida, hamma uchun umumiy boʻlardi. Atrofni qoʻlansa hid tutib ketardi. Ichimlik suv yoʻq edi. Odamlarning esa kasaldan boshi chiqmasdi. Bugun “barak” uylar butkul ajib qiyofa kasb etgan. Atrof orasta, gullar, daraxtlar barq urib oʻsyapti. Har bir uyda ichimlik suv bor.

    Mayin koʻklam shamoli dalalarning sarin iforini yoyadi. Asfalt yoʻl va mahalla idorasi devori oʻrtasidagi tashlandiq yerni agʻdarib, ajriq oʻtlarni terayotgan bir opa va ikki yigit eʼtiborimizni tortdi.

    – Bu yer kimniki?

    – Odatda yoʻl chetidagi yerlar qarovsiz yotardi. Yaqinda raisimiz tashabbus koʻrsatib, shu yerlardan ham foydalaninglar, baribir boʻsh yotibdi, deb qoldi. Bizga maʼqul keldi. Beda ekmoqchimiz. Ham yoʻl boʻyi chiroyli koʻrinib turadi, ham sigirlarimiz uchun qishga zaxira yigʻamiz.

    Shularni aytib bergan Pardagul Shayzoqova bizning muxbir ekanimizni bilgach, yana-da joʻshib gapira boshladi:

    – Yaqin yillargacha uyimizga mehmon kelsa uyalar edik. Mehmon mahallamizdan oʻtib uyga yetib olguncha, soʻng uni to katta yoʻlga kuzatib qoʻyguncha boshimiz xam boʻlardi. Qish kelsa qaltirab, yoz kelsa kuyinib yashardik. Endi boshimiz baland, mehmon kelsa asfalt yoʻldan kuzatamiz, tomosha qiladigan bogʻlarimiz ham bor.

    – “Gʻalaba” mahallasidagi 2 300 ta oilada 6 500 ga yaqin aholi yashaydi. Har kuni erta tongdan koʻchalarni aylanamiz, odamlar holidan xabar olamiz, muammolarni oʻrganamiz, – deydi Bahrom Egamberdiyev. – 2018-yili boshlangan “Obod qishloq” dasturi bilan 18 ga yaqin ishlab chiqarish korxonasi ochildi, 2 ta yirik tikuv sexi ishga tushdi. Bugungi kunda shifer ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan, spirt, yogʻ-moy zavodlari ish boshlash arafasida. 11 ta koʻp qavatli, 206 ta hovli uy qurildi. Elektr tarmoqlari, gaz tortildi. “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarimiz bilan tizimli ishlayapmiz. Dastlab 80 ayolni daftarga kiritgan edik.

    Ularga chorva, parranda kreditlari ajratdik, kasbga oʻqitib, tikuvchilik bilan shugʻullanishi uchun sharoit yaratyapmiz. Qizlarimiz goʻzallik salonlari ochyapti. Yaqinda bir guruh ishsiz xotin-qizlarimizga tikuv mashinasi sovgʻa qilindi. Bu ham daromad manbai. Kelib rahmatini aytib ketyapti. Kredit olishga ham toʻsiq yoʻq. Ayniqsa, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dagi yoki tadbirkorlik bilan shugʻullanaman, deb borgan odamlarga hech qiyinchiliksiz kredit berilyapti. Mahallamizda “Yoshlar daftari”ga kirgan 131 yigit-qizning 15 nafariga 50 sotixdan yer berdik, 4 nafariga chorva krediti ajratdik, 17 nafarini kasb-hunarga oʻqityapmiz, 28 nafari esa ish bilan taʼminlandi.