Energiya va energiya resurslari har qanday mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini taʼminlaydigan, uning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti darajasi va aholisi farovonligini belgilaydigan omillardan biri hisoblanadi. Soha mutaxassislari va olimlarning maʼlumotlariga koʻra, dunyoda aniqlangan mavjud tabiiy yoqilgʻi-energiya resurslari (tabiiy gaz, neft) 60-150-yil ishlatishga yetadi. Shu sababli, koʻplab davlatlarda energiya xavfsizligini taʼminlash va energiya samaradorligini oshirish siyosati qoʻllanmoqda.
Bugun yangi Oʻzbekiston energetika tizimida ham mamlakat energiya xavfsizligini taʼminlash, energiya samaradorligini oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya bilan taʼminlash borasida ulkan loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning energiya sigʻimini yanada qisqartirish, mahsulot tannarxini kamaytirish va “yashil energetika” siyosatini amalga oshirish, yaʼni qayta tiklanadigan energiya manbalaridan, jumladan, quyosh, shamol va suv energiyasidan foydalanishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bunda ikkita vazifani hal etish orqali iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash nazarda tutilmoqda. Birinchidan, qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan keng foydalanish orqali yoqilgʻi muvozanatini diversifikatsiya qilish, yaʼni anʼanaviy yoqilgʻi turlarini qayta tiklanadigan energiya turlariga almashtirish hisobiga tabiiy yoqilgʻilar (tabiiy gaz, koʻmir)ning elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarishdagi hissasini kamaytirish eʼtiborga olingan.
Ikkinchidan, iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarishning energiya sigʻimini qisqartirish hamda sanoat hududlarining ekologik holatini yaxshilash vazifalari belgilab berilgan. Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan biri boʻlgan quyosh energiyasi amaliyotda yaxshi oʻzlashtirilgan.
Sababi, quyosh energiyasi biologik va ekologik xavfsiz, qayta tiklanadigan energiya boʻlib, uni fanda maʼlum boʻlgan usullar asosida issiqlik va elektr energiyasiga oson aylantirish hamda undan turli maqsadlarda samarali foylalanish mumkin.
Tuganmas energiya manbai
Quyosh energiyasidan foydalanishga oid baʼzi maʼlumotlarga toʻxtalamiz. U juda katta energiya manbaiga ega boʻlib, nuri Yerga 8 daqiqada yetib keladi. Quyosh nurlanish energiyasining Yer sirtidagi zichligi 150 dan 250 kilovatt/m2 yoki yiliga 1300-2200 kilovatt soat/m2 ni tashkil qiladi. Quyosh energiyasi taʼsirida insoniyat, oʻsimlik va hayvonot dunyosi uchun qulay iqlim yaratiladi. Bundan tashqari, sayyoramizdagi barcha turdagi energiya resurslari quyosh energiyasining hosilasi hisoblanadi va insoniyat uchun xizmat qiladi.
Soʻnggi yillarda fanda erishilgan yutuqlar, olimlar va konstruktorlar tomonidan yaratilgan koʻplab yangiliklar natijasida quyosh energiyasidan foydalanish boʻyicha zamonaviy texnologiya va qurilmalar hayotga faol tatbiq etila boshladi. Dunyoda keyingi yillarda quyosh energiyasidan foydalanish boʻyicha Germaniya, Ispaniya, Yaponiya yetakchilik qilmoqda.
Maʼlumki, Kipr davlatida aholi jon boshiga 0,8 kvadrat metr, Avstriyada 0,6 kvadrat metr, Isroilda esa 0,57 kvadrat metr quyosh paneli toʻgʻri keladi. Yurtimizda bir yilda quyoshli kunlar 300-320 kunni tashkil etadi, yaʼni oʻrtacha 3000-3200 soatgacha quyosh energiyasidan foydalanish imkoniyati mavjud.
Baʼzi ilmiy asoslangan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda bir yilda yerning bir kvadrat metr sirtiga oʻrtacha 1600 kilovat soat quyosh energiyasi tushadi. Bu koʻrsatkich Yevropa mamlakatlarida, masalan, Yekaterinburg shahri (Rossiya)da 1044 kilovat soatni tashkil etadi. Agar zamonaviy foto elektrik stansiyalar orqali ushbu quyosh energiya sining 15 foizi elektr energiyasiga aylantirilsa, mamlakatimizda bir kvadrat metr quyosh paneli orqali yiliga 200-240 kilovatt soat, Yekaterinburgda esa 157 kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish mumkin.
Oʻzbekiston iqlim sharoitida yozgi davrda 1 megavatt elektr quvvati olish uchun 6000 kvadrat metr quyosh panellarini oʻrnatish talab qilinsa, Yekterinburg shahri sharoitida esa 12000 kvadrat metr yuzali quyosh panellari kerak boʻladi. Demak, bundan anglash mumkinki, yurtimizning janubiy hududida quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi uchun xarajat ham ikki barobargacha kam boʻladi. Umuman, barcha turdagi quyosh qurilmalari mamlakatimiz hududida yuqori samara bilan ishlaydi.
Islohot va imkoniyat
Mamlakatimizda mavjud qayta tiklanadigan energiya manbalari salohiyatini hisobga olgan holda, “yashil iqtisodiyot” mexanizmlarini joriy etish orqali hududlarda tabiiy yoqilgʻi-energiya resurslaridan oqilona foydalanish jarayoni va ekologik vaziyat nazorat qilinmoqda. Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2017-yil 26-maydagi “2017-2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi, 2017-yil 8-noyabrdagi “Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlarida bir necha vazifalar belgilangan. Shunga muvofiq, iqtisodiyotda energiya va resurs xarajatini kamaytirish, energiya tejamkorligini keng joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish kabi ustuvor yoʻnalishlarda keng qamrovli ishlar bajarildi.
Yurtimizda “yashil energetika”ni rivojlantirishga qaratilgan qator davlat dasturlari amalga oshirildi. Jumladan, Navoiy viloyatida ishga tushirilgan, quvvati 100 megavatt boʻlgan zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasini olaylik. Nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan ushbu stansiya yiliga 252 million kilovatt soat toza elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir boʻlib, natijada 80 million kub metr tabiiy gazni tejash, atrof-muhitga 160 ming tonna zararli issiqxona gazi tarqalishining oldini olish imkonini beradi.
Mutaxassislarning fikricha, yurtimizda ana shunday noyob quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish hisobiga jami 600 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bu mamlakatimizda jami energiyaga boʻlgan talabdan 8 barobar koʻp degani.
Yuksalish pillapoyasi
Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida ham yaqin istiqbolda milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash bilan bir qatorda “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foiz oshirish va havoga chiqariladigan zararli gaz miqdorini 20 foiz kamaytirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilangan.
Shu maqsadda yirik quvvatli quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda va gidroenergetikani yanada rivojlantirish davom etmoqda. Bu boradagi islohotlar mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining energiya sigʻimini, ishlab chiqarish tannarxini yanada kamaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish kabi muhim vazifalarni hal etishga qaratilgan.
Prezidentimiz bu yil 24-fevral kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida ekologik toza, quvvati 100 megavatt boʻlgan shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshi qoʻydi. 108 million dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga barpo etiladigan ushbu energetik inshootning yillik quvvati 360 million kilovatt soat boʻlib, loyiha natijasida 110 mingta xonadonni qoʻshimcha elektr energiyasi bilan taʼminlash bilan birga, yiliga 106 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida 2026-yilga borib, mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish koʻrsatkichini qoʻshimcha 30 milliard kilovatt soatga oshirib, jami 100 milliard kilovatt soatga yetkazish, elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini jadal rivojlantirish uchun zamonaviy “yashil” va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash belgilangan.
Shuningdek, taraqqiyot strategiyasida kamida 8 ta shamol elektr stansiyasini qurish hisobiga 4 gigavatt qoʻshimcha quvvat manbai yaratish, quyosh fotoelektr stansiyalar quvvatini 4 gigavattga yetkazish maqsadida kamida 10 ta fotoelektr quyosh stansiyasini ishga tushirish, 15 ta yangi gidroelektr stansiyasini qurish va 5 ta mavjud gidroelektr stansiyasini modernizatsiya qilish hisobiga yiliga qoʻshimcha 868 megavatt elektr energiyasini ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Yaqin yillarda Samarqand viloyatida 100 megavatt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi, Buxoro, Jizzax, Namangan, Xorazm, Surxondaryo va Qashqadaryoda umumiy quvvati 2100 megavatt boʻlgan 9 ta quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Taʼlim taraqqiyotga yetaklaydi
Energetikaga doir islohotlarning ahamiyatini inobatga oladigan boʻlsak, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash qanchalik dolzarb ekanini vaqtning oʻzi koʻrsatmoqda. Energetika sohasida, xususan, qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash vazifasi oliy taʼlim muassasalari zimmasida.
Mamlakatimizning “yashil energetika” sohasida rivojlanish istiqbollarini inobatga olgan holda, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida soha boʻyicha yuqori malakali, zamon talablariga javob bera oladigan, har tomonlama yetuk mutaxassislar tayyorlash bosh vazifa etib belgilangan. Bu boʻyicha institutimizda muayyan ishlar bajarildi.
Jumladan, muqobil energiya manbalari taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bakalavrlar va gidroelektr stansiyalar mutaxassisligi boʻyicha magistrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari ixtisosligi boʻyicha doktorantura faoliyat boshladi. 2020-yilda muqobil energiya manbalari tayanch kafedrasi, 2021-yilda “Energiya tejamkorlik va muqobil energiya manbalari” ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
Markaz tarkibidagi “Muqobil energiya manbalari” oʻquv-ilmiy poligonida 100 kvadrat metr foydali maydonga ega boʻlgan quyosh issiqxonasi, quyosh havo qizdirish qurilmalari, eksperimental quyosh uyi, biomassadan muqobil yoqilgʻi olish uchun piroliz va biogaz qurilmalari, mini shamol va quyosh elektr stansiyasi, quyosh suv qizdirish qurilmalari hamda quvvati uch kilovatt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi oʻrnatilgan. Ushbu qurilmalarda talabalar va yosh olimlar uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish imkoniyati mavjud.
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida qayta tiklanadigan energetika sohasida “bakalavr — magistratura — doktorantura — kafedra” va “bakalavr — magistratura — ilmiy-tadqiqot markazi” tizimi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi uchun “yashil energetika” texnologiyasini samarali joriy etish mamlakatning energiya xavfsizligini taʼminlaydi, mahsulotlar tannarxida tabiiy energiya resurslari xarajatlarini kamaytiradi va ekologik vaziyatni yaxshilaydi.
Bir soʻz bilan aytganda, amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar milliy iqtisodiyotimizni yuksaltirish va xalqimiz farovonligini yanada oshirish uchun xizmat qiladi.









