“Yashil taraqqiyot” orzusi “yashil” iqtisodiyotsiz roʻyobga chiqmaydi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 28-yanvar sonida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Mamayunus Pardayevning “Yashil taraqqiyot” orzusi “yashil” iqtisodiyotsiz roʻyobga chiqmaydi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Bugungi globallashuv va integratsiyalashuv jarayonida dunyoda sodir boʻlayotgan murakkab geosiyosiy vaziyat, energiya va suv resurslarining taqchilligi, ehtiyojning oshib borishi natijasida vujudga kelgan oziq-ovqat xavfsizligi masalasi, iqtisodiy-ijtimoiy hayotdagi keskin oʻzgarishlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni izchil davom ettirishni talab qilmoqda.

    Prezidentimiz oʻtgan yili 20-dekabrdagi Murojaatnomasida ushbu masalaga toʻxtalib, jumladan, bunday dedi: “Koʻp yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani ham ayni haqiqat. Oqibatda tizimda aniq hisob-kitob yoʻqligi, katta yoʻqotishlar oddiy holga aylanib qolgan edi”.

    Shu yilning yanvar oyida mamlakatimizga kirib kelgan sovuq havo oqimi sharoitida davlatimiz rahbari qayd etgan kamchiliklar yaqqol koʻrindi. Ushbu qisqa vaqtda xalqimiz gʻoyat murakkab va sinovli davrni boshdan kechirdi. Bundan buyon elektr va gaz tarmoqlarini rivojlantirish ishlarini bevosita “yashil” iqtisodiyot talabidan kelib chiqib bajarish zarurati kundek ravshanlashdi.

    Mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotiga har bir yoʻnalish boʻyicha chuqur oʻylangan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, sarflanadigan investitsiya mablagʻini toʻgʻri va aniq manzilli ishlatish orqali mashaqqatli, jasoratli va halol mehnat bilan erishiladi. Ushbu masalalarni hal qilish boʻyicha Prezidentimiz oltita yoʻnalishni belgilab berdi.

    Mazkur yoʻnalishlarning beshinchisida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish masalasi koʻzda tutilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun “Tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrofmuhitni toza tutish kelgusi yilda har bir mahalla aholisining madaniyati hamda amaliy harakatiga aylanishi kerak. Bu borada mavjud vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirish uchun ekologiya va atrof-muhitni asrash boʻyicha saʼy-harakatlarimizni, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarimizni kuchaytiramiz”, dedi davlatimiz rahbari.

    Demak, 2023-yilda mamlakatimizdagi har bir mahalla aholisining madaniyati hamda amaliy harakati “yashil” iqtisodiyotni shakllantirishga qaratiladi. Jarayondan biror kishi chetda qolmaydi. “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish gʻoyasi kecha yoki bugun paydo boʻlgan emas. Prezidentimiz 2021-yili Koreya Respublikasida oʻtkazilgan “Yashil oʻsish va global maqsadlar uchun hamkorlik — 2030” (P4G) ikkinchi xalqaro sammitidagi nutqida “Bugungi kunda ona tabiatning oʻzi bizga yoʻllayotgan ogohlik qoʻngʻirogʻiga beparvo boʻlmasligimiz kerak. Afsuski, iqlim oʻzgarishlari tobora kuchayib bormoqda. Biz yashayotgan Markaziy Osiyoda soʻnggi 30 yilda oʻrtacha yillik harorat taxminan bir darajaga koʻtarildi.

    Mintaqamizdagi asosiy daryolarning havzasi va biologik xilma-xillikning qisqarib borayotgani jiddiy xavotir uygʻotmoqda. Bugʻlanish darajasini oshiradigan gazlar va atmosferaning keng miqyosda ifloslanishi muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Bugungi kunda “yashil taraqqiyot” borasidagi maqsadlarga erishish uchun mamlakatlarning harakatlari yanada faol va samarali boʻlishi kerakligiga hech kim shubha qilmayapti. Boshqa choramiz ham yoʻq”, deb taʼkidladi.

    Prezidentimiz aytgan “yashil taraqqiyot”ga erishish uchun “yashil” iqtisodiyotga oʻtishimiz va uni rivojlantirishimiz talab etilmoqda. Shu tufayli mamlakatimizda “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi belgilab berildi. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 4-oktyabrdagi qaroriga binoan, 2019-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi tasdiqlandi.

    Ushbu strategiya boʻyicha qilinadigan asosiy ishlardan biri iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishdan iborat. Mazkur vazifalardan kelib chiqib, Prezidentimiz Murojaatnomada alohida taʼkidladi: “Umuman, kelgusi uch yilda barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari oʻrnatiladi. Ushbu maqsadlarda 2 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilinadi.

    Buning hisobidan ularning 60 foiz elektr va gaz isteʼmoli “yashil energiya”ga oʻtkaziladi. Aholi xonadonlarida esa quyosh paneli oʻrnatishga ajratiladigan subsidiyalar hajmi 2 barobar koʻpaytiriladi. Umuman, “yashil energiya”ga tezroq oʻtmasak, bu borada qonunlarimizda ham aniq mexanizmlarni belgilamasak, aholimiz va tadbirkorlarimizni rozi qila olmaymiz”.

    Bunga erishish uchun mavjud texnologiyalarni modernizatsiya qilish, moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish va nazoratni kuchaytirish lozim boʻladi, albatta. Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida asosiy yoʻnalishlardan biri “yashil” iqtisodiyotni shakllantirish va rivojlantirishga bagʻishlangan. Uni amalga oshirish natijasida issiqxona gazining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmasi 2010-yildagiga nisbatan 10 foiz qisqartiriladi.

    Bunday ishlardan tejalishi tufayli aholiga yetkazib beriladigan gaz hajmi oshadi. Mazkur strategiyaning amalga oshirilishi natijasida “100 foizgacha aholi va iqtisodiyot tarmoqlari zamonaviy arzon va ishonchli energiyadan foydalanish imkoniyati bilan taʼminlanadi. Bundan tashqari, ekologik jihatdan yaxshilangan motor yoqilgʻisi va avtomobillar ishlab chiqarish, ulardan foydalanish kengaytiriladi, elektr transporti rivojlantiriladi”.

    Zotan, mamlakatimiz kelajagi “yashil” iqtisodiyotni shakllantirishga bevosita bogʻliq. “Yashil” iqtisodiyot iqtisodiy tizim boʻlib, asosiy maqsadi sayyoramizning ekologiyasini saqlab qolish bilan birga iqtisodiyotning barcha sohalarini faol omillar evaziga rivojlantirishga qaratilgan. U inson hayoti va sogʻligʻi uchun zarur boʻlgan resurslarni, atrof-muhit va ekologiyani yaxlit holatda saqlab qolib, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari bilan bogʻliq iqtisodiyotni yanada rivojlantirishga asoslangan faoliyatning yangi yoʻnalishidir.

    Bu jarayonda qator chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi oldimizda turibdi. Birinchidan, aholining ehtiyojini qondirib, farovonligi, yashash darajasi va sifatini oshirish uchun moddiy neʼmatlarni yaratishni barqaror ravishda ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazmasdan koʻpaytirib borish davr talabidir. Bu oʻrinda asosiy eʼtibor iqtisodiyotda energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratiladi.

    Ikkinchidan, ishlab chiqarish va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun energiya resurslari, shubhasiz, kerak. Bu quvvatni qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobidan koʻpaytirish, jamoat transportini ham elektr quvvati bilan yuradiganlariga almashtirish, energiyani tejaydigan binolarni barpo qilish kabi yoʻnalishlarda ish olib borish koʻzda tutiladi. Iqlim va ekologiya barqarorligiga imkon beruvchi mustahkam iqtisodiy taraqqiyotga erishish choralarini koʻrish ham muhim vazifalar sirasiga kiradi.

    Uchinchidan, atrof-muhitga zararli gaz chiqarmaydigan, aksincha, asrab-avaylaydigan, ekologik bezarar texnologiyalarni yaratish orqali tabiiy mahsulotlarni yetishtirish masalasiga ham alohida ahamiyat berish lozim. Bunda texnologik modernizatsiyalash va moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish orqali iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yoʻllarini ishlab chiqish zarurati mavjud. Davlat investitsiyalari va xarajatlarining asosiy yoʻnalishlariga ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan “yashil” mezonlarni kiritish ham maqsadga muvofiq.

    Toʻrtinchidan, tabiatdagi barcha resurslar cheklangan bir pallada insoniyatning ehtiyoji cheksizligini inobatga olib, mahsulotlarni ishlab chiqarish koʻlamini tabiiy resurslarni kamaytirmasdan kengaytirish, Orolboʻyidagi ekologik inqirozning salbiy taʼsirini yumshatish choralarini koʻrish ham dolzarb masalalar sirasiga kiradi.

    Beshinchidan, aholining muttasil oʻsayotgan ehtiyojini qondirish uchun qancha, qanday, kimga va qaysi hududga moʻljallab ishlab chiqarish masalasiga atrof-muhitni asragan holda katta ahamiyat beriladi. Ushbu sohada davlat tomonidan ragʻbatlantirish mexanizmlari, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni faollashtirish maqsadga muvofiq.

    Oltinchidan, “yashil” iqtisodiyot sohasida yuqori samaradorlikka erishish uchun xorijiy davlatlar bilan ikki va koʻp tomonlama shartnomalar tuzish orqali xalqaro hamkorlikni mustahkamlash mumkin. Bu jarayonda “yashil” iqtisodiyotni takomillashtirish boʻyicha tajribalar bilan oʻrtoqlashiladi. Shu sohaga yoʻnaltiriladigan maqsadli investitsiyalarni jalb qilish masalalari ilgari suriladi.

    Yettinchidan, “yashil” iqtisodiyotni shakllantirish va uni rivojlantirish uchun shu sohani yuritadigan kadrlarni ham shakllantirish maqsadga muvofiq. Mazkur yoʻnalish boʻyicha taʼlimga investitsiya kiritishni ragʻbatlantirish, chet elning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish orqali “yashil” iqtisodiyotdagi mehnat bozoriga zarur kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish mumkin. “Yashil” iqtisodiyot inson, tabiat va iqtisodiyotning oʻzaro uygʻun va barqaror rivojlanishini taʼminlovchi muhim yoʻnalish ekanini keng jamoatchilik eʼtirof etmoqda.

    Zotan, u tufayli biror maqsadga erishish yoʻlida ikkinchi manba yoʻqotilmaydi. Masalan, uy quraman, deb daraxtlar ayovsiz kesib tashlanmaydi. Texnologiyalarni koʻpaytirish havo atmosferasini zaharli gaz bilan toʻldirish evaziga amalga oshirilmaydi. Bu yoʻl mamlakatimizning barqaror taraqqiyotga erishish maqsadlariga ham mos keladi.