Muallif haqida bilganlarim: Franko Kardini oʻrta asrdagi salb yurishlari, xristianlik va islom oʻrtasidagi maʼlum ziddiyatlar toʻgʻrisida koʻplab tadqiqot maqolalar yozgan. Uning tarix mavzusidagi har bir chiqishi oddiy oʻquvchilar bilan birga, mutaxassislarda ham jiddiy qiziqish uygʻotadi. Uning fikricha, tarixshunoslar “oʻrta asrlar” deb nomlagan – Rim imperiyasining qulashi va Amerika qitʼasining kashf etilishi orasidagi bu davr haqida shu choqqacha jild-jild tadqiqotlar yaratilgan boʻlsa-da, hali-hanuz koʻp sir-sinoatlar ochiqlanmagan. Aniqrogʻi, eʼtirof etilmagan. Shu maʼnoda, olim va publitsist Kardinining “Oʻrta asrlarni oʻrganuvchilar uchun yoʻriqnoma” asari Gʻarb uchun ham, Sharq uchun ham gʻoyat muhim ahamiyat kasb etgan. Eʼtiborimni tortgan narsa – gazetada eʼlon qilingan maqolaning koʻp joylari kechikkan mantiqiy tazarruga, mardona tan olishga oʻxshab ketadi.

Muallif oʻrta asrlar voqea-hodisalariga doir sogʻlom mantiqqa hamisha ham toʻgʻri kelavermaydigan tahlillarni butunlay rad etmagani holda, oʻtmish tarixning bu gʻoyat murakkab boʻlagi xususidagi mustaqil fikrlarini boshqa tadqiqotchilardan farqli oʻlaroq, ilmiy jurʼat bilan oshkora bayon qiladi, bahs-munozara tugʻilishidan, fikri kimlargadir yoqmasligidan choʻchimaydi. Shu bois, Italiyada “Boburnoma” asari chop etilishi munosabati bilan yozilgan “Soʻz sanʼatiga mehr qoʻygan buyuk hukmdor” maqolasida buni yaqqol koʻrish mumkin.

Gap shundaki, Gʻarb dunyosi uzoq vaqt Sharqning beqiyos ilmiy salohiyati, Gʻarb tamadduni rivojiga qoʻshgan hissasi, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarini oʻta past darajada baholab keldi, ulardan favqulodda samarali foydalansa-da, “shira”sini har kuni, har daqiqada soʻrib turgan boʻlsa-da, noxolis yoʻl tutdi. Gʻarblik daho ijodkorlar biz tomonga havas va muhabbat bilan qaraganlari, shogird maqomida daho allomalarimiz etaklarini tutganlari holda, ilmiy tadqiqotchilar, siyosatdonlar nomaqbul nuqtayi nazarlarini uzoq vaqt oʻzgartirmadi. Kardini buni juda ochiq, sharqona aytganda, mardlarcha eʼtirof etadi: Biz – “Gʻarb ahli”ning dunyodagi boshqa xalqlar madaniyati oldidagi qarzimiz, soʻzsiz, nihoyatda katta: biz oʻzgalarning yurtiga bostirib kirganmiz, ularning mol-mulkini talon-toroj qilganmiz, oʻzimizga boʻysundirganmiz... Bu borada isbot talab etmaydigan bir haqiqatni taʼkidlash kerak: bizning oʻzga xalqlar molu davlatini tortib olishdan ham, ularni ozodligidan, hayotidan mahrum qilishdan ham koʻra shafqatsizroq kirdikorlarimiz boʻlgan. Yaʼni bizdan boshqacha fikrlagani, boshqacha yashagani uchun gʻayri millat va elatlarni mensimasdan, ularga “past” toifa deb qarab kelganimiz sir emas... Oʻzga xalqlarning ilm-fan, sanʼat, goʻzallik borasidagi qadriyatlarini biz hech vaqt, hatto yaqin-yaqinlargacha ham nazar-pisand qilmaganmiz. Bizni faqatgina ularning moddiy boyliklarini qoʻlga kiritish qiziqtirardi. Biz hatto oʻz jinoyatlarimizni tezroq yashirish va oʻzimizni oqlash uchun “tarixi yoʻq xalqlar” degan soxta tushunchani oʻylab topdik... Mana endi kalavaning uchini yoʻqotgach, biz nadomat ila iqror boʻlyapmizki, agar oʻzga xalqlarning hayoti va tafakkur tarzini oʻz vaqtida anglaganimizda edi, biz oʻzimizni nafaqat jinoiy qilmishlar va suiisteʼmolchilik illatidan himoya qilgan, balki barcha toʻsiq va gʻovlar oʻz mohiyatini yoʻqotgan bugungi zamonda (garchi bir vaqtlar sodir etgan adolatsiz ishlarimiz sababli koʻnglimizda noxush xotiralar qolgan boʻlsa ham) ular bilan birga yashashimizni osonlashtirgan boʻlardik”.

Bu iqrorlarni hayajonsiz, ayni chogʻda, buyuk bir iftixorsiz oʻqib boʻlmaydi. Aytsa, tan olsa boʻlarkan-ku! Tarixning tantiligi bor: sodir etilgan hech bir sir, masalan, necha ming yil avval dono Kleopatra davrida gʻanimlar malika yotoqxonasining oldida bir-birlarining quloqlariga nimalar deb shivirlashganigacha oshkor boʻlmay qolmaydi.

Kardini chuqur mushohadali olim va publitsist sifatida oʻtmish tarixning mutlaqo oʻzgarmaydigan chin haqiqatlariga suyanib yozadi bu satrlarni. Ammo u bu borada birinchilardan emas.

Bugun Buyuk Britaniya taxtiga oʻtirgan Karl Sh 1993-yili Oksford universiteti qoshidagi Islom tadqiqotlar markazida soʻzlagan mashhur “Islom va Gʻarb” mavzusidagi nutqida muqaddas dinimizning maʼrifiy asoslari, dunyo tamadduniga qoʻshgan buyuk hissasini hurmat va ehtirom bilan tilga oladi. “Islom tabiati haqida bizda tarqalgan tushunmovchiliklar bilan birga, Gʻarb madaniyati, sivilizatsiyamiz islom dunyosi oldida qanchalar qarzdor ekanini yaxshi bilmaymiz, — deydi u. — Menimcha, bunga sabab bizga meros boʻlib qolgan tarixdir. Oʻrta asrlarda islom dunyosi Markaziy Osiyodan Atlantika okeani sohillarigacha olimu fuzalolari bilan ravnaq topgan maʼrifiy dunyo edi. Biroq, biz islomni Gʻarbning dushmani, gʻanim va begona madaniyat, jamiyat va eʼtiqod tizimi sifatida koʻrishga intilganimiz bois, bu dinning tariximizga koʻrsatgan taʼsirini unutib qoʻydik. Misol uchun, sakkizinchi va oʻn beshinchi asrlar oraligʻida Ispaniyada mavjud boʻlgan islomiy jamiyat (Andaluziya) va uning yuksak madaniyati (Ovrupo uchun) naqadar muhim boʻlganini hamisha kamsitib kelganmiz. Musulmon Ispaniyaning inkvizitsiya davrida yunon klassik taʼlimotini saqlab qolgani, keyinchalik Renessans davrining ravnaq topishiga xizmat qilgani allaqachon tan olingan edi... Musulmon Ispaniya qadim Yunon va Rim madaniyatining zehniy merosini asrab qolgani barobarida, mazkur bilimlarni qayta izohlab, yanada rivojlantirib, butun dunyoga tarqatib, insoniyat bilimining astronomiya, matematika, algebra, qonunshunoslik, tarix, tibbiyot, farmokologiya, optika, ziroat, ilohiyot, musiqa kabi aksariyat sohalariga oʻzining muhim hissasini qoʻshdi. Britaniyada qirol Alfred taomlarni toʻgʻri tanovul qilish toʻgʻrisida islohotlar oʻtkazayotgan bir paytda, musulmon Ispaniyada kitoblarni abonement boʻyicha olish yoʻlga qoʻyilgan kutubxonalar mavjud edi. Ispaniya musulmonlari qogʻoz ishlab chiqarish mahoratini Xitoydan toʻrt yuz yil avval oʻrganib olgandilar. Bugun oʻzidan benihoya faxrlanayotgan Ovruponing koʻp xislatlari bevosita Ispaniyadan oʻzlashtirilgani sir emas...”.

Andaluziyada musulmonlar erishgan muvaffaqiyatlar xususida soʻz ketganda, boshqa ilmiy-maʼrifiy manbalarga ham murojaat etish lozim boʻladi. Chunonchi, mashhur maʼrifatparvar olim Ismoilbek Gasprinskiy qalamiga mansub “Dorur-rohat musulmonlari” asarida Islomning Gʻarb madaniyati va, umuman, dunyoviy ilm-fan taraqqiyotiga qoʻshgan bemisl hissasi aniq koʻrsatib berilgan: “Islom ahli qoʻlga kiritgan Andaluz oʻlkasi qanchalar barokatli va xush havo boʻlishiga qaramay, aholining behunar, madaniyatsizligidan mamlakat xarob va tap-taqir edi. Asari madaniyat va zako oʻlaroq, har tarafga yoʻllar, koʻpriklar qurildi. Yoʻllarda chashmalar, qirlarga ariq va quvurlar chiqarilib, suv boʻylarida minglab tegirmonlar, fabrikalar, qishloq va shaharlar bunyod etildi. Sahrolar bogʻu bogʻchalarga, taqir qirlar ekinlik va boʻstonlik yerlariga aylandi”.

Amerikalik olim Draber oʻzining “Yevropada aqliy taraqqiyot tarixi” kitobida: “Yevropaning bugungi ulugʻ ziyosi musulmonlar yoqqan shamʼ va chiroqlarning yogʻdusidan maydonga kelgandir”, deb yozgan ekan. Gasprinskiy bu fikrni davom ettirib, “Yunon madaniyati Ovrupodan avval Islom dunyosiga yoyildi, musulmonlar uni taraqqiy ettirib, nuqsonlarini kamaytirib, Ovrupoga topshirdilar... Afsuski, XI asrdan boshlab zamon notinchliklari kuchayib bordi. Bir tomondan gʻaznaviy, saljuqiylarning mulk dagʻdagʻasi, ikkinchi tomondan Chingiz istilosi, uchinchi tomondan Quddusi sharif uchun boshlanib ketgan “salb yurishlari” islom olamini larzaga solib, ilmu hunar yoʻllarini buzdi. Lekin ilm-maorif nuri soʻnmadi, aksincha, dushmanlarga ham ziyo berib, munavvar qildi. Moʻgʻullarning katta qismi islom madaniyatini qabul etdilar, ovrupoliklar esa yuz yillik salb yurishlari davomida qanchadan-qancha sanʼat va hunarlarni oʻrganib qaytdilar. Islom madaniyati oʻchoqlari Bagʻdod, Sheroz, Nishopur, Samarqanddan tashqari, Afrika va Ispaniyada, yaʼni islom olamining deyarli barcha nuqtalarida mavjud boʻlib, bu yerlarda ilm-fan benihoya rivoj topdi”.

Muallif ushbu maʼlumotlarni keltirar ekan, har bir millat, xalqning buyukligi va quvvatliligi uning ilm va hunarni nechogʻli egallagani bilan oʻlchanishini taʼkidlaydi, “ilm va hunarga ega millat va xalq eng ulugʻ, eng buyuk xalqdir” deydi.

XVI–XVII asrlarda rivojlangan, moʻmay daromadga ega qator Yevropa davlatlari ayni shu davrda iqtisodiy jihatdan tanazzulga yuz tutgan Sharq mamlakatlari tomon bosqinchilik, talonchilik yurishlarini boshlaydi. Koʻplab mamlakatlarning xalqlari kolonizatorlarning zulmi ostida qoladi, asrlar davomida toʻplangan moddiy-maʼnaviy boyliklar talon-taroj qilinadi, zulm va zoʻravonlik kuchayadi. Missionerlar bu yurishlarni oqlashga jon-jahdlari bilan urinadilar, ammo Yevropa jamiyatining ilgʻor qismi, xususan, ijodkor ziyolilar oʻz vatandoshlarining bu qilmishlarini ochiq-oydin qoralaydi. Natijada Yevropa adabiyotida oʻziga xos publitsistik oqim yuzaga keladi – yozuvchilar oʻz asarlarida bosqinchilarning zulmi ostida qolgan xalqlarga xos boʻlgan ezgu fazilatlarni qalamga ola boshlaydi. Bu oqimning faol vakili boʻlgan Volterning Sharq mavzuidagi dramalari, “Fors maktublari” fikrimizga dalil boʻla oladi.

Bu davrning harbiy, siyosiy, iqtisodiy talotoʻplari mohiyatini toʻgʻri anglash va toʻgʻri xulosaga kelishda ijtimoiy publitsistika ruhida yozilgan asarlar muhim ahamiyat kasb etadi. Buni Fitratning “Sharq siyosati” risolasida yaqqol koʻrish mumkin. “Afriqogʻa kirgan musulmonlar Amriqo va Afriqoni bosqon madaniy ovrupolilardek yerli xalqni bitirmak uchun tirishmadilar, – deb yozadi Fitrat. – Unlargʻa madaniyat berdilar. Amriqogʻa qoʻnoq boʻlub kirgan Ovrupo madaniylari Amriqo yerli xalqini bitirayozdilar, buni bilmagʻan yoʻqdir. Afriqoni bosib olgʻan Ovrupo jahongirlari u yerdagi qora xalqni oʻlat kabi oʻldirib turalar. Holbuki, musulmonlar Afriqoning Jazoir, Tunis, Fas (Markaziy Afrika) kabi oʻrinlarini olgʻach, u yerlarni taraqqiy etdurdilar, xalqini tinchlanturdilar, ulardan buyuk odamlar yetushdirdilar. Sharq oʻzining tarixi, siyosati, hunari, insofi, adolati, axloqi va xidmatu eʼtiborlari bilan uncha yuksalmish, u qadar taraqqiy etmish edikim, tasavvuri ham bizning miyalarimizga sigʻmaydur. Sharq madaniy yirtgʻuchi emas edi. Vahshiy emas edi. Boshqalarning xaqlarini olmas edi. Sharq bashariyatning yuksalishi uchun tirishar edi. Sharq madaniyat oʻchogʻi, insof beshigi, axloq maktabi, bilim madrasasi edi. Biz, sharqliklar, bashariyatga qilgʻan xidmatlarimiz uchun bu kungi qonli Ovrupogʻa qarshi yaxshigʻina maxtana olurmiz. Biz, sharqliklar, madaniyat yoʻlinda tutdigimiz xidmatdarda davom etganda bukun bashariyat dunyosini koʻb yuksak mavqeʼlarda koʻrmak mumkin edi. Negaki, Sharq bilim, hunar yoʻlinda Ovrupo jahongirlari oʻrtoq qoni(n) ichmak, orqadosh uyin talamoq uchun emas, insonlik dunyosini yuksaltirmoq uchun tirishar edi.

Yozuqlar, esizlarkim, Sharq oʻz yoʻlinda davom eta olmadi, madaniyat tarixining eng buyuk va eng tugal qoidalarindan biri shudir: bir ulus tirikchiligining har toʻgʻrisinda yuksalib, taraqqiy qilib tinchlansa, biror yoqda kuchliroq biron biri koʻrinmasa, oʻlkasi kengayib, oqchasi koʻpaysa, ul ulusning bora-bora axloqi buzular, totligʻi yoʻldan chiqa boshlar. Biz, sharqliklar, dahi tinchlik va rohat soʻnginda buzulib qoldiq, yoʻldan ozdik, ezgu tilaklarimizni unuta boshladik. Bilim va hunardan yuz qaytardik, birlik va axloqdan ayrilduk, oqchagʻa berilduk, oqchagʻa sotilduk... Sharqning butun ishlari ongsiz beklar, tushunchasiz xonlar, miyasiz mullalar, bilimsiz eshonlarning qoʻligʻa oʻtdi. Bunlar Sharqning butun tuzuk va intizomini buzub yubordilar. Xonlar oʻz qorinlarini toʻydirmoq uchun xalqni bir-biri bilan urushtirdilar, mamlakatning jonli va muhim oʻrunlarini sotdilar, mullalar oʻz istavlarigʻa “din” otini toqib bozorgʻa chiqardilar, din, tangri, paygʻambar, uchmox va tamugʻ orqali Sharq xalqini talay boshladilar. Sharqning taraqqiy yoʻli koʻmuldi. Saodat va tinchlik eshiklari bogʻlandi, saodatning eng yuksak tepasiga chiqqan Sharq yoʻqsullikning eng teran chuqurigʻa tushdi”

“Sharq siyosati”da Ovrupaliklarning Sharqqa tomon bosqinchilik, talonchilik yurishlari zamiridagi maʼnaviy axloqsizlik, insoniy xudbinlik juda chuqur ochib beriladi, bu yurishlarni soxta madaniy libosga oʻrash orqali tarixni chalgʻitish harakatlari ayovsiz fosh etiladi: “Ovrupa jahongirlarining Sharq sari yurishlari boshqalarning qonini toʻkub, oʻz qursoqlarini toʻldurmoq, oʻzgalarning uyini yondirib, oʻz qozonlarini qaynatmoq uchun edi. Lekin unlar tilaklarini ulusgʻa bildirmas edilar. “Sharq xalqi vahshiydir, ularni madaniylashdurmak uchun borarmiz”, “Sharq xalqi bilimsizdir, unlargʻa bilim tarqatmoq uchun borarmiz”, “Sharq xalqini xoch buyruqlarigʻa boʻysundirmak uchun borarmiz”, deb oʻz ishchi va dehqonlarini aldab, bizim ustimizga yuborur edilar”.

Janob Kardinining “Sharq siyosati”dan xabari bormi, “Dorur-rohat musulmonlari”ni oʻqiganmi-yoʻqmi, buni aniq aytish qiyin, ammo uning Sharq xususidagi mardona eʼtirofi har jihatdan ehtiromga loyiq.

Ahmadjon MELIBOYEV,

Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist.