Yil davomida 6,8 mln iste'molchining huquqlari buzilgan va etkazilgan zarar miqdori 150 mlrd so'mdan ortiq

    O'zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurash qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan 2021 yilda iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar yakunlari bo'yicha sarhisob qilindi.

    Agentlik xodimlari tomonidan 26249 nafar fuqaroga (2020 yilda – 21 ming murojaat) iste'molchilar bilan bog'liq masalalarni hal etishda yordam ko'rsatilib, 84 foiz holatda ijobiy natijaga erishildi. Kelib tushgan murojaatlarni o'rganish natijasida 6 million 800 ming nafardan ortiq respublika fuqarolarining iste'molchilik huquq va manfaatlari tiklandi.

    Tahlillar shuni ko'rsatadiki, iste'molchi muammolarining yarmidan ko'pi, ya'ni murojaatlarning 51,5 foizi uy-joy kommunal, transport xizmatlari, 23,4 foizi savdo, 14,8 foizi mobil` aloqa va ineternet, bank ishi, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 10,2 foizi reklama va boshqa masalalar hissasiga to'g'ri keladi.

    2021 yilda o'tkazilgan o'rganishlar davomida 6,8 milliondan ortiq fuqaroga nisbatan (taqqoslash uchun: 2020 yilda 4 million iste'molchi) iste'molchilar huquqlarining buzilishi aniqlangan.

    Natijada o'tgan yil davomida iste'molchilarga etkazilgan zarar miqdori 150 milliard so'mdan ortiqni tashkil etdi (2020 yilda esa 54,7 milliard so'm.) Murojaatlarni hal etish jarayonida iste'molchilar foydasiga 106,9 mlrd so'm (71 foizi) miqdorida qayta hisob-kitoblar amalga oshirildi.Fuqarolarning huquqlarini buzgan shaxslar tomonidan 13,7 million so'm jarima to'langan.

    Iste'molchilarga savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 2,7 milliard so'm miqdorida mablag' qayta hisob-kitob qilindi. Agentlik ko'magida 384 nafar iste'molchi tomonidan jami 2,8 mlrd so'mlik turli xil tovarlar (avtomobil`, mototransport, maishiy texnika, qurilish materiallari, kiyim-poyabzal va boshqa iste'mol tovarlari) qaytarildi yoki almashtirib berildi.

    Aholining kommunal sohadagi mavjud muammolarini tizimli va tezkor ko'rib chiqish maqsadida har bir xizmat ko'rsatuvchi takshilotda iste'molchilarni qabul qilish tashkil etildi. Bunda, tasdiqlangan grafiklar asosida 2021 yil avgust oyidan boshlab joylardagi gaz, elektr, suv, issiqlik ta'minoti va maishiy chiqindi tashish korxonalarida fuqarolar qabulini o'tkazish yo'lga qo'yildi. Xususan, 16 avgust – 28 dekabrga qadar hududlardagi kommunal tashkilotlarga kelgan 3 960 nafar iste'molchining murojaati joyida ko'rib chiqilib, 59,7 foizi joyida hal qilingan, qolganlariga tegishli huquqiy tushuntirishlar berilib, atroflicha o'rganish uchun qabul qilindi. Bunday amaliyot aholining kommunal xizmat ko'rsatish sohasidagi dolzarb muammolarini tezkorlik bilan hal etishga xizmat qilmoqda.

    NORMATIV HUQUQIY BAZANI TAKOMILLASHTIRISH

    102 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarining iste'molchilarga ta'siri baholandi, tegishli xulosa va takliflar berildi hamda amaldagi 40 ta hujjat xatlovdan o'tkazildi.SHuningdek, Agentlik tomonidan tovarlarni narzorat xaridini o'tkazish va ekspertizadan o'tkazish, farmatsevtika mahsulotlarini xarid qilishni tartibga soluvchi, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarning iste'molchilarga ta'sirini baholashni tartibga soluvchi 14 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi tayyorlandi. Mazkur hujjat loyihalariga ko'ra, ijara, lizing, ipoteka, iste'mol krediti va sug'urta munosabatlarida iste'molchilar huquqlari himoyasini yanada mustahkamlash maqsadida 5 ta qonunga qo'shimcha va o'zgartirish kiritish bo'yicha takliflar tayyorlandi

    Masalan, yo'lovchilar va transport vositalari harakati xavfsizligini ta'minlash transport kompaniyalarining yo'lovchilar oldidagi asosiy vazifalaridan biridir. Agentlik tomonidan poytaxt metropoliteni yo'lovchilarining huquqlarini himoya qilish borasida olib borilgan ishlar natijalariga ko'ra, qonunchiligimizda (O'zbekiston Respublikasining “Shahar yo'lovchilar transporti to'g'risida”gi Qonundan tashqari. Ammo mazkur qonunda ham metropolitenda yo'lovchi tashishning barcha jihatlari qamrab olinmagan) yo'lovchilarni bevosita metropolitenda tashish bilan bog'liq munosabatlarni tartibga soluvchi me'yoriy-huquqiy hujjatlar mavjud emasligi ma'lum bo'ldi. Shuningdek, temir yo'l, havo va avtomobil` transportida yo'lovchilar, bagaj va yuklarni tashish qoidalari mamlakatimiz qonunosti hujjatlari bilan aniq tartibga solingan.

    Agentlik tomonidan rivojlangan xorijiy davlatlarning bu boradagi ilg'or tajribasi, metro vagonida va eskalatordan foydalanish qoidalarini tartibga soluvchi me'yoriy hujjatlar, yo'lovchilar xavfsizligi, bagaj, qo'l yukini tashish va saqlash tartibi, yuklarni joylashtirish, transport vositalarini tashish va tashish hamda savdo, xizmat reklamalarini joylashtirish qoidalari o'rganildi. Mazkur tahlil asosida Agentlik O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga metropolitenda iste'molchilarning huquqlari va xavfsizligini to'liq ta'minlash bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha o'z takliflarini kiritdi.

    Agentlik matbuot xizmati