Yil davomida ixtisoslashgan markazlarda qanday yangi amaliyotlar yo‘lga qo‘yiladi?

    2023-yilda yurtimizdagi ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida 200 turdagi, viloyat darajasida 370 turdagi, tuman darajasida 150 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari joriy qilinadi.

    Xususan, SSV Ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Z. Sayfutdinovning ta’kidlashicha:

    Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ilk bor yurak transplantasiyasi dasturi bo‘yicha 2 nafar bemorda sun’iy chap qorincha (LVAB) implantasiyasi o‘tkaziladi.

    Travmatologiya va ortopediya markazida yirik bo‘g‘imlarni endoprotezlash amaliyotiga robot jarrohligi joriy etiladi.

    Hududlarda yangi 15 turdagi artroskopik va endoskopik amaliyotlar yo‘lga qo‘yiladi.

    Oftalmologiya yo‘nalishida Qoraqalpog‘istonda to‘r parda kasalliklarida ilk bor 60 nafar bemorda vitrektomiya, Namanganda 120 yurtdoshimizda gavhar xastaliklarida katarakta fako-emulsifikasiya jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Samarqandda 20 kishida glaukoma lazer yordamida davolanadi.

    Urologiya yo‘nalishi bo‘yicha barcha hududiy filiallarda yangi 8 turdagi transuretral va perkutan jarrohlik operasiyalari amaliyotga tatbiq etiladi.

    Ixtisoslashgan tibbiyot markazlari ilmiy salohiyati hozirgi 42,6 foizdan 45,5 foizga oshiriladi.

    Yil davomida 81 ta nomzodlik (PhD) va 33 ta doktorlik dissertasiyalari himoya qilinib, 28 ta ixtiro uchun patentlar olinishi rejalashtirilgan.

    Markazlar “mahallabay” ishlash tizimi orqali jami 145 ming nafar aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.

    Malakali tor soha mutaxassislari ko‘magida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida ishlovchi 2 ming nafar shifokor o‘z ish joylarida seminar-treninglar yordamida, 3 ming nafari masofadan turib onlayn malaka oshiradi.