Eʼtibor bering-a, chaqaloqqa kulib boqsangiz va yana “oʻzining tili”da bir nimalarni chugʻurlab qoʻysangiz, qiqir-qiqir kulib beradi. Agar yuzaki munosabatda boʻlsangiz, sizdan uzoqlashadi. Zero, bolaning koʻngliga yoʻl topish uchun bola boʻlish kerak. Kichkintoylar oʻzlarining qalbiga yoʻl topgan insonlarga yaqinlashib, ularni qadrlashadi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Yodgora Ziyomuhammedova ham jajji multfilmsevarlar hamda yosh tomoshabinlarning koʻngliga yoʻl topa olgan sanʼatkorlardan. 20 yildan ziyod bolalar uchun “Oqshom ertaklari” koʻrsatuvini olib borgan aktrisaning dublyajdagi shirali ovozi, teatrdagi yorqin rollari uning gʻoyat bolajon ekanini namoyon qiladi.

Xalqaro bolalar kuni arafasida salkam yetmishni qarshilayotgan, Oʻzbekistonning yagona travesti (teatrdagi amplua, yosh bolalar rolini oʻynashga ixtisoslashgan) aktrisasi bilan hamsuhbat boʻlishni niyat qilgandik. Opa bilan Yosh tomoshabinlar teatrida uchrashdik.

— Faoliyatingiz bolalar hayoti bilan chambarchas bogʻliq. Bolalar shoiri, yozuvchisi boʻlish oson emasligini koʻpchilik bilmaydi. Bu sizning kasbingizga ham daxldor. Bola boʻlib gavdalanish uchun sahnada va sahna ortida qanday mashaqqatlarni zimmangizga olasiz?

 Darhaqiqat, bolalar spektakllarida rol oʻynash osondek koʻrinadi. Bolalar aktyori, aktrisasida Yaratganning oʻzi yuqtirgan isteʼdod boshqa teatr aktyorlarinikidan kuchli boʻlmasa, begʻubor yuraklarga yoʻl topib boʻlmaydi. Hatto ayrimlar bizni mayda-chuyda jonivorlar rollarini oʻynab yuradigan artistlar-da, deyishadi. Bundan koʻnglimiz ogʻriydi. Chunki bizga berilgan har bitta obraz — oʻzimiz uchun qadrli qahramon. Biz bolani chinakamiga oʻsha obrazga aylanganimizga ishontira olishimiz kerak. Zero, bolalarni aldab boʻlmaydi. Bu esa juda katta mahorat, kuch talab qiladi aktyordan. Dublyajda ham shunday - har bitta obrazga kirib ketish, bolalarcha zavqu shavqqa berilish talab qilinadi. Qahramon kulsa kulib, yigʻlasa yigʻlashingiz kerak. Bu borada ovozlari xalqning yuragidan joy olgan ustozlarim Hamza Umarov, Omon Abdurazzoqov, Arsen Fayzullayevdan katta saboq olganman.

— Qunduz boboning qissalarini yomon koʻradigan bola boʻlmasa kerak. Hatto aksariyat kattalar ham uni sevib tomosha qiladilarFilmlar turkumida sizning ovozingiz alohida oʻrin tutadi. Bugun bolalarimiz zamonaviy multfilmlar tomoshasiga zoʻr berayotgan bir paytda shu kabi sodda, samimiy va yana milliy multfilmlarimiz ne chogʻli zarur?

— Qayerga uchrashuvga bormay, shu qissadan bir parcha aytib bering, deyishadi. Shunda faxrlanib ketaman. Aslida ustozim Mukambar Rahimova sababli dublyaj olamiga kirib qolganman. U kishi oʻzi yetaklab borgan meni. Yosh tomoshabinlar teatrida ishlasam-da, multfilmlarga ovoz berishni juda orzu qilar edim. Chunki multfilmda teatrda oʻynay olmagan rollaringizni oʻynab yuborasiz, yana-da begʻubor boʻlib, bolalarcha maza qilasiz. Milliy ertaklarimizdan “Susambil” multfilm qilindi. Shunda xoʻrozga ovoz berdim. Rang-barangligi, ajoyib qoʻshiqlari bilan bolalarga yoqadigan multfilm boʻldi. Aslida oʻzbek xalq ertaklaridan juda chiroyli mulfilmlar yaraladi. Farzandlarimizda ham aniq tasavvurlar paydo boʻladi. Xususan, “Alpomish”ni koʻrgan bolalar keyinchalik adabiyot darsligidagi shu dostonni oʻzlashtirishga qiynalmaydilar.

“Qunduz boboning qissalari”ga keladigan boʻlsak, rahmatli ustozimiz Kamoliddin aka Usmonov bir kuni “Yodgora, men 53 qismli fransuz multseriali ustida ishlayapman, bir ovoz berib koʻrmaysanmi, agar ovozing tushsa, dublyajga olaman”, dedi. Mayli, dedim. Qissadagi qunduzchalardan biri — Oʻtkirtishga ovoz berib koʻrdim. Dublyaj muvaffaqiyatli boʻldi, koʻpchilikka maʼqul keldi. Chunki Qunduz boboning har bir qissasi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Masalan, qissalardan birida oʻzini goʻzal, jozibadorman deya xas-xashaklarni kamsitgan pufakchaning “paq” etib yorilib ketishi bolalarni maqtanchoqlikka berilmaslikka chaqiradi. Sichqonlarning nikoh toʻyi haqidagi qissa ham bolalarga xos emasdek tuyulsa-da, hozirgi zamonaviy multfilmlardan farqli oʻlaroq, juda samimiy. Unda shamol, quyosh, bulut obrazlari yordamida kamtarlik fazilati yorqin ochib beriladi, bolalarga xos boʻlmagan sevgi haqidagi ochiq-oydin tushunchalar uchramaydi.

Bundan tashqari, bugungi aksariyat multfilmlarda jangarilik, asabiylashish holatlari borligi va bolalarimiz koʻproq shularni sevib tomosha qilayotgani tashvishga soladi kishini. Shu maʼnoda aynan milliy boʻlmasa-da, tarbiyaviy ahamiyati yuksak mulfilmlar bolalarimiz maʼnaviyatini boyitish, ularda vatanga muhabbat uygʻotishda muhim omil boʻladi, deb oʻylayman.

 Bolaligingizda yoqtirgan ertaklaringiz, multfilmlaringiz haqida gapirsangiz. Ular hayotingizda qandaydir iz qoldirganmi?

— “Zumrad va Qimmat” ertagini nihoyatda yaxshi koʻrganman va hozir ham sevib tomosha qilaman. Yosh tomoshabinlar teatrida dastlab Zumradni, keyin Qimmat rolini oʻynay boshladim. Qimmatning salbiy xislatlarini ochib berishga shu qadar kirishib ketganimdan uni yomon koʻrib ketgan bolalar hatto oyoq kiyimlarini menga qarab otib yuborgan holatlar ham boʻlgan. Qimmatga nisbatan ularda kuchli nafrat uygʻotganimdan quvonardim. Shuningdek, oʻzim ota mehriga zor boʻlib oʻsganim uchun yetimlikdan hikoya qiluvchi filmlarni koʻrganimda, yuragim eziladi, ogʻir botadi qalbimga. Shunday boʻlsa-da, “Sen yetim emassan” filmida Vitya rolini oʻynaganman. “Qor malikasi”, “Oʻn ikki oy haqidagi ertak” – bularning hammasi yuragimizga yaqin edi. Bizni ezguliklarga yetaklagan ular.

— Ming-minglab bolalar qalbidan oʻrin olgan sanʼatkor, mehribon ona, sevimli buvijon sifatida bugun bola tarbiyasi bilan bogʻliq qanday tavsiyalar berasiz?

— Tarbiya – eng dolzarb masala. Bu borada, birinchi galda, men ota-onalarga bolani boʻsh qoʻymasligini aytgan boʻlar edim. Boʻsh qoʻymaslikda ham shunchaki emas, bolaning qiziqishidan kelib chiqish kerak. Afsuski, aksariyat ota-onalarda bir odat bor — bola arxitektorlikka qiziqib tursa, yurist boʻlasan, deydi. Yoki oʻqituvchilikka mehri tushib qolgan bolani shifokorlikka majburlaymiz. Bu notoʻgʻri. Bolani oʻzi qiziqqan kasb yoki hunarga yoʻnaltirish kerak. Bolani bogʻcha yoshidan ertaklar, badiiy asarlar oʻqishga, teatrga qiziqtirish hech qachon yomonlikka olib bormaydi. Oʻzim ham yetti nabiraning buvisiman. Oʻgʻlimning 2 farzandiga kitobning faloncha betini oʻqish topshirigʻini berib, oʻqib boʻlishgach, albatta, taassurotlarini soʻraymiz. Ular kitobdan olgan xulosalarini soʻzlab berishadi. Toʻgʻri-notoʻgʻri holatlarga oʻz munosabatlarini bildirishadi. Dunyoqarashlari kengayib boradi. Shu maʼnoda har qanday vaziyatda bolaning tarbiyasiga eng avvalo ota-ona javobgar, deb bilaman. Davlatimiz rahbari juda toʻgʻri taʼkidlaganidek, ilgari qoʻni-qoʻshnilar, butun mahalla bir bolaning yurish-turishidan ogoh boʻlgan. Mahalladoshlarimiz bilan shu jihatni saqlab qolishga harakat qilganmiz. Farzandlarimni mahalladagi yoshi ulugʻ ayollarni buvijon, erkaklarni esa bobojon deyishga odatlantirganman. Oʻzimni ham mahallada “buvijon”, deb hurmat qilishadi. Yosh onalar biron joyga ketayotib, “Buvijonisi, biron nojoʻya ish qilsa, koyib qoʻying, aslo xafa boʻlmayman”, deyishadi. Nazarimda, mahallalarda mana shu qadriyatlar yoʻqolib ketmasa, bolalarimizning tarbiyasidagi noqisliklar ham koʻpayib ketmaydi.

Shu oʻrinda buvijonlar rolini ijro eta boshlaganimni aytib oʻtmoqchiman. Xususan, yaqinda “Otalar soʻzi — aqlning koʻzi” koʻrsatuvida buvi rolini oʻynadim. Nasib qilsa, Yaratgan yana qancha umr berishidan qatʼi nazar, shu yurt, shu yangi Oʻzbekistonning baxtiyor bolalari qalbiga quvonch ulashishga oʻz hissamni qoʻshaveraman. Ming shukrki, yurtimiz tinch, farzandlarimiz teatru tomoshalarga emin-erkin borish baxtiga muyassar. Qaysidir davlatlarda bolalarning bolaligi yoʻq. Boshpanasiz, och qolib, xoru zor boʻlib yurishibdi axir. Ularning oʻy-xayoli bugunini tinch va toʻq oʻtkazish bilan band. Bizda esa bolalar oʻzlarining begʻubor olamida, bolalikni his qilib yashayapti. Ilohim, koʻz tegmasin!

Teatrdan chiqar ekanmiz, sanʼat va madaniyatimizning Yodgora opa singari chinakam fidoyilari ertamiz egalarining iqboli ekaniga yana bir bor amin boʻldik. 70 yoshida ham kasbiga sadoqati soʻnmay, jismida bolalarcha kuch-gʻayrati boʻlgan bu kabi insonlarga har qancha tahsin aytsak kam, degan xulosaga keldik.

Yangi Oʻzbekiston muxbiri

Munojat MOʻMINOVA suhbatlashdi