Keyingi paytda jahon bozorida neft, paxta, gaz va elektr energiyasi narxi pasayib, oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib boryapti. Xususan, oʻsimlik yogʻi narxi oʻrtacha 20-25-foiz oʻsgan. Koʻplab davlatlar un, don, guruch, kartoshka kabi yogʻ-moy mahsulotlarini eksport qilishga cheklovlar oʻrnatgan.
Umuman olganda, butun dunyoning baloyu ofatiga aylangan pandemiya oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligini yana bir bor koʻrsatib berdi. Binobarin, shunday vaziyat yuzaga kelishini oldindan koʻra bilgan davlatimiz rahbari oʻtgan yilning 29-aprelida va shundan keyin oʻtkazilgan qator videoselektor yigʻilishlarida pandemiya davrida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash, narx-navo barqarorligini saqlash boʻyicha dolzarb vazifalarni hal etish yoʻllarini belgilab bergan edi.
Aholini oʻsimlik yogʻi bilan taʼminlash muhim masalalar sirasiga kiradi. 2020-yil koʻklamida yogʻ-moy sanoatidagi quvvatlarning atigi 46 foizidan foydalanilgan, xomashyoning 90 foizini chigit tashkil qilgan. Shu bois, Yogʻ-moy sanoati korxonalari uyushmasi zimmasiga soya, maxsar, kungaboqar kabi moyli ekinlardan olinadigan mahsulotni 40 ming tonnaga yetkazish vazifasi qoʻyilgan edi.
Mana, oradan qariyb bir yil oʻtdi. Shu vaqt mobaynida bu borada qanday ishlar amalga oshirildi? Jalb etilayotgan investitsiyalar, joriy etilayotgan yangi ishlanmalar aholini yogʻ-moy mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash va narx-navo barqarorligini saqlashga qanday taʼsir koʻrsatyapti?
Hozirgi sharhda shu kabi masalalar xususida soʻz boradi.
Tizimning investitsiyaviy imkoniyatlari
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 16-yanvardagi “Yogʻ-moy tarmogʻini yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar va sohani boshqarishda bozor mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Yogʻ-moy sanoati korxonalari uyushmasi tashkil etildi. Ayni paytda uning tarkibida 240 dan ortiq yirik va kichik korxona mavjud, ular tomonidan 60 turdagi va 200 dan ortiq xildagi yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqariladi.
— Investitsiyaviy dastur doirasida tarmoqda 2021-yilda qariyb 300 milliard soʻm miqdorida sarmoya oʻzlashtirilishi, shundan 76,3 milliard soʻmi kafolatlanmagan xorijiy kreditlar hissasiga toʻgʻri kelishi moʻljallangan,- deydi uyushma raisi oʻrinbosari Qamariddin Serkayev. — Bu koʻrsatkichlar 2022-yilda 344,5 milliard soʻmni (shundan 86,7 milliard soʻmini kafolatlanmagan xorijiy kreditlar), 2023-yilda 386,1 milliard soʻmni (shundan 92,2 milliard soʻmi kafolatlanmagan xorijiy kreditlar)ni tashkil qiladi.
Tahlillar yirik korxonalar bilan bir qatorda ixcham quvvatlarning ham samaradorligini koʻrsatyapti. Uyushma mutaxassislari tomonidan yaratilgan moy ishlab chiqarish modul kichik sexi uning amaliy tasdigʻi. Hozirga qadar hech qayerda muqobili boʻlmagan bunday sexning har biri kuniga 5-10 tonna xomashyoni qayta ishlash quvvatiga ega. Kichik konteynerga joylashtirilgan ushbu sexga har qanday moyli mahsulotni tozalash, maydalash, sovuq usulda presslash, filtrlash, rafinatsiyalash va qadoqlash uskunalari oʻrnatilgan. Ularning 75-80 foizi mahalliylashtirilgan.
Ayni paytda modul sexlarga nainki yurtimizda, xorijda ham qiziqish ortib boryapti. Masalan, yaqinda afgʻonistonlik tadbirkorlar tomonidan uning 4 tasi xarid qilindi.
Bundan tashqari, tizim korxonalarida tish yuvish pastasi, oziq-ovqat emilsifikatorlari, atir sovun, oʻsimlik moyidan qattiq yogʻ ishlab chiqarish, soya va palma moyini qayta ishlash boʻyicha zamonaviy korxonalar barpo etish singari istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Soya yetishtirishga nega eʼtibor ortyapti?
Mamlakatimizda soya yetishtiriladigan maydonlar kengayib boryapti. Agar 2016-yilda 12 ming gektar yerda soya yetishtirilgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 57,1 ming gektarga yetdi, yaʼni 4 barobar oʻsish kuzatildi. Bu yil esa soyani 39 ming 617 gektar yerda asosiy ekin sifatida, 100 ming gektarda gʻoʻza qator orasiga ekish belgilangan.
Buning sababi soya ekish va uni qayta ishlash samaradorligi va manfaatdorligiga dehqonlar hamda ishlab chiqaruvchilar amalda amin boʻlib borayotgani bilan izohlanadi. Chunki bu ekin unchalik injiq emas, shoʻrxok yerlarda ham ildiz otaveradi. Donini qayta ishlash orqali yuzlab turdagi zarur oziq-ovqat va chorva yemishi olish, importni qisqartirish mumkin.
— Bir kilogramm soya donidan insonlar uchun 4 litr, buzoqlar uchun 8 litr sut tayyorlanadi, — deydi qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatova. — Undan hayvonlar beradigan barcha mahsulotlarni — sut, qatiq, tvorog, pishloq, goʻsht (qoʻy, mol, tovuq, gʻoz) mahsulotlarini olish mumkin. Aytish mumkinki, sigir boqishga imkoni va bogʻlab qoʻyishga joyi yoʻq oila soya donidan sut tayyorlab, oʻz oilasi ehtiyojlarini qondirishi choʻpchak emas.
Chorvachilikda ham hech bir ekin soya kabi koʻp ozuqa birligiga ega emas. U 100 kilogramm donida 138 ozuqa birligini saqlaydi, ushbu koʻrsatkich makkajoʻxori, beda va boshqa ekinlarda soyanikidan koʻra ancha past turadi. Hatto uning 100 kilogramm quruq poyasida 52 ozuqa birligi mavjud. Doni toʻyimligiga kelsak, biror ozuqa ekini undan ustunlik qila olmaydi.
Toʻgʻri, olimlarimiz soyaning ahamiyatini yaxshi bilishadi. Lekin yaqin paytga qadar unga ishlab chiqaruvchilar yot koʻz bilan qarab kelganligi bor gap.
— Ey, baraka topkurlar, — deb tushuntirishga tushardi olimlar, — har bir inson normal hayot kechirishi uchun bir kunda oʻrta hisobda 100 grammdan oqsil isteʼmol qilishi kerak. Uning kamida 50-55 foizi oʻsimlik oqsiliga toʻgʻri kelishi zarur. Rivojlangan davlatlarda mazkur ehtiyoj, asosan, soya uni (izoliyati) hisobiga qondiriladi. Chunki uning donida 52 foizgacha oqsil, 25 foizgacha moy, ularning tarkibida turli vitaminlar, somonida esa 4-5 foiz oqsil va 5 foizgacha yogʻ boʻladi...
Dehqonchilik, ishlab chiqarishga munosabatning oʻzgarishi odamlarning dunyoqarashi bilan bogʻliq. Buni oʻtgan yili Andijon viloyatida gʻoʻza qator oralarida soya yetishtirish chogʻida ham yaqqol koʻrdik. Eng avvavlo, qoʻsh ekin yetishtirish soya urugʻini chigit bilan bir paytda yerga qadashni taqozo etadi.
— Biz Andijonda soya urugʻini qadashga kirishganimizda dalada oʻsib turgan gʻoʻzaning boʻyi 15-17 santimetr atrofida edi, — deydi Dilorom Yormatova. — Bundan tashqari, gʻoʻzaning qator orasi kengligi ayrim maydonlarda 60 santimetr boʻlsa, boshqa birida 76 yoki 90 santimetr edi. Mutaxassislar bilan maslahatlashib, gʻoʻza eng kech ekilgan maydonlarni tanlab oldik. Dastavval, soya urugʻlari qoʻlda ekildi. Ammo andijonlik muhandis va fermerlar ishbilarmon emasmi, gʻoʻza qator orasi 76 va 90 santimetr boʻlgan sugʻorilgan maydonlarda texnika yordamida ham urugʻ qadashning uddasidan chiqishdi.
Sugʻorilmagan dalalarga ekish oldidan suv qoʻyish lozim edi. Bu tavsiya fermerlarga unchalik yoqmadi. Chunki ular gʻoʻza gʻovlab ketishidan choʻchishardi. Tushuntirish ishlarini koʻp va xoʻp olib borishga toʻgʻri keldi. Baribir, dalaning bosh tarafiga soya urugʻini ekib, lekin barcha maydonga ekdik, deb aslida oʻzlarini oʻzlarini aldagan fermerlar ham boʻldi...
Ishlab chiqaruvchilarning soya donini qayta ishlashga qiziqishi ham ana shunga oʻxshash evrilish jarayonlaridan oʻtishni taqozo etdi. Eng muhimi, ayni paytda barcha yogʻ-moy korxonalariga oʻrnatilgan zamonaviy texnologiyalar har qanday moyli ekinni qayta ishlash va ulardan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish salohiyatiga ega. Yangi joriy etilgan loyihalar esa xomashyoni yana-da chuqurroq ishlashga qaratilayotgani bilan ahamiyatli.
“Angren” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan, umumiy qiymati 19,3 million AQSH dollariga teng boʻlgan “Soya izoliyati ishlab chiqarishni tashkil qilish” loyihasini bunga misoldir. Ayni kunga qadar bu yerda 12 million dollar oʻzlashtirilgan. Korxona ishga tushgach, 70 foizgacha oqsil moddalari mavjud boʻlgan, goʻsht, sut, tuxum kabi mahsulotlar bilan tenglasha oladigan 10 ming tonna soya izoliyati ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi hamda yiliga oʻrtacha 25 million dollar qiymatidagi import oʻrni qoplanadi.
Korxonada nega aynan soya izoliyati ishlab chiqarishga alohida urgʻu berilyapti? Soya donidan moy, margarin, soya pishlogʻi, soya uni, qandolat va konserva mahsulotlari olinadi. Kolbasa mahsulotlariga esa 15-20 foizgacha soya izoliyati qoʻshiladi. Chunki soya uni oqsili mol goʻshtining oʻrnini bosadi va unga nisbatan 3-5 marotaba arzon turadi. Bugʻdoy uniga 8-10 foiz soya uni qoʻshib yopilgan non juda yumshoq va xushtaʼm boʻladi, ancha kun mobaynida oʻz holatini yoʻqotmaydi. Bu xomashyodan turli pishiriqlar, bolalar ovqatlari, pechenyelar, kofe va uning oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishda ham foydalaniladi. Sanoatda linoliumlar, eng sifatli va qimmatbaho mashina boʻyoqlari olinadi. Umuman olganda, soya oʻsimligining doni va oqsilidan toʻrt yuz xildan ziyod mahsulot tayyorlash mumkin.
Shu bois, Angrendagi “Soya izoliyati ishlab chiqarishni tashkil qilish” loyihasi doirasida ikkilamchi mahsulot sifatida yiliga 5 ming tonna soya teksturati tayyorlash mahalliylashtiriladi va soyani yogʻsizlantirish jarayonida yiliga 4 ming tonna atrofida toʻyinmagan yogʻ kislotalari, shuningdek, miqdori 80 foizdan oshadigan isteʼmol moyi va 200 tonnaga yaqin ozuqaviy letsitin olinishi yoʻlga quyiladi
Yana bir yirik loyiha Gʻuzor tumanida amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yili “Sanadian soy integrated production” qoʻshma korxonasi foydalanishdan chiqqan qir-adirliklardagi yerlarning 1700 gektariga soya ekkan boʻlsa, bu yil uni yana-da kengaytirishni moʻljallmoqda. Loyihada soya doni, poyasiyu bargini qayta ishlash asosiy oʻrin tutadi. Aholi uchun ekologik toza, sifatli soya moyi ajratib oladigan yogʻ zavodini qurishga olti million dollar, parrandachilik va chorvachilik uchun soya shroti, tabiiy organik oʻgʻit ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga esa qariyb oʻn million dollar yoʻnaltiradi. Tuproq unumdorligini oshirish yoki oʻsimlik oʻzidan sof azot qoldirishini koʻpaytirishda qoʻl keluvchi maxsus nitragin yoki rizotorfin shtammlarini ishlab chiqarish ham nazarda tutilmoqda. Umuman olganda, loyiha toʻliq ishga tushgach, 2730 ta yangi ish oʻrni vujudga kelishi kutilmoqda.
Narx-navoga doir maʼlumotlar
Oziq-ovqat mahsulotlarining arzon va yetarliligi xalq roziligining asosiy omillaridan biridir. Buni taʼminlash maqsadida soʻnggi 3 yilda mamlakatimizda oziq-ovqat, chorvachilik, meva-sabzavotchilik va qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlarini rivojlantirish uchun 28 trillion soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan. Birgina chorvachilik yoʻnalishida 11 trillion soʻmlik loyihalar amalga oshirildi. Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasining narx-navoga taʼsiri inobatga olinib, oʻtgan yil aprel oyidan boshlab asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importi bojxona toʻlovlaridan ozod qilingan.
Lekin shu kabi choralar koʻrilishiga qaramay, oʻtgan yilga kelib dunyo bozorida oʻsimlik yogʻi narxining oshishi 20 foizga ham yetmagan bir paytda, Markaziy bankning pul-kredit siyosati boʻyicha sharhida qayd etilishicha, yurtimizda yogʻ va moy mahsulotlarining narxi oʻrtacha 26,9 foiz oʻsgan.
Yogʻ-moy sanoat korxonalari uyushmasi maʼlumotlariga qaraganda, 2021-yilning yanvar-fevral oylari davomida mamlakatimizda oʻsimlik yogʻlari narxi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 17-18 foiz oshishi kuzatilgan. Keyingi paytda faqat paxta yogʻi narxining barqarorligi saqlanib turibdi. Xususan, Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining shu yil 15-19-martdagi kotirovkasida paxta yogʻining bir litri 11712 soʻmni tashkil etib, avvalgi haftadagiga nisbatan 0,3 foiz pasaydi.
Mamlakatimiz chigitni eksport qilmaydi. U, asosan, paxta yogʻi olishda ishlatiladi. Demak, ekin maydonlari qisqarganiga qaramay, uning hosildorligi qancha oshsa, chigit shuncha koʻpayadi va bu, oʻz navbatida, paxta yogʻi isteʼmol narxining barqarorligini taʼminlashga, chorva ozuqalari koʻpayishiga xizmat qiladi.
Keyingi oylarda ham dunyo bozorida aksar oziq-ovqat mahsulotlari kabi oʻsimlik yogʻi narxlarining oʻsishi kuzatilyapti. Yogʻ-moy sanoat korxonalari uyushmasi raisi oʻrinbosari Qamariddin Serkayevning taʼkilashicha, yurtimiz aholisining yogʻ-moyga boʻlgan ehtiyojining katta qismi import hisobiga qoplanadi. Bu esa narx-navo beqarorligiga katta taʼsir koʻrsatadi. 2019-yili Rossiyada 15 million tonnadan koʻproq moyli xomashyo yetishtirilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2020-yilda 12,5 million tonnani tashkil etdi. Shuning uchun Rossiya oʻz bozorini himoya qilish choralarini koʻryapti. Jumladan, 2021-yilning 9-yanvaridan 30-iyunigacha boʻlgan davrda Rossiya hukumati mamlakat tashqarisiga olib chiqiladigan kungaboqar va raps doniga eksport bojini 30 foizgacha oshirdi, uning pastki chegarasi bir tonna uchun 165 yevro etib belgilandi. Bungacha raps stavkasi bojxona qiymati 6,5 foizni tashkil etardi, ammo tonnasi uchun 11,4 yevrodan kam boʻlmagan, kungaboqar doni uchun 6,5 foizga toʻgʻri kelgan, lekin tonnasi uchun 9,75 yevrodan kam boʻlmagan.
Yurtimizga xomashyoning qimmat kirib kelishi pirovardida yogʻ-moy mahsulotlari narxi oshishiga olib keldi.
Mavjud muammolar qanday hal etiladi?
— Mamlakatimiz aholisining oʻsimlik moyiga boʻlgan yillik talabi 475 ming tonnani tashkil etgani holda, yogʻ-moy korxonalari tomonidan 259 ming tonna ishlab chiqarilmoqda, — deydi Qamariddin Serkayev. — Boshqacharoq qilib aytganda, talab mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 55 foizga taʼminlanmoqda, ikchi bozor ehtiyojining 45 foizi esa import hisobiga qoplanmoqda. Aslida quvvatlarimiz ehtiyojni qoplashga yetadi. Chunki, tarmoqda 425 ming tonna oʻsimlik moyi, 61 ming tonna margarin mahsulotlari va 105 ming tonna xoʻjalik sovuni ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
Lekin xomashyo bazasi chegaralangan.. Bu muammoni bartaraf etishning asosiy yoʻli bitta, u ham boʻlsa moyli ekinlar yetishtirishni koʻpaytirishdan iborat.Toʻgʻri, soʻnggi yillarda bu borada sezilarli darajada ishlar olib borildi. Misol uchun moyli ekinlar ekish respublikamizda 2019-yilda 72,2 ming gektarni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda 95,3 ming gektarga yetdi. Shunga qaramay, muammo toʻliq yechilini topmay kelayotgan edi.
Aytish mumkinki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yilning 4-martdagi “Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2021-yil hosili uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarini oqilona joylashtirish toʻgʻrisida”gi qarorida mavjud muammoni tubdan barham toptirish nazarda tutilgan.Chunki, unga muvofiq, joriy yilda 305 ming gektar maydonda moyli ekinlar yetishtiriladi. Bunda, hududlar boʻyicha asosiy ekin sifatida 125 ming gektar yerga soya, kungaboqar, kunjut va rasp urugʻi qadaladi. Jumladan, 39 ming 617 gektarda soya, 5 mingdan ortiqroq maydonda kungaboqar, 28 ming gektardan koʻproq yerga kunjut ekilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 100 ming gektar yerdagi gʻoʻza qator orasiga soya ekiladi, 21 ming 431 gektar lalmi maydonda moyli ekinlar – maxsar va zigʻir yetishtiriladi.Bu borada gʻalladan boʻshagan maydonlardan ham samarali foydalanish koʻzlanyapti. Jumladan, ikkinchi ekin sifatida 55 ming gektar maydonga kungaboqar va 3 ming 67 gektarga kunjut ekilishi belgilangan..
Shu bois hozirgi kunda barcha hududlarda moyli ekinlar turlarini yetishtirish hajmlarini keskin oshirish, uni yetishtirishda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash ehtiyoji yuzaga keldi. Maydonlar hajmini oshirish bilan bir qatorda, hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, zaytun oʻsimligini plantatsiya usulida yetishtirish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Shu maqsadda joriy yilda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 530 gektar yer ajratiladi.
Ushbu raqamlar ham koʻrsatib turibdiki, 2021-yilda ekilayotgan moyli ekinlar maydoni rekord koʻrsatkich hisoblanadi.
— Buning natijasida 400 ming tonnadan koʻproq xomashyo jamgʻariladi va uni qayta ishlash hisobiga qoʻshimcha ravishda ichki bozorga sifati yuqori oʻsimlik moyi va shrot yetkazib beriladi, — deydi Qamariddin Serkayev. — Bu import sifatida kirib kelayotgan yuqori qiymatli tayyor oʻsimlik moyi va chorva ozuqasi hajmining keskin qisqarishiga va narxlar barqarorligiga zamin yaratadi.
Yana qanday imkoniyatlar bor?
Insonning uzoq umr koʻrishi uchun sabzavot va poliz mahsulotlarini yetarli miqdorda isteʼmol qilish muhim ahamiyatga ega. Shu sababli meva, sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirish hajmlarini keskin oshirish hozirgi davrning ham eng dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Ovqatlarda vitaminlarning boʻlmasligi yoki yetishmasligi inson tanasida moddalar almashinuvi buzilishiga va avitaminoz bilan kasallanishga olib keladi. Shu sabab Prezidentimiz tashabbusi bilan paxta ekiladigan maydonlar hajmi yildan-yilga qisqartirilib, ushbu yer maydonlari meva, sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilmoqda. Bu – birinchidan, aholini vitaminga boy har xil meva-sabzavot mahsulotlari bilan taʼminlash imkonini bersa, ikkinchidan, yogʻ-moy sanoati uchun noanʼanaviy xomashyo yetkazib berishga xizmat qiladi.
Maʼlumki, respublikamizda hozirgi paytda 240 dan ortiq yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari faoliyat koʻrsatmoqda. Bugungi kunda ushbu korxonalarning asosiy xomashyosi paxta chigiti hisoblanib, yiliga oʻrtacha 1,2 million tonna texnik paxta chigiti qayta ishlanadi hamda 200 ming tonna atrofida paxta moyi ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, yiliga oʻrta hisobda 200-250 ming tonna soya va kungaboqar donlaridan 80 ming tonna atrofida oʻsimlik moyi aholi isteʼmoli uchun yetkazib berilmoqda.
Mamlakatimizga keltirilayotgan yogʻ-moy mahsulotlari hajmini kamaytirish maqsadida, ayni paytda, mavjud xom ashyo resurslaridan oqilona foydalanish imkoniyatlari qidirilmoqda. Tahlillarga koʻra, respublikamizda yiliga 1,75 million tonna uzum, 2,16 million tonna tomat (pomidor), 2,88 million tonna poliz mahsulotlari (1,05 million tonna qovun, 1,37 million tonna tarvuz, 0,44 million tonna qovoq), 2,76 million tonna meva (435 ming tonna oʻrik, 74 ming tonna anor va boshqa) yetishtirilmoqda. Bundan tashqari, fermerlar va dehqon xoʻjaliklari tomonidan har yili 20 ming tonna atrofida zigʻir, 15 ming tonna kunjut va boshqa moyli ekinlar xomashyosi tayyorlanadi. Konserva sanoatida katta miqdorda ikkilamchi xomashyo sifatida ishlatiladigan pomidor, anor, uzum urugʻlarining asosiy qismi bugungi kunda chorva va parrandachilik uchun ozuqa yem sifatida foydalanilmoqda, xolos.
— Respublikamizda mavjud tizimlar katta miqdordagi, asosan bir turdagi xomashyoni qayta ishlashga moʻljallangan boʻlib, ularda kam miqdordagi xomashyo (masalan, uzum, qovoq, qovun urugʻi)ni qayta ishlash imkoniyati mavjud emas, — deydi “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi matbuot kotibi Faxriddin Kalonov. — Bunday xomashyolarni qayta ishlash uchun esa ishlab chiqarish quvvati kichik (bir soatda bir necha kilogrammdan bir necha yuz kilogrammgacha) qurilmalarni yaratishni talab etadi.
Maʼlumki uzum, anor, qovun, tarvuz va qovoq kabi mahsulotlar urugʻlaridan olingan moylar oʻzining shifobaxshligi bilan ajralib turadi. Tarkibida 50 foizgacha inson organizmi uchun juda muhim boʻlgan yogʻ kislotalarining mavjudligi ularning boshqa moylarga nisbatan ustunligini koʻrsatadi.
Misol uchun mamlakatimizda oʻrikning yalpi hosil 435500 tonnani tashkil etadi. Shundan 75 ming tonnasi quritishga va 59 ming tonnasi natural holda eksportga yoʻnaltirilmoqda. Qolgan qismi (300 ming tonna atrofida) isteʼmolga yoʻnaltiriladi va uning 60 ming tonnasini (20 foizi) danak tashkil qiladi. Agarda 20 foiz oʻrik danagi moy ajratishga yoʻnaltirilsa, uning miqdori 12 ming tonnani hosil qiladi.
Oʻz xususiyatiga koʻra yongʻoq, yeryongʻoq, oʻrik danagi, kunjut, zigʻir va uzum urugʻlaridan sovuq usulda presslash yoʻli bilan moylar olinganda ular shifobaxsh hisoblanib, rafinatsiyalash jarayonini talab qilmaydi. Bu moylar organoleptik va fizik-kimyoviy koʻrsatkichlariga koʻra, odatda rafinatsiyalanmasdan turib isteʼmolga yaroqli hisoblanadi.
Hozirgi paytda rivojlangan mamlakatlarda ushbu shifobaxsh moylarga boʻlgan talab tobora oshib borayotganiga qaramay respublikamizda mazkur sohaga eʼtibor sustligicha qolmoqda.
Aslida tarmoqni rivojlantirish natijasida, birinchidan, isrof boʻlayotgan xom ashyolarni qayta ishlab, import hajmlarini maʼlum miqdorga qisqartirish bilan birga, shifobaxsh moylarni eksportga yoʻnaltirish imkoniyati paydo boʻladi. Ikkinchidan, oʻsimlik moyiga boʻlgan aholi talabining muayyan qismi oʻzi yetishtirgan xomashyo hisobidan qoplanadi. Uchinchidan, tarkibi oʻziga xos shifobaxsh xususiyatga ega boʻlgan moylarning ishlab chiqarilishi aholi salomatligini saqlashda, koʻplab kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi
Oʻzbekiston behisob neʼmatlarga boy oʻlka, ammo ulardan samarali foydalanishga, isrofgarchilikning oldini olishga kam eʼtibor qaratyapmiz. Yuqorida sanab oʻtilgan urugʻlarni isrof qilmasdan qayta ishlashga yoʻnaltirishning oʻzi yiliga 16-18 ming tonna shifobaxsh moylar ishlab chiqarishga zamin yaratadi..
Mutaxassislarning hisob-kitobicha, har yili qimmatli xom ashyolarni chiqindi sifatida tashlab yuborish tufayli oʻrtacha 250-300 million dollarlik mahsulotni ishlab chiqarish imkoniyati koʻkka sovurilmoqda. Ushbu muammoni hal etish maqsadida “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi tomonidan zaruriy choralar koʻrilmoqda. Jumladan, ushbu yoʻnalish boʻyicha investitsiya loyihalari ishlab chiqilib, meva danaklari va poliz mahsulotlari urugʻlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ammo tahlil va amaliy tajribalar bu muammoni bir idora doirasida oʻz yechimini topmasligigini koʻrsatyapti.
Abdurauf QORJOVOV,
iqtisodiy sharhlovchi